Xalqimizni rozi qilish – eng muhim vazifa
Bugun mamlakatimizda malakali va yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishning yaxlit tizimi shakllantirildi. Qolaversa, soha xodimlarining ijtimoiy muhofazasini yaxshilash, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli sharoitlarni yaratish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz har yili Istiqlol bayrami arafasida soha xodimlari mehnatini yuksak qadrlab, ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatayotgani shifokorlarni o‘z kasbiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undamoqda.
Kuni kecha Yurtboshimiz tomonidan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlanganimda buni yanada teranroq his etdim. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, bu yutuq men bilan 16 yildan beri Namangan shahar 1-sonli shifoxonasida yelkama-elka faoliyat yuritayotgan 300 nafardan ortiq xodimlarning ham muvafaqiyatidir. Ular 265 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonada, yil davomida 10 mingga yaqin bemorga kechani kecha, kunduzni kunduz demay, tinim bilmay xizmat qilib kelmoqda. Muassasadagi sog‘lom muhit erishilajak yutuqlarning bardavom bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etayotir. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, tibbiyot xodimlari salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak. Bugungi kun shifokorining shiori ham, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi ham aynan xalq ishonchi va aholi roziligi bo‘lmog‘i lozim.
Kamtarona mehnatlaring qadrlansa, elda hurmat-e’tibor topsa, insonda yangi kuch-shijoat paydo bo‘lib, el-yurtga, jamiyatga yanada ko‘proq naf keltirgisi kelaverar ekan. O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson va uning manfaatlariga xizmat qilayotganini o‘z faoliyatim misolida kuzatib bormoqdaman.
Seni e’zozlaydigan, mehnatingni qadrlaydigan, hurmat-ehtirom ko‘rsatadigan yurtda yashashning o‘zi ulkan baxt. Mustaqillik sharofati bilan mehnatimiz qadr topayotgani, e’tirof etilayotgani davlatimiz rahbarining el-yurt manfaati, uning farovonligi yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati samarasidir.
Tohir BOYDEDAYEV,
Namangan shahar 1-sonli shifoxona bosh shifokori,
II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi