Xalq ta’limi tizimi chuqur o‘rganilmoqda. Aksini ko‘rish achinarli
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyatdagi ta’limni takomillashtirish borasidagi joriy holat o‘rganildi. Bu yerdagi o‘rta ta’lim bo‘yicha tizimli kamchiliklar kuzatildi. Bir qator maktablar achinarli ahvolda ekanligi, 40-45 yil davomida kapital ta’mirlanmagani, joriy ta’mir uchun ham mablag‘lar cheklangan miqdorda bir necha yil avval ajratilgani ma’lum bo‘ldi.
Maktablarni moliyalashtirish masalasi markaz tomonidan to‘liq cheklab qo‘yilgan mahalliy byudjetga yuklab qo‘yilgan bir paytda maktab ta’limidagi ishlarning bunday ahvolga kelib qolishi achinarli, albatta. Xizmat safari davomida shu narsa aniqlandiki, viloyatidagi 18 ta maktab to‘liq rekonstruksiyaga, 349 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj. 336 ta maktabda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish va o‘quvchilarni sport bilan shug‘ullantirish uchun sport zallari mavjud emas. 629 ta maktab hududining atrofi o‘ralmagan, bu esa o‘quvchi-yoshlar xavfsizligi yetarlicha ta’minlanmaganidan dalolat. Shuningdek, 474 ta maktabda ta’lim oluvchilar soni maktab sig‘imidan 50 foizga ortiq ekani, buning natijasida o‘quv jarayoni ikki navbatda o‘tkazilayotgani ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Samarqand shahrida so‘nggi yillarda ko‘p qavatli uylar ko‘plab qurilganiga qaramay, aholi uchun qo‘shimcha maktablar qurilmagan.
Ko‘pchilik maktablar faoliyatini tegishli darajada yo‘lga qo‘yish uchun oddiy maishiy sharoitlarga ega emas. Ayniqsa, chekka tumanlardagi maktablar filiallari bilan bog‘liq ishlar yomon ahvolda. Filial maqomi sababli ular ko‘pincha kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha dasturlardan tushib qolgan.
Shu kabi holatlarni hisobga olib Xalq ta’limi vaziri ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asosiy e’tiborini maktab ta’limini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori darajadagi ta’limni ta’minlashga qaratayotganiga urg‘u bermoqda. Shunga muvofiq, xalq ta’limi tizimining hozirgi holati chuqur tanqidiy tahlil qilinmoqda.
Sherzod SHERMATOV,
Xalq ta’limi vaziri:
– Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, to‘lanadigan ish haqi hamda jamiyatda ularga ko‘rsatiladigan hurmatni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Ammo, qilinishi zarur ishlarning bugungi holati achinarli ahvoldaligiga guvoh bo‘ldik. Endilikda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni kechiktirmasdan boshlashimiz shart. Yana shuni ta’kidlash joizki, o‘qituvchilarga sabr-toqatlari uchun, barcha muammo va qiyinchiliklarga qaramay, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdagi fidokorona mehnatlari uchun chuqur minnatdorchilik izhor etishimiz lozim.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va eng muammoli masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi topshirildi. O‘rganish jarayonida aniqlangan tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotgan tegishli qaror loyihalariga kiritiladi.