Birisin oy angla, birisin quyosh
ota-ona boshdagi tojimiz
Zargarlik do‘konlaridan birida ishlaydigan tanishim hikoya qilib bergan bir voqea hamon yodimda.
Hayit bayrami kuni do‘konimga chiroyli kiyingan er-xotin kirib keldi. Ularning ortidan chaqaloq ko‘tarib olgan yoshi ulug‘ onaxon ko‘rindi. U do‘kon ostonasidan bir-ikki qadam o‘tgach, joyida turib qoldi. Kelinchak esa turli-tuman qimmatbaho buyumlar terib qo‘yilgan oynali peshtaxtalardan boshini ko‘tarolmay, ko‘ziga yaxshi ko‘ringan hamma narsani taqib ko‘rar, ma’qullarini narxiga parvo ham qilmasdan xarid qilardi. To‘lov paytida yigirma besh million bir yuz yetmish ming so‘m bo‘lganidan rangi o‘chish o‘rniga er bir yuz yetmish ming so‘mi qayerdan kelgani bilan qiziqa boshladi… Tutoqqanicha xarid qilingan bir talay tilla buyumlar ichidan ko‘rimsizgina uzukni olib, menga qarata uloqtirdi va ming‘irladi:
– Kampirlarga nima bor ekan, tilla taqib.
Mushtipar ona uning gapini eshitgach, yig‘lab do‘kondan chiqib ketdi. Do‘konning oynavand devoridan uni kuzata boshladim. U o‘g‘lining mashinasiga ma’yus holda o‘tirdi.
Boyvachchaning bu holidan kayfiyati buzilgan ayoli qo‘llarini paxsa qilib, erini koyiy ketdi.
– Nima qilardingiz, a shunday qilib?.. Uff, shu yetmay turuvdi. Alamiga bolaga qaramay qo‘ysa, kimni enaga qilamiz?! Enaga izlashga vaqtim yo‘q.
Er-xotinning o‘zaro suhbatidan angladimki, ko‘ngli o‘ksigan ayol yigitning onasi. Hayratdan yoqamni ushladim. Bo‘g‘zimga kelgan so‘zni tutib turolmasdan yigitga tanbeh berdim.
– Juda ham xunuk ish qildingizda birodar. Ona ko‘ngli uchun bitta uzuk nima bo‘libdi. Bu qadar pastkashlikka borish shartmidi? Uzr so‘rang.
Gapim ta’sir qildimi, yoki bo‘lgan ishdan o‘zi ham xijolat tortdimi harqalay, mashinada o‘tirgan onasining oldiga borib:
– Xohlasangiz o‘sha uzukni ola qoling oyi, bo‘ldi yig‘layvermang, namuncha?!.. – deya to‘ng‘iladi…
Bu voqeani eshitib juda ta’sirlandim. Ota-onani boshidagi toj, birisin oy, birisin quyosh, deb bilgan olijanob xalqimizning asl qadriyatlari qayerda qolyapti?
Ota-onaga yaxshilik qilish farz, ularni ranjitish, dillarini og‘ritish esa ulkan gunohdir.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li