Tibbiyot konsepsiyasida JSST ekspertlari ishtirok etyapti
Sog‘liqni saqlash sohasi har bir inson hayotiga bevosita daxldor. Shu bois, so‘nggi yillarda tizimni isloh etish borasida qator muhim hujjatlar qabul qilinib, ular ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu asosda Sog‘liqni saqlash vazirligida yetuk olimlar va sohaning tajribali mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruhlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan tayyorlanayotgan konsepsiya loyihasi doirasida dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli delegatsiyasi mamlakatimizga taklif etildi.
Ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti Melitta Yakab boshchiligida delegatsiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama o‘rganib, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlamoqda. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar tashrif doirasida poytaxtimizdagi ko‘plab tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni bilan bevosita tanishib, Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, bir qator vazirlik hamda idoralarda mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Melitta YAKAB,
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi yetakchi eksperti:
– Biz yurtingizga ushbu Konsepsiyani hamkorlikda tayyorlash uchun kelganmiz. E’tiborli jihati, so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston tibbiyotda tanlagan o‘z strategiyasi bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining faol a’zosiga aylandi. Bundan buyon ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyormiz.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va delegatsiya ekspertlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda tizimni tubdan takomillashtirishga qaratilgan konsepsiya loyihasi yuzasidan ko‘plab takliflar o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, xorij mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish, shu asosda tibbiyot sohasi taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Muloqotda O‘zbekiston tibbiyot tizimida oqilona strategiya hamda ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinayotgani e’tirof etilgan holda ushbu tarixiy voqealarning guvohi bo‘lish maqsadida shu yil JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesusning tashrifi kutilayotgani ham ma’lum qilindi.