Jamg‘arma faoliyatidan (2013-38)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamg‘armaning mintaqaviy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi Qo‘ng‘irot tumani Ustyurt ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan Ustyurt qishloq vrachlik punktida 60 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan qizlarni erta turmushga berishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida davra suhbati o‘tkazildi.
Xorazm viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan 9-13 sentyabr kunlari Urganch shahridagi 1-, 2-, 3-, 5-, 7-sonli maktablarda o‘quvchi qizlar o‘rtasida «Erta turmush qurish va uning salbiy oqibatlari», «Oilaviy hayotga tayyormisiz?» va «Onalik va bolalikni muhofaza qilish – davlat himoyasida» mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.
Samarqand viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali, Viloyat hokimligi hamda viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida viloyatda istiqomat qiluvchi 40 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga nogironlik aravachalari topshirildi.
Jizzax viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali tomonidan Jizzax shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabida shaharda istiqomat qiluvchi oilalar o‘rtasida «Otam, onam va men – sportchilar oilasimiz» mavzusida sport sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi.
Abbosjon ERGASHEV,
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi bosh mutaxassisi