Mehri mayoq mahallam

To‘qsonni qoralayotgan onam betob edilar. Hayit bayrami arafasida mahalla oqsoqoli Mo‘minjon aka maslahatchilari Hakimaxon va Arofatxonlar bilan uyimizga kirib kelishdi. Onamdan hol-ahvol so‘rab, u qilgan ishlarni eslashdi. Tengdosh dugonalari Yombi xola bilan Ilyos opani ko‘rib qaytishayotganini aytib, ularning salomlarini yetkazishdi. Ishonasizmi, kun bo‘yi injiqlanib o‘tirgan onam birdan muloyim tortdi. Rangiga qon, tanasiga jon yugurdi. Dasturxon atrofida ular bilan biroz gurunglashishga kuch ham topdilar.

– Xalqimiz bejizga yoringdan ayrilsang ham yeringdan ayrilma demagan-da, bolam, – dedilar onam ularni kuzatib qayt­ganimdan so‘ng dasturxon chetiga qo‘yilgan bir shox rayxonni xidlab. – Baraka topgur, Mo‘minjon xo‘p ba’mani yigitda. Otasi, bobosi ham mahallaning oldi, ziyoli kishilaridan edi.

– Onajon, oqsoqolning buvalarini ham taniysizmi, – hayratimni yashirmadim.

– Albatta taniyman-da, shu yerda tug‘ilib, shu yerda umrim o‘tgan bo‘lsa. Mahallamizdagi har bir oila, har bir kishi bilan oshno-og‘ayni, do‘st-qadrdon bo‘lib ketganmiz, – faxrlandi onam. – Odamzot o‘z qadrini avvalo mahallasidan topadi.

Onam haq. Haqiqatan ham milliy qadriyatlar maskani bo‘lgan mahalla u yerda istiqomat qilayotgan har bir kishi uchun muqaddas dargoh, Vatan ichidagi mo‘jaz vatandir. Endigina atak-chechak qilib darvoza xatlab tashqariga chiqqan go‘dak ilk rag‘batni mahallasidan eshitadi. Buvijoni qo‘lidan ushlab chopqillab-chopqillab bog‘chasiga yo‘l olarkan, u qo‘ni-qo‘shnilarga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradi. «Barakalla toychoq» yoki «aqlli qizimdan o‘rgilay» degan duolardan quvonib-quvonib bo‘yi bilan barobar ko‘ngli chog‘ o‘saveradi. Yoqimtoy, g‘amxo‘r mahalladoshlariga nisbatan ko‘nglida mehr paydo bo‘ladi. Mahalla uning uchun talabchan ota, jonsarak ona hamdir. «Bolam nega dars paytida tashqarida yuribsan, uyat emasmi?», «Falonchixon, qiz bolaga bunaqangi xo-xolab kulish yarashmaydi» kabi ilk tanbehlarni ham mahalladoshi aytadi. O‘g‘il-qizlar esa bu o‘git zamirida otalarcha g‘amxo‘rlik borligini sezadi. Bu o‘gitlarga amal qilishga, mahallasi yuzini yorug‘ qiladigan farzand bo‘lishga intiladi. Shu tariqa tarbiyalanib boradi. Uning ilk yutug‘i, ilk muvaffaqiyatidan ham birinchi bo‘lib mahalladagilar sevinadi, faxrlanadi.

El netib topgay menikim,

Men o‘zimni topmasam….

Hazrat Navoiyning ushbu hikmati ham mahallaga qaratilganday, go‘yo. Chunki inson avvalo, tug‘ilgan yerida aziz bo‘lsagina, bosh­qa joyda ham qadrlanadi. «O‘zimizning polvon», «O‘zimizdan chiqqan yozuvchi», «Bizning chempion» bunday faxr, iftixor har bir inson diliga mas’uliyat yuklaydi. Bu ishonchga munosib bo‘lishga intiladi.

