Yuksak ishonch va rag‘bat mas’uliyatga undaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini oshirish, jamiyatda demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Soha xodimlari mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil asosida yoritish, aholiga haqqoniy va xolis axborotlarni yetkazish borasida samarali mehnat qilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, faxriy jurnalistlar, noshirlar, matbaachilar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.

Bu yil tariximizda birinchi marta ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Bu bayramga o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Tadbirda Vatanimizning yuksak mukofotlari tantanali topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va matbuotning ta’sirchanligini oshirishga katta e’tibor berilayotganini alohida ta’kidladi. Soha xodimlarining mehnati munosib taqdirlanayotgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda fuqarolarning so‘z erkinligiga doir huquqlarini, axborot xavfsizligini ta’minlash, soha xodimlari manfaatlarini himoyalash borasida barcha huquqiy asoslar yaratilgan.

Prezidentimizning 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda ilgari surgan g‘oya va takliflari mamlakatimiz ijodiy tashkilotlari faoliyatida yangi davrni boshlab berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari sohani yanada rivojlantirish va xodimlar mehnatini munosib baholash hamda ularning turmush sharoitlarini yaxshilashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1500 dan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat olib bormoqda. Ulardan 700 ga yaqini gazeta, 309 tasi jurnal, 65 tasi televideniye, 35 ta radio, 4 ta axborot agentligi, 15 tasi axborotnoma-byulleten, 395 tasi veb-saytdan iborat. Mavjud teleradiokanallarning 66 foizini, bosma nashrlarning 50 foizdan ziyodini nodavlat axborot vositalari tashkil etadi. Mustaqillikdan avval respublikamizda 395 ta ommaviy axborot vositasi bo‘lib, ularning deyarli barchasi davlatga qarashli edi.

Yana o‘qing:  Kanadalik olimlar xurrakka qarshi kurashadigan uskuna yaratdi

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynamoqda. Zero, taraqqiyotning muhim omillaridan bo‘lgan fikrlar rang-barangligining shakllanishida ommaviy axborot vositalari salmoqli o‘rin egallamoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamon talabiga mos kadrlar tayyorlash masalasini yuzaga chiqarmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 24 may kuni “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi tarixiy hujjat bo‘ldi.

Mazkur qarorda ommaviy axborot vositalarining barcha turlari uchun kadrlar, jumladan, bir necha xorijiy tillarni biladigan xalqaro jurnalistlar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan etib belgilangan. Dunyoda shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayonida axborotning hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgani, milliy jurnalistikamizning taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rgangan holda mamlakatimiz axborot siyosatini takomillashtirish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada oshirish muhim yo‘nalishlardan sanaladi.

Soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, yangi-yangi ijodiy parvozlar sari chorlash, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Bunday sa’y-harakatlar jurnalistikamiz rivojiga xizmat qilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, ijodiy bellashuvlar, grant loyihalar, ijtimoiy dasturlarda ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Shu kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari va sovrindorlariga ham mukofotlar topshirildi.

Bayram tadbiri ishtirokchilari uchun O‘zbek Milliy akademik drama teatri san’atkorlari ijrosida mashhur adib Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari asosida tayyorlangan spektakl namoyish etildi.

Shu kuni Toshkentning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bayram sayllari davom etdi.

 

N. USMONOVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: