Chorrahadagi bolalar baxt tomonga ketishi kerak

 Sobir armiyadan qaytganida unga hamma havas qildi. Oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgani uchun uni uylantirish harakatiga tushishdi. Bir kuni Sobir qo‘shni qishloqdagi qizga sovchilikka borishni ko‘zlagan onasi va xolasiga Guloraning suratini ko‘rsatdi. U uch hovli naridagi Bahrom hofizning qizi edi. Avvaliga onasi rozi bo‘lmadi. Ammo baribir o‘g‘lining istagiga qarshi chiqolmadi. 

Covchilar uch-to‘rt marotaba o‘sha xonadonga eshik qoqib bordi. Rad javobini olgach, ona qaytib u uyga borishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Aslida, muammo yigitning ukasida edi. To‘qqizinchi sinfni bitirish arafasida Sanjar bekorchi bolalarga qo‘shilib, mayda o‘g‘irliklarga qo‘l urdi. Ota-onasining “hay-hay”­lashiga qaramay, “do‘st”laridan ajramadi. Keyinchalik kattaroq o‘g‘irliklar qildi va bolalarni qayta tarbiyalash kalonasiga yuborildi. Shu bois, Bahrom aka o‘g‘ri bolasi bor uyni o‘ziga teng bilmadi.

Shundan so‘ng Sobirning o‘zi qizning dadasi bilan uchrashgani keldi. Maqsadi va kelajak rejalarini aytdi. Afsus­ki, Bahrom aka bu gal ham rozi bo‘lmadi. Orada tortishuv bo‘ldi. Keyin esa…

Navoiy mahallasida “Sobir o‘z joniga qasd qilibdi” degan noxush xabar tezda tarqaldi. Kechagi tortishuvdan qo‘shnilarning xabari bor edi. Kimdir Bahrom akaning o‘zi bu ishni qilgan desa, yana kimdir Sobirni kecha mast holda ko‘rganini gapirardi. Yakunda tekshiruv guruhi, yigit o‘z joniga qasd qilgan degan xulosaga keldi.

 

– Sobir bolaligidan ba’mani yigit edi, – deydi Toshkent viloyati, Nurafshon shahridagi Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Murod Izzatov. – Ukasiga akangdan o‘rnak olgin, deb aytardik. U mahalladagi hasharlarda faol ishtirok etardi. Ma’raka va yig‘inlarda xizmat qilib charchamasdi. Bir so‘z bilan aytganda, mehnatsevar yigit edi. Uni hech kim tushkun yoki asabiy holda ko‘rmagan. Tabiatan vazmin yigit bo‘lgani uchun undagi kayfiyatni atrof­dagilar sezmagan.

Ushbu voqeadan keyin mahalladoshlar bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Bolalaringizga hushyorlikni oshiring, deb ta’kidlayapmiz. Maktabda psixologimiz bolalar bilan ishlashni kuchaytirgan.

 

Bugun Gulora keng hovlining baxtli kelini. O‘rtada Sobirning umri zavol, ota-onasiga jabr bo‘ldi, xolos. “Yoshlik – beboshlik” deb bejiz aytilmagan. Ko‘ngil ishi nozik, ammo sabr har qanday mushkulotning yechimidir. Bugun yoshlar orasida arzimas vajlar tufayli o‘z joniga qasd qilish “ommalashmoqda”. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili 800 ming nafar inson o‘z joniga qasd qiladi. O‘zbekistonda 2018 yil 1 may holatiga ko‘ra 153 nafar voyaga yetmagan shaxs o‘z joniga qasd qilgani qayd etilgan. Bu haqda O‘zbekis­ton Res­publikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘smirlar o‘rtasida jinoyatchilik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,9 foizga (239/373) va jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar sonining 37,9 foizga (289/466) kamayishiga erishildi.

Mutaxassislarning aytishicha, o‘z joniga qasd qilish holati birdaniga ro‘y bermaydi. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra o‘zini o‘ldirgan o‘smirlarning 90 foizida qaysidir darajada ruhiy salomatlik bo‘yicha muammo bo‘lgan.

Yana o‘qing:  Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

 

– Ma’lumki, shaxs ma’naviy kamolotida oiladagi tarbiyaning o‘rni beqiyos, – deydi psixolog Durdona Sayfullayeva. – Oilaning bolalarga tarbiyaviy ta’siri ijtimoiy ta’sir doirasi singari o‘ta kengdir. Biroq keyingi paytlarda ota-­onalar farzandlar tarbiyasida qator muammolarga duch kelmoqda. Ular va farzandlari o‘rtasidagi salbiy munosabatlar bolalarda xulq og‘ishi hamda psixosomatik kasallik­larning kelib chiqishiga sabab bo‘layotir.

