Huquqiy ta’lim: o‘quv muassasalarida uning ahvoli qanday?
Huquqiy me’yorlar, qonunlar, ijtimoiy-huquqiy munosabatlar mohiyati, ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni inson yoshligidan ta’lim muassasalarida egallab borishi, shubhasiz. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugungi kunda ta’lim muassasalarimizda huquqiy ta’lim va tarbiyaning ahvoli talab darajasidami?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining kengaytirilgan eshituvi aynan ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim-tarbiyaning ahvoliga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining axboroti eshitildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda huquqshunos kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda, barcha ta’lim muassasalarida huquqiy ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Ayni paytda mazkur vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish borasidagi muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, o‘rta maktablarda konstitutsiya, huquq kabi muhim fanlarni o‘qitishda ayrim muammo va kamchiliklar ham mavjud ekanligi inkor etib bo‘lmaydi.
Xususan, “Konstitutsiya alifbosi” fani 1-4-sinflarda alohida predmet sifatida emas, balki “O‘qish”, “Atrofimizdagi olam”, “Tabiatshunoslik”, “Odobnoma” fanlari va tarbiyaviy soat tarkibida o‘qitilmoqda. “Konstitutsiya olamiga sayohat” fanidan esa, 5-6-sinflarda “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari”ga ajratilgan soatlar doirasida dars berilmoqda. “Konstitutsiyaviy huquq asoslari” o‘quv predmeti bo‘yicha – 9-sinfda, shuningdek, “Davlat va huquq asoslari” o‘quv predmeti bo‘yicha 8,10 va 11–sinflarda haftasiga atigi bir soatdan o‘qitiladi, xolos.
Huquqqa doir fanlar o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan majburiy malaka talablariga kirishiga qaramay umumta’lim maktablari o‘quvchilari bu fanlardan imtihon topshirmaydi. Agar 8-sinf o‘quvchilari sinfdan sinfga o‘tishda uchta fandan biri sifatida “Davlat va huquq asoslari” o‘quv predmetini tanlasa, o‘shandagina bu fandan imtihon topshirishi mumkin. Tabiiyki, huquqqa doir fanning bir qadar murakkabligi va uni o‘zlashtirish nisbatan qiyinroq ekanidan kelib chiqilsa, demak, o‘quvchilar ham ushbu darsdan imtihon topshirmasligi o‘z-o‘zidan ravshanlashadi.
Yana bir zarur masalaga e’tibor qaratish zarur. Huquqqa doir fanlarni o‘qitishda kadrlar salohiyati ham talab darajasida emas. Bunga birgina misol, ya’ni respublikadagi mavjud umumta’lim maktablarida “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars berayotgan jami 9 ming 255 nafar o‘qituvchining bor-yo‘g‘i 88 nafari (0,95 foiz) “Yurisprudensiya” mutaxassisligiga, 3 ming 931 nafari (42,5 foizi) “Milliy g‘oya va huquq” mutaxassisligiga ega. Qolganlari esa ona tili va adabiyoti, tarix va arxivarius, siyosatshunos mutaxassislardir. Lekin shuni alohida ta’kidlash joizki, nafaqat xalq ta’limi tizimida, balki oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida ham huquqqa doir fanlarni o‘qitishni hamda kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarish masalasi dolzarb sanaladi.
Mutaxassislar tomonidan huquqqa doir fanlardan sifatli ta’lim berish darajasini har tomonlama oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetini bevosita tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida belgilash, universitet tarkibida huquqshunoslik va huquqiy ta’lim bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida masala sifatida olib chiqilgani ayni o‘rinlidir. Bundan tashqari, mazkur fan o‘qituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini yuksaltirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy choralarni ko‘rish, o‘quv predmetlari, darsliklar sifatini davr talablari asosida tubdan oshirish, huquq fanlariga oid darslik va qo‘llanmalar, shuningdek, mazkur fanlarni o‘qitish jarayonida takrorlanishlarning oldini olish hamda murakkab terminologiyani qo‘llashdan saqlanish lozimligi o‘quvchiga predmetni oson tushunilishiga o‘zining samarali ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Yakdil xulosaga kelish uchun esa huquqiy darsliklar mualliflari o‘rtasida samarali hamkorlik muhitini yaratish muhim ahamiyatga ega.
Xurshida HUSENOVA