HAR JABHADA ILDAM
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Safiya Rahmatova maktab atrofini ko‘zdan kechirar ekan, bu yilgi o‘quv yilida o‘tgan yilgidanda samaraliroq ishlashimiz kerak,- deya xayolidan o‘tkazdi. Chunki, yildan-yilga yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor va talab oshgani sari o‘qituvchi zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklanaveradi…
1988 yildan buyon shu maktabga rahbarlik qilib kelayotgan S. Rahmatova o‘qituvchilar jamoasini o‘z oilasi kabi talabchanlik hamda mehribonlik bilan boshqarib kelmoqda. O‘quvchilarni o‘z farzandidek tarbiyalab, ularning kelajagi haqida qayg‘uradigan rahbar opaning ko‘p yillik mehnatlari vaqti kelib hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. 1995-1998 yillarda yosh avlodni tarbiyalashdagi erishgan yutuqlari evaziga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliqlari bilan mukofotlandi.
U pedagogik faoliyati davomida ijodiy ishlari bilan qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Respublika pedagogik o‘quvida tarix fani bo‘yicha faol ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni egallaganida uning ish tajribasi mamlakat miqyosida ommalashtirilgan edi. Safiya Rahmatovaning “Vatanparvarlik – vatan tuyg‘usi” maqolasi (1996y.) “Xalq ta’limi” jurnalida, Jaloliddin Manguberdining 800 yilligiga bag‘ishlangan “Mardlik – mangulik” deb nomlangan dars ishlanmasi “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali (1999 y.) nashr etildi. Ustozning “Tarix darslarida Vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish” nomli uslubiy qo‘llanmasi chop etilib viloyatda ommalashtirilgani barcha yosh o‘qituvchilar uchun qo‘l keldi. Safiya opa erkin ijodkor sifatida qalam tebratib, o‘z qalb kechinmalarini “Mening ardoqlangan gul diyorimsan” deb nomlangan she’riy to‘plamida aks ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Uch marta tuman kengashi deputatligiga saylandi. Fidoyi ustoz hozirgi kunda ham tuman kengashi deputati sifatida xalq xizmatida.
Mahoratli rahbar maktabni ko‘kalamzorlashtirish va ta’mirlash, yangi qurilish ishlariga katta e’tibor qaratadi. Uning sa’y-harakatlari bilan 160 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurilgan bo‘lsa, keyinchalik 422 o‘rinli ikki qavatli zamonaviy maktab binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur chekka qishloq maktabi 2004 yilda gazlashtirildi. Maktabni isitish tizimi yaxshi ishlamagani bois 2008 yilda alohida qozonxona bilan almashtirildi. Bir yildan keyin umummilliy Davlat dasturi asosida joriy ta’mirlandi. Barcha fan xonalari, sinf xonalari, kutubxona, sport zali, ma’naviyat va ma’rifat xonalari zamon talablari asosida jihozlandi.
Bugungi kunda maktabda 62 nafar malakali o‘qituvchi 401 nafar o‘quvchiga ta’lim va tarbiya berib kelmoqdalar. O‘qituvchilar mehnatining munosib baholanib borilishi ularni o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondoshishiga turtki bo‘ladi, albatta. Jumladan, maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muborak Ikromovaning 1-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanganligi jamoadoshlariga cheksiz quvonch ulashdi. Keyinchalik hamkasbi yutug‘iga havas qilgan Adolat Nabiyeva va Cho‘li Asadovlar ham O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Ana shunday fidoyilari bor jamoa “Eng obod, eng ozoda va ko‘rkam maktab” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘ringa musharraf bo‘ldi.
Maktabda sportga ham alohida e’tibor berilayotgani bois “Qo‘l to‘pi” bo‘yicha qizlar jamoasi qator yillardan beri viloyatda o‘tkaziladigan turli musobaqalarda muntazam faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. “Mahallamiz bolalari” ko‘rik-tanlovida ham o‘quvchilarning viloyat maktablari orasida faxrli 1-o‘rinni egallashgani ularga g‘urur bag‘ishlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda bugun Safiya Rahmatovaning shogirdlari, o‘quvchilari Vatanimiz farovonligi, gullab-yashnashi yo‘lida halol mehnat qilib kelmoqdalar. Buning barchasi fidoyi ustozlarning mehnatlari mahsulidir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Navoiy viloyati