Tushkunlik sizni yengmasin

Kunning qanday o‘tishi kayfiyatga bevosita bog‘liq. Agar kayfiyat yomonlashsa, dunyo ko‘zga tor ko‘rinadi, inson o‘zi bilmagan holda g‘azabini boshqalarga sochadi, birovlarning dilini og‘ritadi.

Buning sog‘liqqa ta’siri ham talaygina. Inson ruhiy zo‘riqishga uchraganida yurak urishi tezlashadi, uyqu buzilishi kuzatiladi. Bunda odam tun yarmida uyg‘onib, qayta uxlolmaydi. Ertalab uyquga qonmay, charchab turadi. Nonushtada ishtahasi bo‘lmaydi. Stresning yana bir salbiy tomoni miyani ma’nosiz fikrlaydigan darajaga tushirib qo‘yishi mumkin. Agar odam tez-tez tushkunlikni boshidan kechirsa, atrofdagilar bilan muloqotga kirisha olmay qoladi. Natijada inson o‘ziga past baho bera boshlaydi. Oqibatda o‘zini yolg‘iz, yaqinlariga keraksizdek his qiladi.

Stresga duchor bo‘lmaslik uchun sabr-qanoatli bo‘lish, mehnatni dam olish bilan uyg‘un olib borish, tinchlanish kerak. Har doim ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishga harakat qilish lozim. Chunki ko‘tarinki kayfiyat ko‘p kasalliklarni tanaga yo‘latmaydi. Odam o‘zida boriga rozi bo‘lsa, biror yutuqqa erishganiga, hech qursa tirik yurganiga shukur qilsa, hammasi ko‘ngildagiday bo‘ladi.

Sizga maslahatimiz, ko‘ngilsizliklarni yuragingizda saqlamang. Ruhiy zo‘riqishdan qutulishning o‘zingizga ma’qul yo‘lini topib, o‘zlashtirib oling. Qiyinchilikka uchragan paytda sabrli bo‘ling. Kutishni o‘rganing. Ruhiy-asabiy taranglikning eng yaxshi davosi tashvishlarni unutishdir. Muammolarga qo‘l siltab, ularni esdan chiqarib, ko‘ngilga xush yoqadigan biror ishga intilish – umidbaxsh va shifobaxsh usul. Ichki hissiyotlarni yuzaga chiqaring, g‘am-alamlaringizni to‘kib soling. Bunday paytda yig‘lash ham foydali bo‘lib, tananing tozalanishiga, ko‘ngildagi chigillarning yozilishiga yordam beradi. Ayni shu paytda ichingizdagi salbiy hissiyot, achinish hislari ko‘z yoshlari bilan chiqib ketadi.

O‘zingizga umuman bog‘liq bo‘lmagan narsalardan siqilmang. Faqat yaxshi xotiralarni yodga oling. Musiqa bemor ruhiga eng zarur ozuqa, malham bo‘la oladi. Shuning uchun sho‘x-shodon, ko‘ngilga yaqin taronalarni tinglang.

Biror ish qilishda shoshqaloqlik qilmang. Sizga o‘zi nima kerakligini anglab, shunga yarasha xotirjam harakat qilsangiz, hammasiga ulgurasiz, uddalaysiz. Jismoniy mashqlar asabiylik holatini tartibga keltiradi. Qiyinchilik sodir bo‘lganida uning sababini aniqlang. Shunga qarab reja tuzing. Ruhiy zo‘riqish paytida sayr qilish, tanishlar bilan suhbatlashish ham foydali.

Inson tug‘ilganidan to o‘lguniga qadar istaydimi-yo‘qmi, stress quchog‘ida yashaydi. Sizni buyuk kashfiyotlarga yo‘naltiradigan ham, to‘shakka mixlaydigan ham stresdir. Shunday ekan barcha noxushliklarni unutib, faqat yaxshi narsalar to‘g‘risida o‘ylash darkor.

Yana o‘qing:  Baqlajon qovurmasi

 

Abbos HUSANOV,

psixolog

Munira ATABEKOVA,

o‘qituvchi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: