Yordamga muhtoj “tez yordam” yoxud tibbiyot xodimlarining haq-huquqlarini kim himoya qiladi?

O‘tgan hafta oxirida yurtimizdagi axborot beruvchi internet saytlari, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Poloson qishlog‘ida 89-qishloq oilaviy poliklinikasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi shifokori chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi tomonidan qattiq kaltaklangani va buning oqibatida shifokor og‘ir tan jarohat olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tezkor o‘rganish ishlarini olib bordi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra 2018 yilning 3 avgust kuni soat 16: 30da Poloson qishlog‘i, Mozortagi ko‘chasi, 50-uyda istiqomat qiluvchi, 1949 yilda tug‘ilgan Mirzajalil Hakimovning behush yotganligi to‘g‘risida qarindoshlari tomonidan tuman markazi shifoxonasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiiga murojaat kelib tushgan. Chaqiruv markaziy tez tibbiy yordami bo‘limi orqali qabul qilinib, soat 16: 31da 89-qishloq oilaviy poliklinikasiga uzatilgan. Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari, ya’ni shohobchaning navbatchi shifokori Shuhratbek Sirojiddinov va hamshira Umidaxon Husanovalar shu zahoti, soat 16: 32da chaqiruvga chiqib ketishgan. Xonadonga Tez tibbiy yordam brigadasi soat 16: 36, ya’ni 4 daqiqa ichida (O‘zbekiston Respublikasi SSVning 2018 yil 19 fevraldagi 105-sonli buyrug‘ida tez tibbiy yordami brigadasi chaqiruvga 25 daqiqa ichida yetib borishi belgilangan) yetib borishgan.

Navbatchi vrach tez tibbiy yordam mashinasidan tushib bemorni ko‘rish uchun shoshib kirib ketayotgan paytida bemorning nabirasi shifokorni haqorat qilib, besabab do‘pposlagan. Vrach Sh. Sirojiddinov bosh va qulog‘i aralash bexosdan tushgan kuchli zarbadan og‘ir miya jarohati olishi hisobiga hushidan ketib yiqilgan. Shunday vaziyatda ham o‘z xizmat vazifasini unutmagan hamshira Umidaxon Husanova bemorni kirib ko‘rganda bemor allaqachon vafot etganligi, hatto, bemorning qarindoshlariga xabar berilib, ular yetib kelishganining shohidi bo‘lgan.

Vrach Shuhratbek Sirojiddinov ham birozdan so‘ng hushiga kelgach, o‘rnidan turib bemorni ko‘rgani kirganida 70 yoshga kirgan Mirzojalil Hakimovning bir necha daqiqa avval vafot etganligi va hatto, qarindoshlari mayitning iyagini xam bog‘lab qo‘yganligini ko‘rgan. Vrach Shuhratbek Sirojiddinov o‘rnidan turayotganda olgan og‘ir jarohati hisobiga yana hushidan ketib yiqiladi va tez tibbiy yordami mashinasida Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi Shoshilinch tibbiy yordami bo‘limiga “Og‘ir bosh miya jarohati, miya chayqalishi, chap quloq suprasi atrofi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap quloq pardasining yirtilishi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda yotqiziladi. Bemorga viloyat markazidan yuqori malakali, oliy toifali shifokorlar: reanimatolog Natalya Kitayeva, neyroxirurg Baxtiyorjon O‘rinov va otorinolaringolog Shuhrat Turg‘unboyevlar kelib, konsilium o‘tkazishdi. Konsilium xulosasiga binoan bemorning ahvoli og‘ir ekanligi, davo muolajalarini davom ettirilishi tavsiya etildi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi.

Zayniddin NIZAMXODJAYEV,

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi:

O‘zbekiston Senati shifokorlar haq-huquqlarini qonunan himoyalashni rejalashtirmoqda. O‘tgan va joriy yilning birinchi choragida bemorlar shifokorlarning davolash natijalaridan asossiz ravishda norozilik bildirib, ularga nisbatan shaxsiy adovati oqibatida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 30 ga yaqin holatda hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 3 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan jismoniy va ma’naviy zarar yetkazilgan. Mazkur holatlar bo‘yicha qo‘mita Sog‘liqni saqlash vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritgan va bu masalalar yaqin vaqt ichida hal etiladi.

Senat vakilining so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita tomonidan tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazilib, unda jumladan, tibbiyot xodimlariga belgilangan me’yordan ortiq vazifalarning yuklanishi, tibbiyot muassasalarida ish joylarning qisqartirilishi, shifokorlarning tibbiy mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan turli mavsumiy ishlarga jalb etilishi, tibbiyot xodimlarining bemor va uning qarindoshlari tomonidan haqorat qilinishi, jismoniy kuch ishlatilishi, ruhiy ta’sir qilinishi holatlari muhokama qilingan.

Yana o‘qing:  Tanqidiy va tahliliy fikr yangi marralar uchun mustahkam zamindir

 

Shifokorlik – mas’uliyatli, shu bilan birga, sharafli kasb. Qalbi libosi kabi oppoq bo‘lgan ushbu kasb egalarining beminnat ko‘rsatgan xizmatlari, kasbiga bo‘lgan sadoqati tufayli qancha-qancha insonlarning hayoti saqlab qolinadi. Ular savobli mehnatlari ortidan insonlar ko‘ngliga quvonch, xursandchilik ulashadi, obro‘ qozonadi. Ammo ba’zi bir yuqoridagi kabi ma’naviyatsiz insonlar tomonidan tibbiyot xodimlarining asossiz kaltaklanishi kishi dilini xira qiladi. Afsuski, bunday holatlar oxirgi paytlarda tez-tez uchrayotgani tajribali shifokorlarning birlamchi tizimdan ketib qolishlariga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, har bir tibbiyot xodimining haq-huquqlarini himoya qilish, ularni munosib rag‘batlantirishni kuchaytirish borasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan izchil sa’y-harakatlar olib borish zarur.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: