Hayot yo‘llarida yo‘ldosh, ustozlar!
Inson kamolotida uning qo‘liga ilk bor qalam tutqazgan, harf o‘rgatgan, ma’rifat va ziyo sari yetaklagan o‘qituvchi hamda murabbiylarning xizmati nechog‘li beqiyos ekaniga faoliyatim davomida ko‘p bora ishonch hosil qilganman.
Bir olam orzu-havas va teran nigoh bilan maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilarni ko‘rganda ustozlik naqadar mas’uliyatli va ayni paytda sharafli kasb ekanini dildan his etaman.
Xalqimiz azal-azaldan ustozlarni ulug‘lab, e’zozlab kelgan. Shuni faxr bilan aytish kerakki, bu xayrli an’ana bugungi kunda ham munosib davom etmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish va ularga yetarlicha shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ezgu va xayrli ishlar biz muallimlarni juda quvontirmoqda. Davlatimiz rahbarining “O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman”, deb alohida ta’kidlagani biz uchun – mamlakatda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning dilidagi gap bo‘ldi, desam sira yanglishmagan bo‘laman.
2017–2018 o‘quv yilida respublikamizdagi umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 408 135 nafar pedagog xodimning 120 336 (29,5 foiz) nafarini erkaklar tashkil etgan.
Yurtimiz taraqqiyotining hozirgi bosqchida ta’lim tizimini jahon andozalari darajasida isloh qilish, yangi ilm maskanlarini qurish, ularni zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash ishlariga, o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ta’lim berish jarayonini tubdan isloh etish, yurtimiz yoshlarini har jihatdan sog‘lom va mustaqil fikrli insonlar etib tarbiyalashga keng yo‘l ochmoqda. Uzoqqa borishning hojati yo‘q, o‘zim faoliyat yuritayotgan poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 194-umumta’lim maktabi ham kapital ta’mirdan chiqqach, ustozlar keng va yorug‘ xonalarda dars o‘tish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga maktabning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi.
Ta’kidlash joiz, yoshlarning yuksak intellektual salohiyat sohibi bo‘lib kamolga yetishi ko‘p jihatdan fidoyi ustozlar, kasbiga sodiq o‘qituvchilar, jonkuyar murabbiylarga bog‘liq.
Mamlakatimizda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanayotgan shu kunlarda ayni bu muhim jihatni yana bir bor ko‘nglimdan o‘tkazib, tanlagan kasbimdan faxrlanish hissi qalbimda jo‘sh urdi. Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimni, ustoz-murabbiylarni kasb bayrami bilan muborakbod etaman.
Madina OCHILOVA,
Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi 194-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi