Janubiy Koreyalik shifokorlar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi
Mana bir necha yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi xorijiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hukumatimiz qarorlari hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida qator xayrli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Birgina 2017 yil davomida fond onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining “Save the Children” xalqaro fondi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash KOFIH Fondi, In Ha va Pundan Cha universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirdi. Ayniqsa, bu borada Koreya Respublikasi bilan qator sog‘lomlashtirish dasturlari asosida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 15-22 iyun kunlari Koreya Respublikasining In Ha universiteti gospitali malakali shifokorlari tomonidan respublikamizning bir nechta hududlarida aholi umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Jumladan, 16 iyun kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Arirang” saxovat uyida, 18-20 iyun kunlari Navoiy shahridagi “Xanjin grupp” kompleksi binosida hamda 21 iyun kuni “Sog‘lom avlod uchun” fondi Tibbiy-ijtimoiy markazida bo‘lib o‘tgan ko‘rik davomida terapevt, pediatr, nefrolog, gastroenterolog, otorinolarintolog, reabilitolog, farmatsevt va hamshiralardan tashkil topgan 15 nafar tibbiyot xodimlari bemorlarga o‘zlarining kerakli tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, o‘tgan yilning sentyabr oyida ham In Ha Universiteti gospitali malakali shifokorlari yurtimizga tashrif buyurib, jami 1 ming 175 nafar aholini (asosan ayollar va bolalarni) chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edi.
O‘ylaymizki, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar kelgusida ham davom etadi.
Mayna HASANOVA