“Matbuot fikr aytish borasida jamiyatdan hech qachon ortda qolishi kerak emas”
Bugunga kelib zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Shu bilan bir qatorda odamlarning turmush-tarzi, o‘y-fikrlari o‘zgarmoqda. Mana shu jarayonda ommaviy axborot vositalari ham o‘zgarishi, unga qo‘yiladigan talablar ham yangilanib borishi zarur.
Endilikda televideniye deymizmi, radio yoki matbuotmi har biri o‘z vazifasini mukammal bajarishi talab etiladi. Negaki, hozirga kelib, ommaga tezkor xabarlar yetkazib berishda internet nashrlari ancha ilgarilab ketdi. Xususan, matbuotda yangilik yoki xabar berishning o‘zi eskilikdan dalolat. Chunki matbuot jamiyatning eng faol demokratik institutlaridan biri bo‘lib, uning shahdi, qadami, shashti jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan hamohang bo‘lishi talab etiladi.
Ana shunday pallada matbuot o‘z oldiga qator vazifa va yo‘nalishlarni belgilab olishi zarur.
Birinchidan, fikr aytish va jurat borasida jamiyatdan biroz oldinga chiqsa ham bo‘ladi, lekin hech qachon ortda qolishi mumkin emas.
Ikkinchidan, unda faoliyat olib boradigan jurnalist shunchaki axborot tayyorlaydigan xodim emas, balki siyosatchi, tahlilchi, tashviqotchi, qiyoslovchi, xulosa chiqaruvchi va voqea-hodisalarni oldindan ko‘ra biluvchi, jurnalistika sir-sinoatlaridan boxabar bo‘lishi talab etiladi.
Uchinchidan, ma’lum sohalarda bilimini oshirishi, zarur o‘rinlarda esa ixtisoslashishi kerak.
Bugungi kunda biz jurnalistlar orasida ham ayni shu borada oqsash holatlari kuzatilayapti. Ta’lim jarayonidagi bo‘shliqlar ayni shu qusurni yuzaga keltiradi. Amaliyotning kamligi, erkin fikrlashni deyarli o‘rgatilmasligi, iste’dod, iqtidor va ijodkorlikning kamdan-kam holatlarda kashf etilishi ayni shu kemtiklikni keltirib chiqaradi. Ko‘pchilik talabalar to‘rt yil davomida universitetda olishi kerak bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni nashriyot yoki sohaga doir boshqa maskanlarga kelganida o‘rganishiga to‘g‘ri kelyapti. Axir ayni shuning o‘zi tizimda muammolar bor degani emasmi?
Birgina matbuotning o‘zida bu kabi ko‘plab holatlarning guvohi bo‘lganmiz. Shunday ekan endilikda oddiy xabarni ham o‘z holicha bayon etish emas, uning asl mohiyatini ochib berish, tahlil qilish, unga boshqa tomondan yangicha yondashish talab etiladi. To‘g‘ri, hozirda bunday materiallar yo‘q deb bo‘lmaydi, ammo soni va salmog‘i haminqadar.
Bundan tashqari, o‘quvchi-gazetxonlarni ham o‘ylashimiz lozim. Chunki ularning saviyasi, voqea mohiyatiga teran baho berishi hech qachon xabar o‘qish bilan o‘sib qolmaydi. Ularni maqolani o‘qish jarayonida o‘zida ham fikr tug‘iladigan qilib tarbiyalashimiz zarur. Shunday ekan matbuot o‘zgarmasa, o‘z vazifasini to‘liq ado etib, yangilanib bormasa, uning umri ham tugab boraveradi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
“Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri