Kasbga mehr saodatga eltadi
Mamlakatimiz ta’lim dargohlarida eng zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali va yetuk kadrlar bilan ta’minlash masalasi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri sanaladi. Quvonarlisi, Samarqand tayanch tibbiyot kollejida ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi globallashuv davrida ilm-fan va innovatsiyalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu bois kollejda tashkil etilgan “InnoMed” to‘garagi zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, mashg‘ulot a’zolari 2018 yil o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar” ko‘rgazmasidagi faol ishtiroki uchun faxriy yorliq, “Eng yaxshi innovatsion fikrlash” hamda “Yilning eng yaxshi tashkil etilgan innovatsion to‘garagi” ko‘rik-tanlovida 1-o‘ringa loyiq topildi.
Bugun zamon o‘zgarmoqda, uning talabi, oldimizga qo‘yayotgan vazifalari ham tobora ortib bormoqda. Zero, ayni davr har bir soha egasidan o‘z ustida tinimsiz izlanishni talab etadi. Shu ma’noda ushbu muassasada ta’lim berayotgan o‘qituvchilar – Ya. Tojiboyev va G‘. Xo‘jamurodov “Favqulodda holatlar tibbiyoti” fanidan o‘quvchilar hamda o‘qituvchilar uchun tayyorlagan elektron darsliklar O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan tasdiqlanib, u “Yilning eng yaxshi innovatsion g‘oyasi” ko‘rik-tanlovida 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Bu ham bo‘lsa, muassasa va unda ta’lim olayotgan o‘quvchilar salohiyatini oshirishda o‘ziga xos muhim qadamdir.
Qolaversa, joriy yil “Kasb mohiri” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida kollejning iqtidorli o‘quvchisi Komila Xudoyberdiyeva faol ishtirok etdi. “Yosh innovatsiyachi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida esa Maftunaxon Ikromova 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Shu bilan bir qatorda IX ilmiy-amaliy konferensiyada kollej o‘quvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, ko‘plab faxrli o‘rinlarni egalladi. Uch nafar o‘quvchi esa sertifikat bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining ortishi, munosib o‘rin egallashida ta’lim tizimi, xususan, tibbiyot sohasining rivoji muhim o‘ringa ega. Shunday ekan el-yurt taqdiriga qayg‘uradigan, mustaqil fikrlaydigan, el salomatligiga kamarbasta kadrlarni tarbiyalash har bir tibbiyot muassasasi ustoz-murabbiylari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini unutmaslik lozim.
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
Samarqand viloyati
Reklama huquqlari asosida