Stress (ruhiy zo‘riqish) va depressiya (ruhiy tushkunlik)ga moyil o‘smirlik davrida o‘zining dolzarbligi bilan tashvishga soluvchi deviant axloq ko‘rinishi suitsiddir (lot. suicaedere – o‘zini o‘ldirish). Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning turli segmentlarida ommalashgan va ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgan “Ko‘k kit”,  “Tinch uy”, “WinX”, “Yugurasan yoki o‘lasan” kabi o‘yinlar ham voyaga yetmagan o‘smirlarni o‘z domiga tortib, oxiri ishtirokchining o‘z joniga qasd qilish hodisasi bilan yakunlanadi. Tekshirish­lar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat suitsidlar ota-onalar, pedagoglarning qo‘polligi, bolalarning sinfdoshlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi, turli mojarolar, atrofdagilarning e’tiborsizligi, befarqlik, insofsizlik va shafqatsizlikka qarshi isyon sifatida yuz beradi.

 

Qonuniy choralar

Ro‘y berayotgan ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekis­ton Prezidentining 2008 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respub­likasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Oliy sud huzuridagi Tadqiqot markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibda kelishib, ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va unga  og‘dirish holatlari sonini kamaytirish, jinoiy-huquqiy chora-tadbirlar orqali fuqarolarning hayoti yanada samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismining sanksiyasida ko‘zda tutilgan ozodlikdan mahrum etish jazo muddatini oshirish yo‘li bilan, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlik uchun jazo chorasini kuchaytirish hamda ushbu moddaning ikkinchi qismiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilgan jinoyatlar uchun qattiq turdagi jazo choralarini kuchaytirishni va o‘zini o‘zi o‘ldirishga og‘dirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

 

Ota-onalar uchun tavsiyalar:

– Farzandingizni boshqa bolalar bilan do‘stlashishga o‘rgating. Uni yolg‘iz yurishiga yo‘l qo‘ymang.

– Uning do‘stlariga ota-­onalarining mavqei, imkoniyatiga qarab emas, o‘g‘il-qizingizga bo‘lgan munosabatiga ko‘ra baho bering.

Yana o‘qing:  SALOHIYATLI KADRLAR TAYYORLASH – DAVR TALABI

– O‘rtoqlariga o‘zining shaxsiy fikri asosida baho berish va hurmat qilishga o‘rgating.

– Farzandingizga o‘rtoqlarining yutuqlarini ko‘rsatishga harakat qiling, ammo hech qachon ularni taqqoslamang.

– O‘g‘il-qizingizning do‘stlariga sadoqatini rag‘batlantiring.

– Bolalaringizning o‘rtoqlarini uyingizga o‘zaro taklif qiling, ular bilan muloqot o‘rnating.

– Ularga do‘stlashish uchun rostgo‘y bo‘lish va manfaat ko‘zlamaslik kerakligini tushuntiring.

– Farzandingizni doim do‘st bo‘lishga o‘rgating.

– Agar bolangiz o‘z sirlarini sizga aytsa, ular ishonchini hech qachon suiste’mol qilmang.

– Farzandingizni tanqid qiling, faqat uni masxara qilib emas, balki qo‘llab-quvvatlagan holda.

– O‘g‘il-qizlaringizni ezgu orzu-havaslarini qo‘llab-quvvatlang.

– Farzandlaringizda o‘ziga bo‘lgan ishonchini shaklllantiring.

– Dilbandingizda shaxsiy imkoniyatlarini baholash darajasini rivojlantirng.

– Farzandlaringizni kelajak bilan ezgu rejalarini ijobiy tarzda yo‘naltirib boring.

 

Irodasiz inson ozgina musibatga chidamasdan o‘z joniga qasd qiladi. Xuddiki, bu musibat uni butun umr tark etmaydiganday. Aslida bu hayotda hamma narsa o‘tkinchi. Osmonni larzaga solgan dahshatli momaqaldiroqdan so‘ng rangli kamalak chiqadi. Buni farzandlarimizga o‘z vaqtida tushuntirish lozim. Zero, kechirilmas xato sizning ostonangizga yo‘lamasin!

 

Dildora FAYZIYEVA

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: