Ustozning nomi ulug‘, maoshi-chi?
Yaqinda normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Fidoyi kasb egalarini zahmatli mehnatiga yarasha rag‘batlantirish, o‘qituvchilik kasbining obro‘ va nufuzini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani bilan ahamiyatli sanalgan ushbu qaror loyihasi keng jamoatchilik, xususan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Fikr bildirganlardan biri ushbu masalaga Ozod Sharafiddinovning ajoyib iqtibosi bilan javob qaytardi: “Odam mehnatiga yarasha maosh olmasa, maoshiga yarasha mehnat qila boshlaydi”. Qisqa va lo‘nda tarzda bayon etilgan ushbu so‘z kishini chuqur o‘yga toldiradi. Chindan ham oylik maoshlarning oshirilishi, inson mehnatiga yarasha haq to‘lanishi foydali ish koeffitsentiga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Chunki yaxshi maosh olayotgan xodim o‘z sohasi bo‘yicha izlanishga, o‘qib-o‘rganishga intiladi. Birgina misol, Yaponiya Bosh vaziridan mamlakatning yetuk davlatlar qatorida taraqqiy etish sababi so‘ralganida, u biz o‘qituvchilarga vazirning maoshini, imperatorning hurmatini berdik, deb javob bergan ekan.
Hujjatda bugungi kunda xalq ta’limi muassasalari pedagog kadrlarining ijtimoiy himoyasini yanada oshirish borasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar belgilab berilgan.
Qaror loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:
- eng yaxshi fan o‘qituvchilarini chet ellardagi yetakchi ta’lim muassasalariga malaka oshirish uchun qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish;
- rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan dam olish kunlarida va ta’til davrlarida ta’lim muassasalarining pedagoglariga o‘z o‘quvchilari bilan sayohatlar uyushtirishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan yurtimizning tarixiy-madaniy markazlari va noyob tabiat go‘shalariga sayohatlarini tashkil etish;
- ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini davlat mukofotlariga tavsiya etish salmog‘ini ko‘paytirish, shuningdek, tarmoq mukofotlari sonini oshirish;
- ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining ma’naviy dunyosini, ish faoliyatini, ular oilasidagi bahamjihatlik muhitini, ro‘zg‘orlaridagi saranjom-sarishtalikni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida turkum ko‘rsatuv va maqolalar sonini ko‘paytirish;
- xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) hamda saylash asosida jamoat tashkilotlariga tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolar fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni ilg‘or va tashabbuskor pedagog kadrlar tarkibidan ko‘rsatishni keng joriy qilish;
- ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining sog‘liqlarini profilaktika qilishni yaxshilash borasida ularni sog‘liqni saqlash organlari tomonidan bir yilda bir marotaba keng qamrovli bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
- ta’lim muassasasi va xalq ta’limi boshqaruv organlarida 5 yildan ortiq faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiy mahoratini namoyon qilayotgan, ta’lim sifatiga munosib hissa qo‘shayotgan pedagoglar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturi doirasida uy-joy sotib olishlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Munojat Dovulova, poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 282-umumta’lim maktabi direktori:
– Amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bu kabi islohotlar, shubhasiz, biz o‘qituvchilarni yanada g‘ayrat bilan mehnat qilishga undaydi. Oilasi xotirjam, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlangan inson borki, o‘z kuch-quvvatini tanlagan sohasiga, kasb-u-koriga bag‘ishlaydi.
Namoz Ro‘ziqulov, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Ta’lim muasssasalari faoliyatini tashkil etish” bosh boshqarmasi boshlig‘i:
– Xalq ta’limi muassasasi xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani ushbu tizimga yuqori malakali mutaxassislar va pedagog xodimlarni jalb etish imkonini bermayapti. Pedagog kadrlarning ijtimoiy himoyasini oshirish borasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir nechta tizimli muammolardan yana biri umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ortiqcha qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yilayotganidir.
2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari 24 foizga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari esa 10 foizga oshirilishi mumkin;
b) ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy etilishi mumkin;
v) umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining pedagogik yuklamasi bekor qilinadi, ulardan ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish amaliyoti qat’iyan taqiqlanadi;
g) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan oliy va birinchi malaka toifasini olish uchun topshiriladigan test sinovlari uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorini ikki barobarga kamaytiriladi;
d) umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘larini shaffoflik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida sarflash imkonini beruvchi yangi tartib ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:
- har tomonlama mukammal bilim va salohiyatga, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan pedagog kadrlarni tayyorlash uchun pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlar uchun test sinovlari bilan birga bitta fan bloki o‘rniga ijodiy imtihon kiritiladigan ta’lim yo‘nalishlarini belgilaydi;
Ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini chuqur tahlil qilgan holda pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida qabul kvotalarini ko‘paytirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi.
Yurt kelajagi, Vatan ravnaqi, shubhasiz, bugun kelajak avlodga harf tanitayotgan ustoz-murabbiylar va ularning samarali faoliyatiga bog‘liq. Ta’lim sohasi xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlamay turib, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk kadrlarga umid bog‘lash amrimahol. Zero, bu kechiktirib bo‘lmas islohot ekanligini bugungi davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri