Qush qo‘nmas qishloq

Bu yerning odamlari biror marta ham bo‘qoq (qalqonsimon bez yallig‘lanishi) kasalligiga chalinmagan. Suvidagi 27 xil shifobaxsh elementlarning borligi boshqa xastaliklarga ham shifoligi bilan ahamiyatli. Undan ham muhimi, hududda islom dini taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan Sayyid Ja’far G‘oziy ota nomi bilan bog‘liq Zarkent ota ziyoratgohining borligidir.

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Zarkent qishlog‘i ana shunday o‘ziga xos tabiati, ob-havosi va shifobaxsh suvi bilan ko‘pchilikning mehrini qozongan. Bu yerdagi Zarkent ota ziyoratgohiga esa barcha viloyatlardan, hatto, qo‘shni respublikalardan ham ziyoratchilar kelishadi. Ushbu maskanga kirib borarkansiz, u yerdagi mayin shabada, bulbullar xonishi va turfa dov-daraxtlarning go‘zalligi kishi vujudini entiktiradi. O‘ng tomon bo‘ylab ichkariga yursangiz, bir necha metr chuqurlikdan otilib chiquvchi buloq oldidan chiqasiz. Bu yer doimo odamlar bilan gavjum. Ayni shu obihayot butun qishloqni ta’minlaydi. Aytishlaricha, bu suv yozning chillasida muzdek, qishning izg‘irinida esa biroz iliq bo‘lar ekan.

Qishloqning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri shundaki, bu yerdagi buta va daraxtlarga bulbuldan o‘zga qush in qurib, yashab qolmas ekan. Shu bois ham qishloqning ikkinchi nomi “Qush qo‘nmas” deb ataladi.

– Qishlog‘imizning o‘ziga xos tarixi bor. Uning nomi islom dini targ‘ibotchilaridan biri bo‘lgan Sayyid Ja’far G‘oziy bobomiz nomi bilan bog‘liq bo‘lib, u kishi Suriyaning Molotiya shahrida tug‘ilgan. Diniy va dunyoviy ta’limni chuqur egallagan G‘oziy ota dushman ta’qibiga uchraydi. Negaki, bu vaqtda islom dini hali unchalik keng yoyilmagani uchun unga qarshi bo‘lganlar soni ham ko‘pchilikni tashkil qilgan. Ana shu ta’qiblardan xalos bo‘lish maqsadida Jafar G‘oziy bu yerlarga kelib qoladi va ayni shu joyda yashab, aholini islom diniga da’vat etadi. Shunda ham dushman ta’qibidan qutulolmagan bobomiz chakalakzor orasiga kirib ketadi va qaytib chiqmaydi, – deydi Zarkent ota ziyoratgohi mas’ul xodimi Mirsolih Umarov. – Bu yerga keluvchilarning aksariyati shifobaxsh suvdan totish uchun tashrif buyuradi. Shu bois, bir necha asrlar davomida bu yer muqaddas ziyoratgoh sifatida tan olinib, musulmon insonlar tomonidan Zarkent ota ruhiga tilovat va duolar qilinadi.

Qishloqqa kirib borarkansiz, bu yerning ozodaligi va bahavoligidan dilingiz yayraydi. Sof va shifobaxsh buloq suvini bir bor totsangiz, bu yerga takror-takror kelishni maqsad qilasiz.

Yana o‘qing:  Oqsaroy aslida qanday bo‘lgan?

 

Sulaymon HAYDAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: