Yesang – sahar ye…
Xalqimizda, “Qovun yesang – sahar ye…” degan naql bor. Bu gap qovun tarkibida hazm jarayoni og‘ir kechadigan moddalarning borligi bilan bog‘liq. Uning to‘yimli va darmonbaxsh etidan murabbo, jem, qoqi tayyorlanadi. Qovun bosh miya qobig‘i, asabni tinchlantirish xususiyatiga ega.
Dunyoda 150 dan ortiq qovun navi yaratilgan bo‘lsa, mamlakatimizda 50 dan ortiq qovun navlari mahalliylashtirilgan. Uning tarkibida, ayniqsa, temir va kaliy tuzlari juda ko‘p, shu sababli undan kamqonlikni, yurak qon-tomir kasalliklari, revmatizmni davolashda ham foydalaniladi.
Unda kremniy moddasi ko‘p. Olimlarning aniqlashicha bevosita inson hayoti, uning salomatligi, fiziologik jarayonlarning tartibga solinishi bu modda bilan bevosita bog‘liq. U qattiq to‘qimalarga, teri va sochlarning holatiga ijobiy ta’sir qiladi. Qovunning tarkibidagi biriktiruvchi to‘qimalar ichak mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Organizmdan xolesterinni chiqarib tashlashga yordam beradi. Shuningdek, qovun ajoyib yoshartiruvchi xususiyatga ega. Bu borada xalqda shunday ibora bor: “Qovun sochlarga jilo berib, ko‘zlarni yoshartiradi, lablarni qizil qiladi, imkoniyatlarni ro‘yobga chiqaradi, ayollarni esa maftunkor qiladi”.
Qovun etida seratonin – “baxt gormoni”ni ishlab chiqarishga yordam beruvchi modda mavjud. Agar tushkunlikka tushib, ma’yus bo‘lib qolsangiz, albatta qovun yeng. Bu poliz mahsuloti kayfiyatingiz ko‘tarilishiga yordam beradi. Shifokorlar esa allergiyaga moyilligi bor odamlarga hamda yosh bolalarga qovunni ko‘p miqdorda yeyishni tavsiya etishmaydi.
Vasila PO‘LATOVA