Qardosh xalqlar festivali
Poytaxtimizdagi “Lotte City Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan “Tasanno – 2018” xalqaro milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyiha xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, turli xalqlar tarixi, urf-odat va an’analari, san’ati va madaniyati bilan yaqindan tanishish, do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, har bir milliy oshxona xodimlari o‘zlarining lazzatli taomlari bilan “ochil dasturxon” tashkil qilib, uni mehmonlarga tortiq etdi. Tadbir davomida milliy taomlar bilan birga qardosh xalqlarning hunarmandchilik, zargarlik hamda yana ko‘plab san’at namunalari ham namoyish etildi. Ayniqsa, milliy qo‘shiq va raqslar ishtirokchilar kayfiyatini yanada ko‘tardi. Xususan, O‘zbek lazgisi, Ozorbayjon lezginkasi, Janubiy Koreya do‘mbirasi sadosi, turk musiqasi, xind raqsi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Orif NIGMATOV,
O‘zbekiston-Gruziya do‘stlik jamiyati a’zosi