Bu yorug‘ olamda Vatan bittadir

Insonning umr yo‘lini charog‘on qilib turadigan, hayot yo‘lini belgilaydigan shunday purma’no so‘zlar, dunyo qonunlariga sig‘maydigan shunday o‘lchovlar borki, ularni na qolipga solib, na bo‘ysundirib bo‘ladi. Bular ONA va VATAN deb atalmish Behisht bog‘idan tushgan so‘zlardir. Ular tilga olinganda odamlarga diqqat bilan nazar soling: yuraklar hapqiradi, ko‘zlar quvonchga to‘ladi, dilni esa cheksiz surur egallaydi.

Xizmat safari bilan manaman degan xorij davlatlariga borsangiz, uch kundan so‘ng zerika boshlaysiz, yurtni sog‘inasiz. Ko‘zingizga osmono‘par minoralaru, ulkan dengiz ustida bunyod etilgan muhtasham ko‘priklar ham ko‘rinmaydi. Aslida jannat yurtingizning bir hovuchgina tuprog‘ida ekanini anglaysiz:

Qancha diyorlarda sayr etib yurdim,

Qancha manzillarda tuzdim oshyon.

Va buyuk hikmatga axir yuz burdim,

Siylangan joyida azizdir inson.

Ha, siylangan joyida, ya’ni kindik qoni to‘kilgan tuproqda inson aziz, mo‘tabar. Ona Vatan deb qo‘shib aytishlari bejizga emas. Ona Vatan kabi ulug‘, Vatan Ona kabi muqaddas. Ularni ikkisini bir-biridan aslo ayro ko‘rsatib bo‘lmaydi. Ular o‘zaro chambarchas, mushtarak bog‘langan.

Dunyo shoirlari Vatan sha’niga,

Sifat axtarmishlar qator va qator.

Nihoyat, kelmishlar bitta ma’niga:

Ona Vatan deya bitmishlar ash’or.

Ona Vatanimiz mustaqilligiga 22 yil to‘ldi. Shu qisqa, ammo tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan yozilgan yillar davomida olamga tatirlik yutuqlar, ulkan g‘alabalar qo‘lga kiritildi. Biz o‘z bayrog‘imiz, gerbimiz, ona tilimiz, milliy madhiyamiz, milliy valyutamizga ega bo‘ldik. Bizni butun jahon tan oldi!

Bugungi kunda 100 dan ortiq mamlakatda elchixona va vakolatxonalarimiz ishlab turibdi, 70 dan ortiq xorijiy davlatlarning elchixona va konsullik idoralari poytaxtimizda faoliyat olib bormoqda.

Har yili minglab o‘zbek yoshlari xorijiy davlatlarning eng ko‘zga ko‘ringan universitetlarida bilim va ko‘nikmalarini oshirib qaytishmoqda va o‘z navbatida ko‘plab chet ellik mutaxassislar yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashishmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan taraqqiyotning «O‘zbek modeli»ni bugun dunyo ahli katta qiziqish bilan o‘qib-o‘rganayotir.

«Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, Mustaqil O‘zbekiston!» shiori ostida o‘tkazilayotgan ulug‘ ayyom shukuhi butun respublikamiz bo‘ylab keng yoyilgan. Qaysi viloyatga bormang, qaysi tumanga yo‘lingiz tushmasin, hamma yerda eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz shodiyonalari ustidan chiqasiz. Poytaxt va viloyatlarda qad rostlayotgan ulkan inshootlar, fusunkor bog‘lar, tarovatli maydonlar bahri-dilingizni ochadi, qalbingizda Ona Vataningizdan g‘ururlanish tuyg‘ularini tuyasiz. Mustaqillik in’om etgan hur shabada tanangizni yayratib, O‘zbekistondek Yaratgan nazari tushgan yurtda tug‘ilib, kamolga yetganingizga, shu qutlug‘ zaminning farzandi ekaningizga shukronalar keltirasiz. Bugun har bir o‘zbek farzandi Ona Vatanimizning 22 yillik ulug‘ ayyomi arafasida uning rivojiga, taraqqiyotiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganidan mamnun bo‘lib yashamoqda.

Yana o‘qing:  XORIJ SAHNASIDA O‘ZBEGIM YOSHLARI

Bisyor bo‘lsa agar bol ham beqadr,

Takror aytilganda rangsizdir kalom.

Bu yorug‘ olamda Vatan bittadir,

Bittadir dunyoda Ona degan nom!

Ravshan JOMONOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: