Oliy o‘quv yurtlarida test sinovlari boshlandi. Va’da qilingan shaffoflik ta’minlanadimi?
“Talabalik – oltin davr” deb bejiz aytilmagan. Bu unutilmas davrning ilk bosqichi abituriyentlikdan boshlanishi hech kimga sir emas. Hayajonga to‘la bu onlarni esa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi…
Kecha yurtimizning barcha hududlarida oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat yo‘nalishiga kirish uchun test sinovlari boshlandi. Boshlandi, deyishga sabablar yetarli. Boisi, bu yil har yilgidan farqli o‘laroq, imtihonlar o‘n besh kun davomida bo‘lib o‘tadi. Qolaversa, Davlat test markazi vakillari joriy yil test jarayonlari har tomonlama shaffof o‘tishiga va’da bergan edi. Biz esa amalda qanday bo‘lganligini bilish maqsadida imtihon o‘tkazilayotgan joyga bordik.
Yana bir yangilik. Bu yil imtihon maktab yoki boshqa o‘quv muassasalarida emas, ochiq majmualarda bo‘lib o‘tmoqda. Poytaxtdagi barcha oliygohlar sakkizta pavilionga bo‘lindi. Aralash tartibda guruhlarga ajratilib, imtihonlar kunning ikki qismida o‘tkazildi. Biz poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”ning ochiq binosida imtihonga tayyorgarlik jarayonlarini bevosita ko‘zdan kechirdik.
Abituriyentlarning har biri uchun alohida parta. Oraliq masofa ikki metrni tashkil etadi. Buning sababi to‘rt tomonga kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, jarayonni to‘liq kuzatib turish mo‘ljallangan. Kameralarni DTMning mas’ul xodimlari diqqat bilan kuzatib boradi. Shuningdek, www.test2018.uz sayti orqali imtihonni onlayn kuzatib borish mumkin. Bu uzoq hududlarda yashovchi, farzandi bilan birga imtihonga kela olmagan ota-onalar uchun ajoyib qulaylik.
Muvaffaqiyatga erishsangiz, quvonchingiz dunyolarga sig‘maydi. Ota-onangiz esa sizdan ikki hissa ko‘proq sevinadi. Mushkulotda esa sizdan-da ko‘proq kuyunadi. Buning isbotini bolasini imtihondan chiqishini kutib turgan ota-onalar nigohida ko‘rish mumkin.
– Sahar-mardondan nabiramni duo qilib, imtihonga kuzatdim, – deydi Jizzax viloyati, Forish tumanidan Mahkam hoji ota Abdullayev. – Uyda kutib o‘tirishga sabrim yetmay, ortidan o‘zim ham keldim. Uni bolaligidan o‘zim katta qilganman. Maktabda a’lo baholarga o‘qidi, repetitorda tayyorlandi, uch yildan buyon Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshiradi. O‘tgan yillar nabiram imtihon vaqtidagi nohaqliklarni gapirib, xafa bo‘lardi. Bu yil korrupsiyaga qarshi katta kurash olib borilayapti. Bilimi borlar marraga yetadigan zamon keldi.
Otaxon bilan suhbatlashayotgan paytimiz uning nabirasi imtihondan chiqib keldi. Yaqinini ko‘rib, suhbatdoshimiz xursand bo‘lib ketdi va uni mahkam bag‘riga bosib, “Yuraging nima deyapti?” deya savol berdi. Nabira “Nasib qilsa, bu yil kirdim!”, dedi nimtabassum bilan.
– Inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan ortga qaytmasligi kerak, – deydi Usmonjon Mahkamov. – Bu yil uchinchi bor imtihonga keldim. Ichki hissiyotlarim o‘qishga kirganimni aytayapti. Sababi oldingi yillar “parvoz”, “shpargalka” va telefondan foydalanish kabi holatlarga guvoh bo‘lganman. O‘qiganlar bir chetda qolib, qalovini topganlar “qor yog‘dirgan”. Bu yil esa shaffoflik 100 foiz ta’minlangan. Kirish jarayonida telefon yoki qog‘ozlar olib kirishga uringanlar imtihonga umuman qo‘yilmadi. Kuzatuv kameralari har tomonga o‘rnatilgan, hech qanday ortiqcha harakatning iloji yo‘q. Bilimi bor imtihondan o‘tadi.
Darhaqiqat, kelajak ilmli insonlar qo‘lida. Sababi bilimli kadr farzandimizni davolaydi, yuridik jihatdan haq-huquqlarimizni himoya qiladi, xalqning bolasiga ta’lim beradi. Ana shu jihatlarini hisobga olgan Yurtboshimiz “Kelajak sizlarniki” deya yoshlarni ilm olishga undamoqda.
– Yurtboshimizning tibbiyot sohasiga qaratayotgan e’tiboridan ruhlanib, katta maqsadlar bilan Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga hujjat topshirdim, – deydi Shahzoda Madaminova. – Shifokorlik muqaddas va mas’uliyatli kasb. Soha bo‘yicha yangi g‘oyalarim, loyihalarim bor. Nasib qilib, talaba bo‘lsam, bu g‘oyalarimni amaliyotga tatbiq etaman. Bu yil imtihon har tomonlama adolatli tarzda o‘tdi. Shuning uchun o‘qishga kirishimga ishonaman.
Abituriyentlar bilan suhbatlashish asnosida shunday xulosaga keldik-ki, bu yilgi imtihonlarning ilk kuni adolatli tarzda bo‘lib o‘tdi. Sinovlarga uzoq muddat tayyorlanganlarning kayfiyati yuqori. Sal chetroqda nimadandir bezovtalangan nigohlarni ham uchratasiz. Ularning biridan buning sababini so‘raganimizda, “o‘qishga tavakkal topshirdim, buyog‘i omadga bog‘liq” deya javob berdi. Insonga omad kerak. Ammo faqat omadni kutib yashaydigan zamonlar o‘tib ketdi. Natijalarni ertasi kuniga bilib olganlar ilm olish zarur ekanini anglab yetishadi. Bilim egalari cho‘qqini zabt etadi.
Ma’lumot uchun joriy yil respublika bo‘yicha jami 60 ta oliy ta’lim muassasalari va ularning 19 ta filialiga 675 ming 49 nafar abituriyentdan ariza qabul qilingan. Tanlov ko‘rsatgichi bir o‘ringa 8,3 tani tashkil etadi.
Eng ko‘p hujjat topshirilgan OTMlar ro‘yxatining uchligi quyidagicha:
1-Qarshi davlat universiteti – 30 ming 937 nafar
2-Samarqand davlat universiteti – 28 ming 733 nafar
3-Farg‘ona davlat universiteti – 27 ming 726 nafar
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri