Mo‘jiza ne’mat
Ona suti bola organizmi uchun eng maqbul ozuqa. U go‘dak organizmida yengil hazm bo‘ladi. Ayniqsa, ayol yangi bo‘shangan paytida uning ko‘kragidan uch kun davomida og‘iz suti keladi. To‘yimli, sarg‘ish va quyuq bo‘lgan ushbu sut bola vujudiga emlashdek ta’sir qiladi.
Ko‘krat sutida bolaning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan mikro va makro elementlar, vitaminlardan tashqari uning immunitetini mustahkamlovchi antitanachalar mavjud. Shu sababli ham keksa va dono buvijolarimiz yosh onalarga go‘dakni 2 yoshgacha emizishni tavsiya etishgan. Zero, ona sutini emib katta bo‘lgan o‘g‘il-qizlar sun’iy bolalar ozuqasi bilan boqilgan tengdoshlariga nisbatan ancha durkun, suyagi baquvvat bo‘lib ulg‘ayishgan.
Emizikli onalar avvalo, faslga qarab kiyinishlari hamda ushbu mavsumga mos ovqatlanishlari zarur. Ammo, ular go‘dakning sog‘ligiga salbiy ta’sir etuvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishlari kerak. Ayniqsa, dudlangan, sho‘r yeguliklar hamda turli kimyoviy bo‘yoqlar solingan gazli ichimliklar, margarin va kakaoli mahsulotlar, dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat, yasmiq, soya)ni iste’mol qilmaganlari ma’qul. Zero, bu mahsulotlar yel hosil qilib, go‘dakning qorinini dam qiladi. Uning ichaklari sanchib og‘riydi.
Shuningdek, bolasini ko‘krak suti bilan oziqlantirayotgan onalar arpabodiyon damlamasini ichib yursalar maqsadga muvofiqdir.
Arpabodiyon nafaqat yel haydaydi, balki u ona sutini ham ko‘paytiradi. Undan damlama tayyorlash uchun 0.5 l. hajmdagi choynakka 2-3 choy qoshiq ushbu o‘simlik urug‘i solinadi va choy kabi damlanadi. So‘ngra ushbu damlamali choynak o‘rab qo‘yiladi. Damlamani kechqurun tayyorlab, ertalab och qoringa ichish mumkin. Suyuq ovqatlar (mastava, qaynatma sho‘rva, frikadelkali, teftelli sho‘rvalar) hamda sut mahsulotlarini iste’mol qilish va ko‘p suyuqlik ichish ona sutini ko‘paytiradi.
Ona issiq kunda ochiq havoda uy yumushlari bilan band bo‘lib, tanasi qizib turgan holatda bolasini emizmasligi kerak. Aks holda go‘dakning me’da-ichak tizimi faoliyati buziladi. Bunday holatda ona salqinroq joyda dam olib, muzdek bo‘lmagan ko‘k choy yoki meva sharbatlarini ichishi zarur. Keyin iliq dush qabul qilib, biroz ko‘krak sutini sog‘ib (uni daraxt tagiga to‘kish lozim) so‘ng chaqaloqni emizishi mumkin. Issiq kunda oftob tig‘ida yurgan onaning suti mittivoyga salbiy ta’sir etadi. Yana tiniqib uxlagan ona bola parvarishida toliqib qolmaydi. Uning suti ham yetarli bo‘ladi. Taomnomada yorma donli mahsulotlar (suli, grechixa, tariq, bug‘doy) hamda meva-sabzavotlarning ko‘proq bo‘lishi emizikli onani qabziyatdan asraydi. Bu esa juda muhim. Chunki ich qotishi, ona sutining sifatiga ta’sir etadi.
Sahifani Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi.