Gemodializ muolajasi qanday bemorlarda amalga oshiriladi?

Ma’lumotlarga qaraganda, buyrak bilan bog‘liq bir necha kasallik turlari mavjud. Bulardan eng xavflisi buyrak qurishi hisoblanadi. Globallashuv jarayonida noto‘g‘ri turmush tarzi va havoning zaharli tutunga to‘yingani ushbu xastalikning keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Dunyo bo‘yicha buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan og‘rigan insonlar gemodializ olish uchun katta mablag‘ sarflaydi. Yurtimizda esa ushbu muolaja va kerakli dori-darmonlar bemorlarga bepul tarqatiladi.

Shu o‘rinda gemodializ haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Gemodializ – buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan xasta insonlar uchun buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo‘lib, u bemorning uzoq umr ko‘rishini ta’minlaydi.

Bunda qon toksik (zaharli) moddalardan tozalanadi. Gemodializ uchun ishlatiladigan maxsus materiallar xorijdan keltiriladi va bularning barchasi bemorlarga yordam sifatida davlatimiz tomonidan bepul tarqatiladi.

 

2017 yilning 18 dekabrida otam (Farhod Miraliyev)ning ahvoli og‘irlashdi, – deydi qibraylik Malika Yo‘ldosheva. – Qator tekshiruv va laboratoriya tahlillaridan keyin unga ikkala buyrak qurishi tashxisi qo‘yildi. Shifokorlar otamga faqat gemodializ muolajasi yordam berishini aytdi. Buyrak ishlamagach, zaharli moddalar qonga o‘tib ketadi. Gemodializ esa qonni tozalaydi. Bu muolaja har uch kunda amalga oshiriladi. Agar bemor bir marta gemodializ olmasa, uning ahvoli og‘irlashadi. Xullas, o‘tgan yilning dekabr oyidan otam Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo‘limida muolaja olib kelayotgandi. Keyingi paytlarda shifoxonada negadir muolaja uchun zarur bo‘lgan filtr va dori-darmonlar yetishmay qoldi. Otam bir gal gemodializ olmagani sababli ahvoli yanada og‘irlashdi va insultni boshidan kechirdi. Qolaversa, bu holat ularning ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir etdi.

 

Shifokorlardan nima uchun ayrim bemorlar gemodializ ololmaganini surishtirdik. Ular shifoxonada bemorlar soni ko‘pligi va kerakli bo‘lgan dori-darmonlar ba’zida yetishmay qolayotganini aytishdi.

 

– Bir vaqtning o‘zida markazimizda 388 nafar bemorga muolaja qilinadi, – deydi Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Baxtiyor Qosimov. – Bir muddat orada gemodializ muolajasi uchun zarur materiallarni yetkazib berishda uzilishlar bo‘ldi. Lekin muammo to‘liq hal etilish arafasida. To‘g‘ri, bemorlarimiz ko‘p. Shuning uchun ularni navbatga qo‘yib, muolajalar o‘tkazyapmiz. Nasib qilsa, yana bitta dializ bo‘limini ochish rejalashtirilgan. Buning uchun joy ham tayyor. Ushbu bo‘limimiz ishga tushsa, bemorlarga yanada yengillik bo‘ladi, deya umid qilamiz.

– Gemodializ – davo chorasi hisoblanmaydi, – deydi ushbu tibbiyot markazi nefrolog shifokori Botirali Norqulov. – U bemorning umrini uzaytiradi, xolos. Shu muolaja tufayli xasta insonning umri 7-10 yilga uzayishi mumkin. Bu fursat bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash imkonini beradi. Bugungi kunda davlatimiz tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy ilmiy markazida bepul buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlar xohishlariga ko‘ra ushbu markazga murojaat etishlari mumkin. Shifoxonamizda gemodializ olayotgan xasta insonlarning ro‘yxati alohida ko‘rib chiqiladi. Maqsad – bemorda ushbu amaliyotni vaqtliroq o‘tkazib, ularni iloji boricha tezroq sog‘lom hayotga qaytarishdir.

 

Yana o‘qing:  Cho‘milish – tanga rohat, ammo u xavf-xatardan xoli emas

Muolaja o‘tkazilmasa, uning oqibati qanday bo‘ladi?

Surunkali buyrak yetishmovchiligi bir necha kasalliklar oqibatida kelib chiqadi. Buyraklar yallig‘lanishi, unda tuz yig‘ilib, toshga aylanishi kabi bir necha sabablar tufayli ushbu a’zo ish faoliyati buziladi. Natijada buyraklar qonni tozalab, tanadan zaharli moddalarni chiqarib yuborish vazifasini bajara olmaydi. Shunday paytda bemorga gemodializ muolajasi qo‘llanadi. Bunda apparat sun’iy buyrak vazifasini bajaradi. Qonni filtrdan o‘tkazib, uni toksik moddalardan tozalab beradi. Gemodializ o‘tkazilib turganda bemorning umumiy ahvoli og‘irlashmaydi.

 

– Bu yerga turmush o‘rtog‘imni olib kelganman, – deydi Zarifa opa. – Buyragi ishlamay qolgani sababli u kishi gemodializ muolajasini olayapti. Hozirda erimning ahvoli ancha yaxshi.

 

Dildora BOZOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: