“Yo‘q” deyishni o‘rganamiz
Har bir ota-ona ertami, kechmi, farzandiga qat’iyan “yo‘q” deyishi kerak bo‘lgan vaziyatlarga duch kelishi aniq. Masalan, bola elektr uskunasi bilan o‘ynamoqchi bo‘lganda yoki muzqaymoqni me’yoridan ko‘p yegisi kelganda “xo‘p” deyishning iloji yo‘q. Bunday vaziyatlarni ko‘plab sanash mumkin. Bu so‘zni bolaning ko‘nglini og‘ritmasdan va unga tushunarli qilib qanday ayta bilish kerak? Buning bir nechta qoidasini muhokama qilamiz.
“Yo‘q” so‘zi kamdan-kam ishlatilishi kerak. Chunki, bu so‘zni hadeb eshitavergan bola keyinchalik unga e’tibor bermaydigan bo‘lib qoladi.
“Yo‘q” dedingizmi, fikringizdan qaytmang. Bir marta taqiqlangan narsa har doim taqiqlangan bo‘lishi kerak. Aks holda bu so‘z o‘z qadri va jiddiyligini yo‘qotishi mumkin.
Bu so‘zni aytish bilan ish bitmaydi. Keyingi keladigan bosqichga tayyor turing. Chunki bola gapingizga darrov ko‘nib, “xo‘p” deb ketavermaydi. U norozilik bildira boshlaganda, xotirjamlik bilan o‘z fikringizda qat’iy turaverishingiz kerak. Bola taqiqni qabul qilgach, uni yengilgina maqtab qo‘ying.
“Yo‘q”ning sababini bolaga uzundan-uzoq ilmiy so‘zlar bilan emas, u tushunadigan sodda va oson tilda tushuntirishga harakat qiling.
Bu so‘zni xotirjam va ishonch bilan ayting. Jahl bilan aytsangiz, bolaga urishayotgandek, kulib aytsangiz, hazillashayotgandek bo‘lib tuyulasiz. Bolani qo‘rqitish ham to‘g‘ri emas.
Taqiqlangan narsani keyingi gal qilmaslikka harakat qilayotganini ko‘rsangiz, dalda bering, to‘g‘ri qilayotganini aytib, ko‘nglini ko‘taring.
Taqiqlangan narsa haqida oilaning barcha a’zolari xabardor bo‘lib, ularning fikri bir joydan chiqishi kerak. Bu narsa barcha yoshdagi bolalar tarbiyasi uchun juda samarali usuldir. Oilada bolaga nima taqiqlanganligi haqida barcha kattalar ogohlantirilgan bo‘lishi kerak.
Biz kattalarga nimanidir bola uchun taqiqlash oson bo‘lib tuyuladi. “yo‘q” degan so‘zni ba’zan ko‘p ishlatgimiz keladi. Buning tagida katta javobgarlik yotishini yaxshi tasavvur qilolmaymiz. Aslini olganda har bir taqiq tarbiyadek murakkab jarayonning bir bo‘lagidir. Bolaga nimanidir taqiqlashdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Bu narsaning foyda va zararlarini taroziga tortib ko‘ring. Faqat o‘zingizning tinchingizni ko‘zlamang. Shundan so‘nggina, bolangizga “yo‘q” so‘zini ayting. Unga shu so‘zni aytganda ham to‘g‘ri ayta biling.
Vasila PO‘LATOVA tayyorladi.