Popukli “dala malikasi” xotirani mustahkamlaydi
Makkajo‘xorining asl vatani Janubiy Amerika hisoblanadi. Yevropaliklar bu poliz ekini bilan afsonaviy dengizchi Xristofor Kolumb sababli ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Aytish kerakki, hozirda popukli “dala malikasi” xalqimiz dasturxonidan ham munosib o‘rin olgan. Tillarang yoki oqish “sutli” jo‘xorilarni nafaqat bolajonlar, balki kattalar ham mazza qilib iste’mol qiladi. Uni suvda qaynatib, turli sabzavotlar bilan dimlab, mantiqasqonda bug‘lab, cho‘qqa ko‘mib, marinadlab, sutga solib tanovul etish mumkin. Sababi sariq tusli hamda qizg‘ish, olovrang-shafaq rangdagi meva-sabzavotlar ko‘z nurini mustahkamlaydi.
Makkajo‘xori donidagi glutamin kislota xotirani yaxshilaydi, deyishmoqda tadqiqotchi mutaxassislar. Shuningdek, ushbu poliz ekini me’da-ichak tizimi faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etar ekan.
Jo‘xori kraxmali asab tolalarini hamda mushak to‘qimalarini oziqlantiradi. Stress (ruhiy zo‘riqish) yoki depressiya (tushkinlik)ga moyil bemorlar hamda mushaklari zaif xastalar makkajo‘xoridan turli parhez taomlar va uning kraxmalidan meva-sabzavotli kisellar tayyorlab yeyishlari mumkin. Uning moyi yoqimli ta’mga ega va yengil hazm bo‘ladi. Shu sababli bosh miya va yurak qon tomirlari ateroskleroz xastaligida va uning oldini olishda ushbu yog‘dan foydalanish mumkin. Nahorda och qoringa 1 osh qoshiqdan va kechga tomon ovqatlanishdan 1-1,5 soat oldin jo‘xori moyini ichish mumkin. Yana undan turli parhezbop taomlar tayyorlasa ham bo‘ladi. Sutli makkajo‘xori donlarini qishga konservalab olib qo‘yish ham mumkin.
GULSHIRIN