Greypfrutga marhamat!
o‘zimizning bog‘dan
Ona zaminimiz tuprog‘i hosildor. Unga cho‘p qadasangiz daraxt bo‘lib, ko‘kka bo‘y cho‘zadi. Serquyosh diyorda yetishtirilayotgan har bir meva-sabzavot borki, ta’mi tilni yoradi, mazasi jonga oro kiradi.
Oltinga teng tuproq va quyoshga boy o‘lkamizda asrlar davomida o‘rik, anjir, gilos, olma, shaftoli kabi mevalar yetishtirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib xorijdan import qilinadigan tropik va subtropik mevalar ham xalqimiz dasturxoniga dehqonlarimiz tomonidan yetkazib berilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 40 yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. Ham otam, ham ustozim bo‘lgan mashhur bog‘bon Zayniddin Faxriddinov 10 dan ortiq sitrus meva va o‘simliklarni, 100 dan ortiq subtropik va tropik o‘simlik navlarini O‘zbekistonning iqlim sharoitiga moslashtirgan. Ota kasbini davom ettirgan holda o‘zimizning iqlimga mos mandarin, limon, banan, kivining turli navlarini yaratdim. Qilingan mehnatlar beiz ketmadi. Yaqinda 10 yillik tinimsiz izlanishlarim natijasida pomelo greypfrutini ham yurtimiz iqlimiga moslashtirdim.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, sitrus mevalarning sharbatida yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini oluvchi va davolovchi shifobaxsh moddalar mavjud. Ularda jarohat va yaralarni davolashda qo‘llaniladigan fitonsidlar, biologik faol moddalar, shuningdek, inson qon tomirlarini mustahkamlovchi gesperindin ko‘p uchraydi. Ayniqsa, pomelo mevasi mazasi shirin-nordon bo‘lib, u jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan bemorlar sog‘ligini tiklashda juda muhim ahamiyatga ega. Pomeloning danagidan esa organizm uchun zarur bo‘lgan vitaminlar olinadi. Quvonarlisi, pomelo o‘zining haqiqiy vatanidan farqli o‘laroq, bizning o‘lkada yiliga 4 marta hosil bermoqda.
O‘zbekistonlik olimlar tomonidan yaratilgan “F-1” va “F-2” limon navlari jahon bozorida ekologik toza mahsulot sifatida tan olingan. Olimlarimiz tomonidan yaratilgan navlarning hosildorligi, betakror ta’mi, mikroelementlarga boyligiga tan bergan xorijlik mutaxassislar tez-tez bizga murojaat etishadi. Tajriba almashish uchun bizni seminarlarga taklif etishadi. Bu ham bo‘lsa o‘zbek olimlarining jahonda o‘z nufuzi va o‘rniga ega ekanidan dalolatdir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz yetishtirayotgan mahalliy navlarga nafaqat yurtimiz, balki Qozog‘iston, Tojikiston, Boshqirdiston va boshqa Yevropa mamlakatlarida ham qiziqish yuqori.
Quvonarlisi, mamlakatimizda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida qishloq joylarda yashayotgan aholining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi. Shu kunlarda “O‘zbekiston iqlim sharoitida tropik, subtropik o‘simliklarni yetishtirish” nomli kitobini nashr etishga hozirlik ko‘rmoqdamiz. Bu kitob tropik, subtropik mevalarni yetishtirayotgan va yetishtirishni istovchi dehqonlarimizga ajoyib qo‘llanma bo‘la oladi, deb umid qilamiz.
Muhammadaziz FAXRIDDINOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
fizika-kimyo polimerlar instituti ilmiy xodimi