Adabiy va abadiy do‘stlik
Poytaxtimizda tashkil etilgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya milliy adabiyotimiz rivoji, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining yanada yuksalishini ta’minlash, dunyo xalqlari bilan adabiy aloqalarni mustahkamlashdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Mazkur anjumanga yurtimiz va jahonning 25 davlatidan adib va shoirlar, mutarjimlar, adabiyotshunos olimlar, munaqqidlar, yosh ijodkorlar taklif etildi.
Ulug‘bek YeSDAVLAT,
Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi:
– Markaziy Osiyo xalqlarining ming yillik dostonlari va boqiy an’analari bor. Bugun mintaqa bo‘ylab adabiy aloqalar rivojlanish bosqichiga ko‘tarilgan. Yurtingizda o‘tayotgan konferensiya qardosh xalqlar adabiyoti va xalq og‘zaki ijodi namunalarini turli mintaqalardan kelgan olimlar va ijodkorlar bilan keng muhokama qilish imkonini bermoqda. Qozog‘istonda o‘zbek adabiyotini o‘rganuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Darsliklarda Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa mutafakkirlar ijodi o‘rganilmoqda. Xalqlarimizning adabiy hamkorligi bizni yanada yaqinlashtiradi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoevning Abay ijodiy merosini munosib baholab, yurtingizda uni yanada chuqurroq o‘rganishni targ‘ib qilish bo‘yicha qaror chiqargani bizni behad mamnun qildi.
Ishtirokchilar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tutash maydondagi hazrat Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi. Mazkur universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N. Yo‘ldoshev o‘qib eshittirdi.
Abdulhakim Sha’riy JUZJONIY, olim (Shveysariya):
– O‘zbek tili qadim va buyuk tildir. Bu til lug‘at boyligi, grammatik va leksikologik jihatdan bemalol xalqaro til maqomiga da’vogarlik qila oladi. Chunki o‘zbek tilining ildizi juda ko‘hna davrlarga borib taqaladi. Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf xos Hojib kabi qomusiy allomalarning til tarixi, qoidalari haqidagi asarlari o‘zbek tilining naqadar boy til ekanini ko‘rsatib turibdi. Hazrat Navoiyning shoh asarlari, Zahiriddin Boburning “Boburnoma”si, Mashrab, Muqimiy, Ogahiy g‘azallari bitilgan bu til chin ma’noda jahon tillari bilan bahslasha oladi.
Anjumanda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan sho‘balarga bo‘lingan holda o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xorijda o‘rganish va targ‘ib etish, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, badiiy tarjima sohasida mutaxassislar tayyorlashdagi xalqaro ilg‘or tajribalar, xalqaro ijodiy aloqalarni kuchaytirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama etildi.
Xalqaro konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X. Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Abduhakimov ishtirok etdi.