Ijtimoiy muhofaza – davlat e’tiborida
Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi ijtimoiy himoya masalasida salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘armaning xorijiy hamkorlari tomonidan yuborilgan muruvvat yordamlari – dori-darmonlar, tibbiy jihozlar, kiyim-kechaklar tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, nogiron bolalarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari respublika shifoxonalarida tug‘ma tanglay nuqsoni, tananing bo‘yin va oyoq qismida nuqsoni bo‘lgan bolalar bepul jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi. Shuningdek, Hayotbek Dushamov, Dilso‘z Yusupova, Hurriyat Ro‘zmetovalarga nogironlik aravachalari topshirildi.
– Yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, sohada olib borilayotgan tub islohotlar dunyo jamoatchiligi e’tirofiga sazovor bo‘layotgani barchamizga g‘urur va iftixor baxsh etadi, – deydi jamg‘armaning Xorazm viloyati Shovot tumani tayanch punkti rahbari Gulsora Jumaniyozova.
Hozirda tayanch maskani tomonidan aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida 2013 yilning dastlabki olti oyi davomida 41 ta ma’naviy-ma’rifiy, 4 ta sport va sog‘lomlashtirish, 156 ta xayriya tadbirlari, jami 201 ta tadbir o‘tkazildi.
Shukurjon JABBOROVA,
jurnalist