Aqlli bola katta qilish sirlari
Aqlli bola 2 yoshdan alfavitni biladigan yoki 4 yoshida ko‘paytirish jadvalini yoddan ayta oladigan bola emas. Aqlli bola deb izlanuvchan, qiziquvchan, kreativ(yangilik o‘ylab topadigan) va mohir bolani tushunish kerak. Quyida ko‘rsatilgan yo‘llar bolani haqiqatdan aqlli bo‘lib o‘sishiga yordam beradi.
Ko‘p gapirish
Yoshi 1.5-2 atrofidagi bolaning tili chiqishi uchun ota-ona u bilan ko‘p suhbat qurishi kerakligi haqida bilamiz. Kattaroq bolalarda ham shunday. Bolaning tili rivojlanishi aqliy rivojlanish bilan uzviy bog‘liq. Bola bilan ko‘p suhbatlashish, yoshiga munosib kitoblarni ko‘proq o‘qib berish, berayotgan savollariga aniq va tushunarli qilib javob berish juda muhim. Bola gapirishni televizordan emas, muloqotdan o‘rganishi kerak. Televizor yordamida tili chiqqan bolaning jamiyatda muloqot qilish jarayonida muammolar kutishi mumkin. Ko‘p gapiradigan bola, ko‘p ma’lumotga muhtoj bo‘ladi. Ana shunday ma’lumotlarni ota-ona bolaning yoshiga munosib ravishda suhbat orqali taqdim eta olishi darkor.
Hissiyotlarni o‘rganish
Bola kichikligidanoq o‘z hissiyotlarini anglay olishni bilishi kerak. U salbiy yoki ijobiy his bo‘lishidan qat’iy nazar bola uni bekitmasligi lozim. Aksincha, o‘z hissiyotlarini bilgan bola ularni jilovlashni ham o‘rganadi. Bekitish bilan jilovlashning farqi bor. Ota-onasidan qo‘rqqanidan ukasiga baqirmaslik bu hissiyotlarni yutib olish, bekitish deganidir. Lekin ukasi hali kichik va ba’zida xato qilib turishini ota-onasi tushuntirib bergan bola ukasiga nisbatan chiqqan jahlini jilovlaydi.
Yoki ijobiy bir hissiyotni olsak, bola o‘z do‘sti bilan o‘yinchog‘ini bo‘lishmoqda. Shunda ota-ona bir daqiqa vaqtini ajratib, bolasiga qanday ajoyib ish qilganini, do‘stini xursand qila olganini aytishi lozim. Shunda bo‘lishish orqali xursandchilik hisi bilan bola tanishib oladi.
Aqlli o‘yin o‘ynash
Qarama-qarshiliklar o‘yini 3 yoshdan katta bolalarni IQ’sini oshirishda va matematik qobiliyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun, bolaga biron so‘z aytasiz. Masalan, «quyosh». Bola bunga nisbatan qarama-qarshi bir fikrni aytishi kerak bo‘ladi.
Masalan, tun. «Quyosh» va «tun» qarama-qarshi obrazlar. Quyosh so‘zini eshitgan bolaning hayoliga birinchi bo‘lib «kun» keladi. Lekin shunda «kun» demay, bir soniya o‘ylab, qarama-qarshilikni izlab uni izhor eta olish aqliy rivojlanishga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Agar bolada gapirish lug‘ati ozroq bo‘lsa, u holda huddi shu o‘yinni harakatlarda o‘ynash mumkin. Masalan, siz bitta chapay chalasiz, bola ikkita yoki undan ko‘proq, muhimi sizdan farqli miqdorda chapay chalishi lozim.
Birinchidan, bu o‘yin juda qiziqarli bo‘lsa, ikkinchidan, bolada tabiiy ravishda o‘ylash, fikr yuritish, fikrni to‘g‘ri izhor qila bilish, o‘ylamay gapirmaslik, rejalashtirish, maqsadga erishish kabi xususiyatlar rivojlanadi.
Kreativlikni rag‘batlantirish
Hozirgi kunda magazinlar minglab o‘yin va o‘yinchoqlar bilan to‘lib ketgan. Biri bolani aqliy rivojlantiradi desa, ikkinchisi bolaga alfavit o‘rgatadi deb reklama qilinadi. Bunday ajoyib o‘yinchoqlar afsuski, bolada kreativlik sifatini so‘ndiradi. Kreativlik (yangilik ixtiro eta bilish)ni rivojlanishi uchun eski tuflini korobkasi bilan ikki dona rangli qalam ham yetarli bo‘la oladi. Yoki magazindan olib berilgan mashinadan ko‘ra, ikki stul va ko‘rpachadan yasalgan samolyot kreativlikni rivojlantirish uchun muhimroq vositadir. Bolaning kreativligi rivojlanishi uchun uy o‘yinchoqlar yoki qimmatbaho gilamlardan ko‘ra, u ishlatishi mumkin bo‘lgan narsalarga to‘la bo‘lgani darkor.
Natijani emas, harakatni maqtash
Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ota-ona bolaning aqlidan ko‘ra uning harakatini ajratishi lozim. Ajoyib chizilgan rasmni ko‘rib, ota-ona: «Qanday chiroyli rasm, judayam aqlli(zo‘r rassom)sande», deyishdan ko‘ra, «Bunday rasm chizish uchun rosa ko‘p mehnat qilganga o‘xshaysan,»deyish afzalroq.
Shunda katta bo‘lgan sari bola o‘z faoliyati natijasiga emas, balki unga erishish uchun kerak bo‘ladigan harakatga ko‘proq ahamiyat beradi. Natija xato chiqsa ham, achinib, qo‘l siltab, o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmay, o‘z harakatiga ishonib faoliyatini davom eta oladi.
Ko‘rsatib gapirish
Bolaga biron narsa haqida gapirayotganingizda bola u narsani ko‘rib turishi juda muhim. Misol uchun, uyda bo‘la turib biron daraxt haqida ma’lumot bermoqchi bo‘lsangiz, bola bu ma’lumotni to‘liq qabul qila olmaydi. Uning o‘rniga, tashqariga chiqib, daraxtni ko‘rsatib o‘sha ma’lumotni berish foydaliroq. Shunda bolada assosiativ fikr yuritish qobiliyati rivojlanadi.
Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!
Manba: uzbaby.uz