O‘g‘il bolaning “nega”larini javobsiz qoldirmang

O‘g‘il bolani tarbiyalash murakkab jarayon. Bundan qiz bola tarbiyasi oson ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunchaki, o‘g‘il bolalar psixologiyasi, ularning tarbiyasidagi ayrim o‘ziga xos jihatlarga barcha ota-onalar jiddiy e’tibor qaratishi zarur:

1

Farzandingizni hislari haqida gapirishga o‘rgating.

U sirlarini hammaga emas faqat o‘z ota-onasiga aytsin. Ana shu insonlar siz bo‘ling. Shundagina u atrofidagi odamlarga ishonadi, o‘z tuyg‘ularini chuqurroq anglaydi va yurak xastaliklaridan uzoqroq yuradi.

2

Nimaiki yangi ish boshlamasin, uni albatta qo‘llab turing.

O‘g‘il bolaning eng katta boyligi va yutug‘i – o‘ziga ishonch tuyg‘usi. Hozircha u o‘ziga ishonchni siz orqali oladi, qilayotgan ishlariga ota-onasining nazari bilan baho beradi.

3

Mehnatga o‘rgating.

Hozir ularda g‘ayrat ko‘p, bekor o‘tirgandan ish qilsin. Mayli, uyda ish topilmasa, qo‘shnisiga qarashsin.

4

Birgalikda kitob o‘qing.

Bu kitobni o‘qigansiz, endi o‘g‘lingiz o‘qib chiqishini istayapsiz. Ammo siz istaganingiz uchungina o‘qimaydi u. Kitobga qiziqishi kerak. Birga o‘qiymiz, desangiz, albatta qiziqadi.

5

Qiziqishlarini so‘ndirmang.

Mayli, u “ketka”lar yig‘ib, butun uyga sochib tashlasin yoki to‘p o‘rniga “baklajka” tepib, quloqni qomatga keltirsin. Kim biladi, siz bo‘lajak ustomon broker yoki mashhur futbol yulduzini tarbiyalayotgandirsiz?!

6

Erkaklardan kimgadir taqlid qilishiga qo‘yib bering.

Otasi, futbolchi Odil Ahmedov yoki bokschi Hasanboy Do‘stmatovmi – farqi yo‘q. Alpomishga taqlid qildira olsangiz qani edi… Bu zotlar o‘g‘lingiz oldiga qo‘ygan marradir.

7

Ayollarni hurmat qilishga o‘rgating.

Singlisini turtish, bog‘chasidagi qizlarning sochidan tortish – bularning bari mumkin emasligini avval tushuntirish, bu ish bermasa, jazolash orqali bolaning ongiga singdirish kerak.

8

O‘zingiz hurmatga loyiq ayol bo‘ling.

Bolani qarg‘ash, unga baqirish, birovlarni yomonlash, nomaqbul so‘zlarni aytish, aldash… Xullas, bularning baridan tiyilishga harakat qiling. Unutmang, siz uning uchun dunyodagi eng mehribon va chiroyli ayolsiz. Shu martabadan o‘zingizni o‘zingiz tushirib qo‘ymang.

9

Odob-axloq qoidalarini o‘rgating.

Dasturxonga kattalardan avval qo‘l uzatmaslik, o‘zidan kattalarga joy berish, qoshiqni to‘g‘ri ushlash – bu mayda-chuydalarni bee’tibor qoldirmasangiz kelajakda xalqdan duo olib keladigan o‘g‘ilning onasiga aylanasiz.

10

Biron narsaga ishonsa, ishonchini sindirishga shoshilmang.

Masalan, Qorboboga, xizr buvaga, sehrli tayoqcha yoki qalpoqchaga… Bularning barii ezgulikka xizmat qiladigan obrazlardir, aslida.

Yana o‘qing:  “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2017” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lishni istovchilar uchun

11

Ba’zan muloyim bo‘lish ham kerak…

O‘g‘il bola yumshoq supurgi emas, bu to‘g‘ri. Biroq, o‘rni kelganda muloyimlik, ya’ni diplomatik yo‘l bilan ishini bitirishni ham u bilsin.

12

Kiyimlarini iflos qilishga haqqi borligini unutmang.

Axir, u o‘g‘il bola! Bo‘lmasa, qanday koptok tepadi, qumdan chiroyli uylar quradi yoki velosiped uchishni o‘rganadi?

13

Birga tez-tez sayrga chiqing.

Uydan tashqarida, yumushlardan xoli ona-bola bir-biringiz bilan suhbatlashasiz, uning savollari ham boshqacha tus oladi.

14

Boshqalarga yordam berishga o‘rgating.

“Sen birovga yordam bersang, boshqalar kun kelib, senga ham yordam berishadi.” Shu aqidani bolaning ongiga singdiring. Ana shundagina unda odamlarga yaxshilik, savob ishlar qilishga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

15

Tajriba vaqt o‘tishi bilan har ishda qo‘l kelishini tushuntiring.

Biron narsani uddalay olmasa, bu bilmaslikdan emas, tajribasizlikdan. Vaqti bilan unda tajriba paydo bo‘ladi va u ishni eplab ketadi. Asosiysi, tajriba orttirishdan charchamasin.

16

Bolangizni “Nega?”larini javobsiz qoldirmang.

Ba’zan bolajonlar shu so‘zni o‘yinchoqdek o‘ynashayotgan va sizning sabringizni sinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida, unday emas. Savol bermay qo‘yishidan Yaratganning o‘zi asrasin. Bu kichkintoyning ongi rivojlanmayotgani belgisidir.

17

Otasi bilan tez-tez xoli qoldiring.

O‘g‘il bola emotsional jihatdan ko‘proq onaga bog‘langan bo‘lsa-da, ruhan va ma’nan otasi ta’sirida bo‘ladi. Otasi bilan yolg‘iz qolgan o‘g‘lingiz o‘zini bo‘lajak erkak sifatida his qiladi.

18

Birgalikda qasrlar quring.

Mayli qumdan yoki xayoliy. Bunyodkorlik, yaratuvchanlik, ixtirolarga intilish aynan ana shu kichik yoshdagi “quruvchilik”dan boshlanadi.

19

Farzandingizni vaqti-vaqti bilan bir quchib, yaxshi ko‘rishingizni aytib qo‘ying.

20

Doim undan madad olishiga erishing. Shunda “Ko‘cha xandon – uy zindon” erkakka aylanmaydi

 

Bu maslahatlarning barchasi kelajakda farzandingizni aqlli va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga imkon beradi. Shunda siz orzudagi o‘g‘il farzand tarbiyalashga erishasiz.

 

Psixolog

Aziza TOSHXO‘JAYEVA

tavsiyalari asosida

Dilfuza AZIMOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: