Do‘mboq bolaning salomatligi xavf ostida…
Biz ko‘pincha ortiqcha vazn faqat kattalar uchun xavfli, deya xato o‘ylaymiz. Go‘yoki ayrim ota-onalar uchun farzandining do‘mboqligi fazilat hisoblanadi.
Aslida bunday emas. Chunki bolalikdan semizlikka moyil bo‘lganlarda yurak qon tomir xastaliklariga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi. Amerikalik olimlar 308 nafar uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan do‘mboq bolalarning salomatligini tekshirib, shunday xulosaga kelishdi. Mutaxassislar har to‘rt oyda ushbu kichik ko‘ngillilarning vaznini o‘lchashib, qiziq bir qonuniyatga duch kelishdi. Bola qancha barvaqt semizlikka moyil bo‘lsa, shuncha erta qon bosimining oshishi hamda unda yoshiga nisbatan ko‘proq me’da osti bezida insulin gormonini ishlab chiqarish kuchayib ketar ekan. Tadqiqotchilar rivojlangan davlatlarda hech mubolag‘asiz epidemiya xolatiga kelib qolgan ortiqcha vazn muammosiga noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, irsiy moyillik, ekologiyaning buzilishini sabab qilib ko‘rsatmoqdalar.
Ushbu xastalik yigirma yildan so‘ng o‘zining jiddiy asoratlarini ko‘rsatadi, deya xavotirga tushmoqda ular. Chunki semizlik sababli aholining mehnatga layoqatli qismi bo‘lgan yosh avlod turli nogironlikni orttirib olishi mumkin. Bu esa mamlakatga faqatgina iqtisodiy zarar keltiradi.