Yana o‘qing:  Ellar va dillar payvandi

Erta tong darvozadan chiqib ishga otlanar ekanman, ochiq yuzli qo‘shnilarim, yo‘l-yo‘lakay uchragan mahalladoshim bilan jilmayib so‘rashaman. Ular ko‘zidagi xayrixohlik, «yaxshi borib keling», «yo‘lingiz bexatar bo‘lsin» kabi ikki og‘iz iliq so‘z menga qanot beradi. Kun bo‘yi yaxshi kayfiyatda yuraman. Shukrki, mahallam bor, deb quvonaman. O‘zimni, oilamni ulardan ayro tasavvur qila olmayman. Uy quramizmi, to‘y qilamizmi mahallaga tayanamiz. «El puflasa, shamol turadi», deganlaridek birov bir arava g‘isht, birov to‘rt donagina xari, yana birov bir qop sement bularning bari imorat tiklayotgan odam uchun katta madad.

Hay-hay, xuddi to‘y, deysiz. Qaysidir qo‘shni bir tog‘ora osh, yana birovi bir tandir non yopib kirgizadi. Ko‘plashib, hay-haylashib kelin-kuyovga uy bitib qoladi. To‘yda ham, ma’rakada ham akang, tog‘ang, xolangdan ham yaqin bo‘lib ketgan mahalladoshing madadkor. Hech kim holini ko‘ray demaydi, aksincha uy zamonaviy qurilsa, to‘y to‘kin-sochin o‘tsa, mahallaning obro‘si deb o‘ylaydi. «Devor yiqilsa, ichiga yiqilsin» maqoliga ham aynan mahallada amal qilinadi. O‘g‘lidan ranjigan ota, qizini yo‘lga solishga qiynalgan ona ham dardini oqsoqolga aytadi, muammo joyida xal bo‘ladi. Kelin yoki qudasi bilan kelisholmagan qaynona ham mahalla maslahatchisiga quloq soladi. Mahallasi madadiga tayanadi. Chunki o‘zbeklar mehrni ham, qadrni ham mahallasidan topadi.

Biror yutuqqa erishsa, «mahalladagilar eshitsa, qanday yaxshi bo‘lardi», deb o‘ylasa, xatoga yo‘l qo‘ysa, «qaniydi, mahalla-ko‘yning qulog‘iga tushmasa, aks holda nima degan odam bo‘laman», deb iztirob chekadi. Chunki mahalla chinakam tarbiya o‘chog‘i.

«Mustaqillik yillari mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va an’analarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib bormoqda. Shu bilan birga mahalla huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda. Ular bugun o‘zini o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda», deyiladi Yurtboshimizning «Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch» asarida. Bu fikrning nechog‘lik to‘g‘riligini o‘zim yashayotgan Qibray tumanidagi Bahor mahallasi faoliyatida dil-dildan his qilib turibman. Mahalla oqsoqoli Mo‘minjon Hamidov rahbarligidagi faollar mahalladagi 300ta xonadon, ularda istiqomat qilayotgan ikki mingdan ortiq aholining turmush tarzi, moddiy va ma’naviy ahvolini yaxshi biladi. Vakolatlaridan to‘g‘ri foydalanib, imkon darajasida ular xolidan xabar oladi. Mustaqillik arafasida mahallada yashovchi Shoxida Noryigitovaga davolanishi uchun 2,5 million so‘mlik mablag‘ ajratildi. «Bulbulcha» bolalar bog‘chasiga 500 ming so‘mlik o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi. 50-maktab xovlisiga ichimlik suvi olib kirishdi. QVPning ikkita xonasi ta’mirlab berildi. Ko‘chaga elektr simi o‘tkazildi. Yana bir ko‘chaga asfalt yotqizildi. Mahalla kundan-kunga obodonlashtirilmoqda, odamlarning ma’naviy olami ham boyib bormoqda. Har kim o‘z uyi, ko‘chasi, mahallasi obod bo‘lishi uchun astoydil intilmoqda.

Yana o‘qing:  Bolalarning Buxoroga bayram sayohati

Imkoniyati qadar o‘z iste’dodi, mehnati bilan mahallasi, mamlakati kundan-kunga obod bo‘lishiga hissa qo‘shishga intilyapti. Mahalla mehri mayoq bo‘lib, uni yangiliklarga, izlanishlarga undayapti.

Men mahallaning keng, ravon ko‘chasidan borayotib, hosildan bosh eggan olmazor, olxo‘rizor bog‘lariga g‘urur bilan tikilar ekanman, ikki dona olma ko‘tarib menga peshvoz chiqqan mahalladoshimga jilmayib boqaman. Lablarim beixtiyor «mehringdan aylanay, mahallam», deya pichirlaydi.

Muhabbat MAHMUDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: