Otasini hayratlantirgan bolakay

Shaxmat insoniyat kashf etgan, eng qadimgi va eng qiziq o‘yinlardan biridir. Bu o‘yin millonlab insonlarni maftun etgan va maftun etib kelmoqda.

Har bir o‘yinning o‘z «qirol»lari bo‘lganidek shaxmatning ham o‘z «shoh»lari – jahon chempionlari bor. So‘zimiz «shaxmat avtomati», «engilmas» nomlari bilan ulug‘langan uchinchi jahon chempioni – kubalik grossmeyster Xose Raul Kapablanka haqida.

Uning shaxmat bilan tanishuvi g‘oyat qiziq holda ro‘y bergan. 1892 yilning iyuni, kun issiq. Graupera Kapablanka o‘z xonasida qo‘shnisi bilan shaxmat o‘ynab o‘tirishardi. Ular o‘yinga shunchalik berilib ketdilarki, hatto xonaga uy egasining to‘rt yashar o‘g‘li Xosening kirib kelganligini sezishmadi ham. G‘alati shakldagi donalarni ko‘rgan bolakayning ko‘m-ko‘k ko‘zlari porlab ketdi. Katta odamlar ham o‘yinchoq o‘ynasharkan-da, o‘yladi bolakay. Xose shaxmatga qiziqib qoldi. U deyarli har kuni o‘yinni tomosha qilgani keladigan bo‘ldi.

Bir gal o‘yin juda shiddatli kechayotgan edi. Xose birdan otasi oti bilan raqib farzinini qanday urib olganligini ko‘rib qoldi. Otasi yana «mot» qilganligidan xursand bo‘lib, chehrasi yorishib ketdi. Shu payt Xosening jarangdor ovozi eshitildi:

– Siz g‘irrom o‘ynadingiz dada!

– Men… g‘irrom o‘ynadim!? Qanday qilib?!

– Oq xonada turgan otingizni oq xonaga yurib, oq farzinni urib oldingiz.

Bolakay otasi qanday xato yurish qilganligini ko‘rsatib berdi.

Taajjublangan ota:

– Qiziq, shaxmat o‘ynashni qachon o‘rgana qolding?

– Shu yerda kechasi bilan donalarning qanday yurishini eslab chiqdim. Xafa bo‘lmang, dada, bir adashdingiz-da.

Xosening gapi to‘g‘ri chiqdi: qora otning noto‘g‘ri «sakraganini» katta odamlar ham payqamagan ekanlar. Otaning o‘g‘li bilan o‘ynab ko‘rishdan boshqa iloji qolmadi. O‘ziga ishongan senyor Kapablanka farzinini olib qo‘yib o‘ynadi. Natija xunuk bo‘ldi. Xose o‘z ustunligidan foydalanib yutib chiqdi. Bu iste’dodli shaxmatchining kelajakda jahon mamlakatlari bo‘ylab qiladigan zafarli yurishlaridan dalolat beruvchi dastlabki g‘alabasi edi.

Yaratgan kichik Xose Raulga juda o‘tkir iste’dod in’om etdi. Biroq, shaxsning kamolga yetishi uchun birgina iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. Boladagi iste’dod juda mo‘rt narsa. Uni avaylab mohirlik bilan parvarish qilinsagina u kamol topadi. Baxtiga Xose Raulning yaqinlari shunday inson edilar.

Yana o‘qing:  O‘yinchoq o‘rdak saratonga qarshi kurashda ko‘mak beradi

Kapablankaning favqulodda iste’dodi juda erta namoyon bo‘ldi. U to‘rt yoshga to‘lmasdanoq (Kapablanka 1888 yilning 19 noyabrida Gavanada tug‘ilgan) o‘yin qoidalarini o‘rganib oldi. 11 yoshidayoq Kubaning eng kuchli shaxmatchilaridan biri sanaldi. 13 yoshida esa u orol chempioni Korsoni mag‘lub etib, dastlabki jiddiy muvaffaqiyatga erishdi.

Ota-onasi uni 1906 yilda AQSHga Kolumb universitetiga o‘qishga yuborishdi. Garchi uni tugatolmagan bo‘lsada shaxmat imtihonidan a’lo darajada o‘tdi. U Qo‘shma Shtatlar shaharlari bo‘ylab qilgan sayohati davomida o‘ynagan 130 partiyadan atigi ikkitasini yutqazib, ikkitasini durang bilan yakunladi. Qolgan matchlarda zafar quchdi.

Xose Raul Kapablankaning dunyo shaharlari – Parij, Berlin, Vena, Peterburg, Moskva bo‘ylab o‘tkazgan o‘yinlari betakror edi. Uning favqulodda iste’dodi shaxmat ahlini «shok» ka tushirib qo‘ydi.

1914 yili Peterburgda Kapablanka o‘z davrining yagona «shoh»i bo‘lmish Emmanuyel Lasker bilan birinchi o‘rin uchun kurashda imkoniyatni boy berdi. «Shoh» o‘z taxtini saqlab qoldi. Ana shundan keyin ikki buyuk shaxmatchining ko‘p yillik raqobati boshlandi. Uning jahon chempioni bilan yakkama-yakka match o‘tkazishga munosib ekanligiga hech kim shubhalanmas edi. Lekin boshlanib ketgan jahon urushi bu bahsni ancha orqaga surib yubordi. Nihoyat, 7 yildan so‘nggina 1921 yilda Gavanada uning Lasker bilan o‘yini o‘tkazildi. Raqiblar 24 partiya o‘ynashlari kerak edi, lekin 14 partiyadan so‘ng hisob Kapablanka foydasiga +4=10 (+ g‘alabani, = durangni bildiradi) bo‘lgan paytda, Lasker mag‘lubiyatini tan oldi. Shaxmat olami o‘zining yangi «shoh»i boshiga «toj» kiydirdi.

Bu g‘alabadan keyin uning o‘yinlarida burilish ro‘y berdi. U endi murakkab kurashga intilmay qo‘ydi. Eng muhimi xiyolgina ustunlikka erishsa bas, uni g‘alabagacha olib borish qo‘lidan kelardi. Biroq o‘ziga haddan ziyod ishonish, haddan tashqari izzattalab bo‘lish o‘yin natijalarida aks etmay qolmadi. U 1924 yili Nyu-Yorkda ikkinchi, 1925 yili Moskvada uchinchi o‘rinni oldi.

Ammo 1927 yili u shaxmat taxti da’vogarlari o‘rtasida o‘tkazilgan Nyu-York­dagi turnirda ajoyib g‘alabaga erishdi.

Xose Raul Kapablanka turnirlarda o‘ynagan 583 ta partiyasidan 302 tasini yutdi, 246 tasida durang qildi va atigi 35 tasini yutqazdi. U «Mening shaxmat faoliyatim», «Shaxmat o‘yini asoslari», «Shaxmat o‘yini darsligi» nomli mashhur kitoblar muallifidir.

Yana o‘qing:  EGILUVCHAN VA “AQLLI” BILAGUZUK

Kuchli grossmeysterlarni ham yurishlari bilan dovdiratib qo‘ygan, endshpillar ustasi bo‘lgan Xose Raul Kapablanka 1942 yilning 8 martida Nyu-Yorkda vafot etdi. Ammo uning nomi shaxmat ixlosmandlari qalbida mangu yashab qoladi.

Adham ARSLONOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: