Botindagi munozara

Kitob o‘qimay qo‘yganimga ancha bo‘lgandi. Bir do‘stim ishini bitkazishda yordam so‘radi. “Chiqimi bo‘lsa aytaver, baribir o‘z-o‘zidan bitmasa kerak”, dedi mashinasini o‘t oldirarkan. Uning ishi bilan uch kun yurdim. “Chiqim”ga hojat qolmadi. Ish bitgach, do‘stim cho‘ntak kovladi: “Bizdan qancha bo‘ldi?”.

To‘g‘risi, o‘sha kunlar pulga ehtiyojim ziyoda edi. Buning ustiga uning ishi bilan avtobusga “osilib” yurish jonga tegib, bir-ikki safar taksiga ham o‘tirgandim. Lekin shu tobda tushlik uning hisobidan bo‘lgani uchun jim qoldim. Ichimda bir g‘ulg‘ula “To‘rt-besh so‘m ol. Axir ishini bitirib berding. Bu senga halol bo‘ladi”, derdi. Buni keyinroq gaplashamiz, dedim. O‘sha damlarda kitoblar yordamga keldi. Ishonavering…

Dastlab, o‘zbek adibi Bahodir Qobulning “Ena shamol” asarini o‘qiy boshladim. O‘zimdan uyalib ketdim. Onam ko‘z oldimdan o‘tdi. Ayniqsa, “Yaxshi til tishning qamog‘ida bo‘ladi. Til qamoqda yetishadi… Qilichni tig‘i bir, tilniki qirq bo‘larmish. So‘zlagan tilni siri qocharmish…”, jumlalarini o‘qiganda yaxshiyam ta’mali so‘zlarni aytmagan ekanman, deb o‘zimni ovutdim. “Hamma narsani pul hal qiladi, degan tasavvurlar aldoqchi. Odam puli yoki mol-dunyosini yo‘qotganda ko‘ngli iztirob chekmasa, o‘zini yukdan xalos bo‘lgandek his etsagina yashashning ma’nisi boshlanar ekan. Poklik hech qachon, hech narsaga alishilmas, sotilmas ekan. Sotilgan zahoti o‘larkan…”.

Atrofga sukunat cho‘kkan, men ham sukutda edim. Ichki ta’qibdan qochish uchun yana o‘qiy boshladim: “Sukunatni jonsiz demaydilar. Sukunat jonsizlar uchun jonsizdir… Hech kimning hech narsasi yo‘q, ko‘z bilan ko‘riladigan, qo‘l bilan ushlanadigan narsalar omonat emish. Faqat cho‘ntakka solib bo‘lmaydigan, eshakka ortilmaydigan, zo‘ravonni zo‘riyam ming istasa-da ega chiqolmaydigan narsalar odamning o‘ziniki emish…”

Bu gapdan keyin ichimdagi ovoz tindi. Men esa o‘zimniki bo‘lgan bir narsani o‘zimniki bo‘lmagan va hech qachon bo‘lmaydigan bir narsaga almashib yuborish ostonasida turganimni angladim. Asar qahramoni bo‘lmish ovchi so‘zida davom etardi: “Avomga ermak, xosga ibrat, tentakka hikmat bo‘lgan dunyoni tiriklik deydilar… Odam bolasi tog‘u tosh, dov-daraxt, qushu quzg‘un, boshi ustidagi osmon, oyog‘i ostidagi yerga qarayapman, deb o‘ylaganda xato qilarkan. Aslida ular odam bolasi holiga qarayotgan bo‘larkan. Yo havas, yo nafrat bilan…”.

***

Endi o‘zimni taftish qilish boshlangandi. Qachon bu holga kelib qolganimni eslashga, aybimni kimgadir ag‘darishga urindim. Shunda jahon adiblari A.Chexov va V.Korolenko asarlari jamlangan bir kitob menga yupanch bo‘ldi: “…turmushdagi xurofotlar, shuning singari yaramas va qabih ishlar ham kerak, chunki bora-bora go‘ngdan qora tuproq hosil bo‘lganidek, bulardan ham bir ezgulik paydo bo‘ladi…”.

Sahifalar yana shunday uqtirardi: “Aql – inson bilan hayvon o‘rtasiga qat’iy chegara qo‘yadi hamda insonning ilohiyligiga ishora qiladi va unga aslida bo‘lmagan bir qadar abadiylik baxsh etadi. Bundan chiqdi, huzur-halovat beradigan yagona manba aql ekan. Modomiki, atrofimizda aqlni ko‘rmas va eshitmas ekanmiz, demak biz huzur-halovatdan mahrummiz. Kishi halovati tashqi sharoitda emas, uning o‘zida…”.

Tiniqa boshladim. Boyagina meni iskanjaga olgan muammolar maydalashib qoldi.

Chexov navbatni Korolenkoga berdi. U esa gapini bir ko‘zi ojiz musiqachining hayot yo‘lini hikoya qilishdan boshlab: “Bolani harakat qilish zaruriyatidan saqlaydigan behuda g‘amxo‘rlik uni mukammal hayot kechirish uchun bo‘lgan hamma imkoniyatdan mahrum etadi”, dedi salmoqlab.

“Mustaqil yashashning shodligi va azob-uqubatini totib ko‘rgan har bir kimsa ma’lum yoshga yetganda, ozmi-ko‘pmi darajada ruhiy tanglik davrini boshdan kechiradi…”. Bu bilan go‘yo adib menga tasalli berayotganga o‘xshardi. U buni epladi ham.

Voqealar rivojida uchala ko‘zi ojizning bir joydagi tasviri qattiq hayajonga soldi. Ikki ko‘r hech bo‘lmaganda tun va tongni farqlay olishidan faxrlanar, to‘g‘rirog‘i, yupanar ekan, uchinchisi bundan mosuvo ekani, shunga qaramay u o‘n yoshiga qadar ko‘rgani, shu bois onasini tushida ko‘ra olishi hamrohlari uchun yetib bo‘lmas orzuligi ta’sirli bayon etilgan. Uyalganimdan kitobni yopib qo‘yay, desam, “Boshlaganlar ko‘p-u, tugatganlar oz…”, deb turibdi.

Bir o‘rinda ko‘zi ojiz kishining yugurishni o‘rganganiga shubha qildim. Kitobni qo‘yib, uy ichida ko‘zimni yumib yugurib ko‘rdim. Harakatim beo‘xshovligidan bolalarim kulishdi. Men esa ularni bir umr ko‘ra olmay qolishdan qo‘rqib ketdim. His qildimki, dunyoning jami ganjiga birgina ko‘zim nurini alishmas ekanman. Holbuki, mening to‘rt mucham sog‘, yaqinlarim, boshpanam, non-oshim, qo‘yingki, hamma narsam bor ekan. Oilamga shirin so‘zlar aytdim. Ular esa meni o‘zgartirgan kitoblarga mehr bilan qarashdi…

 

Yana o‘qing:  Insultni davolashda foydalaniluvchi shlem

Abdulatif ABDULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: