Onamdirsan, ishonganim yoshlikdan…

Quyosh otash mehri bilan boshini silagan, oy tunlari tegrasida alla aytgan, yulduzlar egilib salom bergan jannatmonand yurtim, bir farzand sifatida sening baxtu kamolingdan, oydek jamolingdan masrurlanib ushbu satrlarni bitmoqdaman. Mustaqilliging muborak bo‘lsin. Bayramlaring bayramlarga ulansin. Ozod va obod qiyofangga, tinch va osuda yashayotgan xalqingga ko‘z tegmasin. Biz onalarning yolg‘iz tilagi shu.

Bola edim, 7-8 yoshlarda bo‘lsam kerak. Qo‘shni respublikadan otamning qadrdon oshnasi xotini bilan mehmon bo‘lib keldi. Bir haftacha turishgandan keyin ketishga chog‘lanishdi.

– Qizingizni olib ketaylik, yaqinda to‘yga bormoqchisizlar-ku, o‘shanda olib qaytasizlar, – deyishdi ular.

– Mayli borsin, o‘ynab keladi, – dedi ota-onam. Sevinib kiyimlarimni tuguncha qilib, ularga qo‘shilib jo‘nadim.

Poyezdga chiqish oldida ota-onam meni bag‘irlariga bosib xayrlashdi. Mehmon meni ko‘tarib poyezdga chiqarib qo‘yarkan, shu payt menga qattiq tikilib turgan onamning ko‘zlarini ko‘rib qoldim.

Xuddi shu onda yuragimdan nimadir uzilib ketganday, havoda muallaq qolganday bo‘ldim. Qo‘limdagi tugunchani pastga otib, bor ovozim bilan baqirib yubordim.

– Yo‘q, hech qayoqqa bormayman. Onajon meni olib qoling, – degancha pastga intildim. Otam meni ko‘tarib oldi.

Murg‘ak yuragim sendan uzilib ketayotgandi o‘shanda onajon uyim, ostonalari oltindan bo‘lgan ota maskanim.

***

Ulg‘aydim. Senga bo‘lgan mehrim ham maktab partalarida o‘tirib shoirlarning mehru muhabbatingga yo‘g‘rilgan she’rlarini o‘qish asnosida ulg‘aydi. Ularni sevib-sevinib yodlardim. Ustoz Oybek yozgandi:

 

Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi,

Bir o‘lkaki, qishlarida shivirlar bahor.

 

G‘afur G‘ulom esa:

 

Aziz jondosh, oltin tuproq Vatanim,

Onammisan, qizimmisan, kimimsan,

Onamdirsan, ishonganim yoshlikdan…

degandi.

 

Bu misralar senga bo‘lgan mehrimni yuragimga yanada kuchliroq payvandladi. Sening tog‘u toshlaringda, oltin vodiylaringu qush uchsa qanoti kuyadigan jazirama cho‘llaringda ham hayot naqadar qaynoqligini, u yerlardagi har bir giyohingni farzandlaring ko‘ziga to‘tiyo qilishiga guvoh bo‘ldim.

… Ana, boshiga iroqi do‘ppi kiygan qizil ko‘ylakli kelinchak qora uy soyasida kuvi pishmoqda, yonida oyoqlarini uzatib o‘tirgan kampir urchuq yigirmoqda.

Qirdan enib kelayotgan qo‘y-qo‘zilar ma’rashi eshitildi, suruv ortida tayog‘ini beliga qo‘yib kelayotgan yoshgina cho‘pon yigit… Kelinchak kuvi pishishdan to‘xtab, qo‘liga bir kosa ayron olib cho‘pon qarshisiga chiqdi. Cho‘ponning yuzida masrurlik, kelinchakka nimadir dedi. Kelinchak jilmaygancha cho‘ponga mehr bilan tikildi.

Yana o‘qing:  Sharqona etika tarbiyada katta ahamiyat kasb etadi

Ularga gavjum, sershovqin o‘zga yurtlarga ko‘chishni taklif qilib ko‘ring-chi, aslo rozi bo‘lishmaydi. Bir gal men so‘raganman, cho‘pon keskin bosh chayqab:

– Yo‘q, mumkin emas, bu yerlarni tashlab ketolmaymiz, axir shu yerda tug‘ilganmiz, oila qurganmiz, bu yerlar bizning ona yurtimiz, – deb javob bergan.

Bu Vatanini, uning aziz tuprog‘ini jonidan ortiq sevgan mard yigitning javobi emasmi?

 

***

Talabalik yillarimda fakultetimiz uchun sobiq Ittifoq bo‘ylab amaliyot o‘tash kerak bo‘lib, maqsad eng yirik kutubxonalar, noyob qo‘lyozmalar bilan tanishish edi.

Bir oylik amaliyot davomida o‘zga yurtdagi mashhur shaharda zerikib qoldik. Dunyoning turli joylaridan bu azim shaharni ko‘rish va tomosha qilish uchun qanchadan-qancha odamlar tashrif buyurar ekan. Ammo, biz kun sanardik, bir dugonam kasal bo‘lib qoldi, doktor chaqirdik.

– Tezroq o‘z yurtlaringga olib ketinglar, bu yerlarning havosi yoqmabdi, – dedi u.

Amaliyotning hali bir necha kuni bor bo‘lsa ham qaytishga chog‘landik. Aslida sening mehring tortayotgan edi, hammamiz seni sog‘ingan edik jonajon maskanim!

Samolyotdan tushib borar ekanmiz, ajib bir tuyg‘uni tuydim. Buni nima deb atasam ekan, xotirjamlikmi, tinchlangan ko‘ngilmi, onasi bag‘riga qaytgan farzand baxtiyorligimi… Ha, ona Vatanning bag‘rida emin-erkin, erkalanib, mag‘rurlanib yashashdan ham ulug‘roq baxt yo‘qligini his qilish. Bu hisni tuyganda navqiron yoshda edim. Mana bugun yoshim ham bir joyga borib qolgan. Senga bo‘lgan mehrim ham yillar davomida yuksalgan. Senga kimdir bir igna sanchsa, mening yuragimga qadaladi…

Ha, sen jonu tanim, borlig‘imsan! Dunyo turguncha turishingni, ozodliging va obodliging abadiy bo‘lishini tilayman.

 

Bo‘ston RAHMONOVA,

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: