Kuyov ham o‘g‘il hisoblanadimi?
Men uzoq safarga ketayotgandim. Mashinamni kuyovimga ishonchnoma orqali berib ketmoqchiman. Hujjatlarni kuyovga rasmiylashtirganda ham farzandlarga beriladigan imtiyozlar qo‘llaniladimi?
Muhabbat SAFAROVA,
Toshkent shahri
Konstitutsiyamizda inson manfaatlari oliy qadriyatligi, inson — jamiyat — davlat munosabatlarida shaxs manfaatlari ustunligi belgilab qo‘yilgan. Agar e’tibor berilsa, mamlakatimizda oilalar mustahkamligiga alohida g‘amho‘rlik ko‘rsatilmoqda. Uning mohiyati insonni ulug‘lash, uning ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgandir. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya izchil amalga oshirib kelinayotganining amaliy tasdig‘i sifatida juda ko‘plab masalalarni sanash mumkin. Shular qatorida siz bergan savolning javobini, bu boradagi imtiyozni ham aytsa bo‘ladi.
Avvalo, oilaviy rishtalarni mustahkamlash va ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash zaruriyatidan kelib chiqib, bu masalada ham kuyov farzandlar qatorida ko‘riladi. Mashinaning ishonchnomasini rasmiylashtirilayotganda begonalarga nisbatan oilaviy qarindoshlarga imtiyozlar mavjud. Kuyov ham oila a’zosi hisoblanadi. Unga ham imtiyozli tarzda rasmiylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat boji stavkalarida» shunday deyiladi: «Ota-onalar, er-xotinlar va ularning ota-onalari, bolalar va ularning er-xotinlari, aka-ukalar, opa-singillar, nabiralar, jiyanlarga avtotransport vositalaridan foydalanish va tasarruf qilish huquqini beruvchi ishonchnomalarni tasdiqlaganlik uchun davlat boji eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida olinadi.
Avtotransport vositalaridan boshqa shaxslarning foydalanishi huquqini beruvchi ishonchnomalarni tasdiqlaganlik uchun davlat boji eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida olinadi».
Masalan, mashina begonalarga ishonchnoma bilan qoldirilsa, davlat boji eng kam ish haqining 5 baravari, ya’ni 457 ming 650 so‘m to‘laydi. Agar ishonchnoma qarindoshlarga berilsa, bu miqdor eng kam ish haqining 1 baravari, ya’ni 91 ming 530 so‘mni tashkil qiladi. Bu ham oilalarga va ularning erkin hamda farovon hayot kechirishlari yo‘lidagi g‘amxo‘rlikning bir namunasidir.
Dildora BABAYAROVA,
Shayxontohur tumanidagi 7-sonli davlat notarial idorasi notariusi