Po‘rtana
(Voqeiy hikoya)
Iyun oyi edi. Qishlog‘imizda barcha yig‘im-terim ishlari bilan ovora. Mahalladoshlar bir-birimiz bilan inoqmiz. Kimning yumushi bo‘lsa, baravar yordamlashamiz. Bugun qo‘shnimizning uyida hashar, boshqa bolalar qatori o‘g‘lim Ahror ham o‘sha yerda. U hali yosh bo‘lishiga qaramay, uddaburon, epchil bola. Kattalardan qolishmay mehnat qiladi, ishdan qochmaydi. Tili ham biyrongina, yoshu qari bilan so‘zlashganda hech kim uni bola demaydi. Mahallada hamma uni maqtaydi. To‘ng‘ich farzandim Ahrordan keyin ikki qizim va emizikli o‘g‘lim bor.
* * *
– Aya, men keldim, hasharni tugatdik. Somonni tashib, og‘ilxonaga yig‘ib qo‘ydik. Bolalar kanalga cho‘milgani ketishyapti, men ham borsam maylimi? – dedi Ahror uyga kirar-kirmas.
Ammo men rozi bo‘lmadim.
– Aya, badanimga xas-cho‘p yopishgan, oqar suvda cho‘milganim yaxshi-da. Amakimning o‘g‘li Rasul akam ham boryapti. Ko‘p qolmayman, tez kelaman.
– Xo‘p, o‘rtoqlaring bilan boraqol, – dedi yuz-qo‘lini yuvayotgan dadasi.
– Ruxsat bermang, dadasi, bormaydi. Ana, hammomni isitib qo‘yganman, o‘sha yerda cho‘miladi, – dedim norozi ohangda. O‘g‘lim qo‘yarda-qo‘ymay dadasini ko‘ndirib, ko‘chaga otlandi. Yuragim biroz bezovtalanib, farzandimning ortidan qarab qoldim.
Qishlog‘imizning past tarafidan Angren kanali oqib o‘tadi. Yozda uning atrofi odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Ayniqsa, tushlik mahali daladan qaytayotgan dehqonlar, poda boqayotgan bolalar suvga bir sho‘ng‘ib olishadi. Kanalning ayrim yerlari sayoz, ba’zi joyi o‘ta chuqur. O‘ynoqi toshqinlarning qay vaqt jumbushga kelishini esa hech kim bilmaydi. Meni mana shu narsa xavotirga soladi. Har yili “Falonchining bolasi cho‘kibdi”, degan sovuq xabar shamol tezligida tarqalardi. Shu sabab o‘g‘lim Ahrorni hech qachon Angren kanali yoqasiga yubormaganman.
***
– Mannon amaki, Mannon amaki… – hovlida Rasulning xavotirli ovozi eshitildi. Idish-tovoqlarni yuvib turgandim, uning hayqirig‘idan cho‘chib ketdim.
– Nima gap, Rasul?
– Yanga, yanga qayerdasiz, Ahror suvda oqib ketdi!!! Men ulgurmadim, o‘zi qo‘yib yubordi, unga aytgandim…
Rasul yana nimalardir dedi, ammo qolgan gaplari qulog‘imga kirmadi. Jon holatda ko‘chaga yugurdim. Xo‘jayinim ham yugurib, mendan o‘zib ketdi. Nazarimda yo‘l har doimgidan-da olis tuyuldi. Axiyri uzoqdan suv ko‘rindi.
Erim o‘zini suvga otdi. Men esa najot izlagan ko‘zlarim bilan unga boqardim. Zum o‘tmay, qo‘shnilar ham yetib kelishdi. Ularning ham farzandlari Ahrorjon bilan birga edi. Mening jigargo‘shamdan boshqa hamma bola shu yerda. Kelganlar ham suvga sho‘ng‘ishdi.
Rasulni chaqirib, nima bo‘lganini qayta-qayta so‘radi:
– Hammamiz cho‘milayotgandik. Bir payt shiddat bilan katta suv ko‘tarilib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Bor ovozim bilan baqirdim. Bolalar sohil tomon suzishdi. Ahror esa orqaroqda edi. Men tezda uning yoniga suzib, yelkamdan mahkam ushlab olishini aytdim. Uni opichlab, qirg‘oqqa suza boshladim. To‘lqin bir zumda yetib keldi. Qandaydir po‘rtanaga ham o‘xshardi. Orasida o‘tlar, mayda tosh va qum aralash oqardi. O‘zim ham qo‘rqib ketdim. Sohilga yetay deganimizda Ahrorning qo‘li sirpanib, yelkamdan chiqib ketdi. Ortimga o‘girildim. U menga tikildi-yu, birdan qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi. So‘ng suv uni oqizib ketdi. Baqirib-chaqirdim, ammo u qaytib suv yuzida ko‘rinmadi. Keyin uyga qarab yugurdim…
***
Sharq tomon qizarib, quyosh botmoqda. O‘g‘limdan esa darak yo‘q. Hamma titragancha suvdan chiqib keldi. Men najot istab, ularga boqib turardim. Qani endi birortasidan sas chiqsa. Ularning ko‘zlariga, og‘ziga qaradim: hamma jim! Boshini quyi solgancha, aybdor odamdek yonimdan jim o‘tib ketishardi. Ortda kelayotgan erimning ko‘ksiga o‘zimni otdim:
– Bolamni topib bering, qani meni bolam?! Hammasiga siz aybdorsiz, uni siz yubordingiz, birga bormadingiz…
Men o‘zimni butkul yo‘qotib qo‘ydim. Yonimdagi ayollar meni tinchlantirishga urinardi. U kishida ayb yo‘qligini qayta-qayta aytishardi.
Oydin oy yog‘dusida hamma uyga qaytdi. Faqat meni hech qayoqqa ketgim kelmasdi. Bolamning yolg‘iz qoldirib ketolmayman-ku. U qorong‘idan qo‘rqadi…
Shahardan g‘avvoslarni chaqirtirdik. Ular asbob-uskunalari bilan yetib kelishdi va tezda o‘z vazifasiga kirishdi. Ancha joygacha o‘g‘limni qidirib borishdi, biroq ular bir parcha mato ham topa olishmadi…
* * *
Kechasi bir o‘zim yana kanal tomon yo‘l oldim. Suvga yetgach, sohil bo‘ylab yugurib, telbalardek baqirdim:
– Ahror!!! Chiq suvdan. Seni Allohim suyib, o‘z bag‘riga olgan ekan, roziman, bolam, faqat suvdan chiq! Yuragim to‘lib ketdi, bag‘rim kuyib ketdi, chiq, bolam! Emizikli ukang bor, ikki kundan beri ko‘kragimda sut yo‘q, ukang och qolyapti. Ahror, chiq suvdan! Yo, men oldingga boraymi, kutyapsanmi meni? Biror nima degin, jonim bolam, – ovozim pastlab, holsizlikdan cho‘kkalab qoldim. Ko‘zimdan “duv-duv” yosh tomardi.
– Yaxshi ko‘rgan ovqatingni pishirib beraman, tug‘ilgan kuningda yoqtirgan kompyuteringni sovg‘a qilaman, futbol klubiga qatnamoqchi eding, ruxsat bermagandim. Chiq suvdan, bolam, o‘sha klubingga boramiz. Xohlagan ishingni qil, indamayman. Suvdan chiq, Ahror, Ahror…
Qirg‘oqda qancha o‘tirganimni bilmayman. Etim sovuqdan junjikib, o‘rnimdan turdim. Ortimga o‘girilsam, turmush o‘rtog‘im Mannon aka ham cho‘kkalab o‘tirgan ekan. Ular ham yelkalari silkinib-silkinib yig‘lardi. Yoniga borib o‘tirdim. Yelkasiga boshimni qo‘yib, yana yig‘ladim.
O‘shanda e’tibor bermagan ekanman. Ikki kun ichida ozib, yelkasi cho‘kib qolibdi. Bor alamimni ulardan oldim, baqirdim, urishdim. U kishi esa “miq” etmadi. O‘zini rostdan aybdor bilib, ich-etini yebdi. Tongacha nursiz osmonga tikilib, ikkalamiz ham to‘yib yig‘ladik. Suv esa hech narsa bo‘lmagandek sokin oqardi.
Tongda butun mahalla odamlari yig‘ilib kelishdi. Qo‘llarida uzun arqon, bir-birining beliga bog‘lab, suv kecha boshlashdi. Ancha joygacha qidirib borishdi. G‘avvoslar yetib bormagan joylarni ham axtarishdi. Suvning chuqur tubiga sho‘ng‘ib, qum va loylarni tepib, qaytib chiqishardi. Tinkasi qurib, madorsizlanishsa-da qidiruvni to‘xtatishmadi. Bir payt tog‘amning o‘g‘li baqirdi:
– Oyog‘im nimagadir tegdi…
Yo, Allohim, u nima deyapti?! Ichimda yaratganga nola qildim: “Xudoyim, ortiq bardoshim yetmaydi…”
Suv yuziga nimadir ko‘tarildi!
– Bu, Ahror!!! – deya barcha baqirib yubordi. Uni suvdan olib chiqishdi. Bolajonim uch kun suv ostida qolgan bo‘lsa ham biror joyi lat yemagan yo tirnalmagan edi. Xuddi oppoq farishtadek shirin “uxlab” yotardi…
Muattar Olimovaning so‘zlarini Dildora FAYZIYEVA oqqa ko‘chirdi.