Muhaddisning merosi

Tarixiy manbalar Keshda katta hadis maktabi bo‘lganini tasdiqlaydi. Xususan, Imom Keshiy, Imom Buxoriy va Imom Dorimiy Keshda bir muddat yashab, hamkorlikda faoliyat olib borgani va shu davrda turli manzillardan ilm talabida bo‘lganlar kelib, shu yerni manzil tutgani fikrimizni isbotlaydi. Imom Muslim ibn Hajjoj ham shu paytda Keshda yashab, mazkur muhaddislardan ta’lim olgani ma’lum.

Mazkur to‘rt mashhur muhaddis Keshda bir vaqtda jam bo‘lib, faoliyat yuritganining o‘ziyoq bu yerda ilm-fan, madaniyat nihoyatda rivojlangani, hadis, tafsir, fiqh va boshqa fanlardan mukammal ta’lim beradigan katta ilmiy maktab yaratilganidan dalolatdir. Mazkur muhaddislarning buyuk xizmatlari natijasida dunyo ahli bu vohaga yuksak baho berib, Keshni “Qubbatul ilm val-adab” (ilm va adab gumbazi) deb e’tirof etishgan. Bu ta’rifning aynan shu davrda berilganini “Zafarnoma” asari tasdiqlaydi.

VIII-X asrlarda Movarounnahrning Shosh, Kesh, Samarqand, Nasaf, Buxoro, Termiz va boshqa shaharlari ilm-ma’rifat markazlari bo‘lgan. Xususan, Abdulhamid Keshiyning o‘g‘li Muhammad ibn Abddan Husayn ibn Ismoil ushbu ma’lumotni eshitganini keltirib o‘tadi:

Qutayba ibn Sa’d: “Agar Termizga borsangiz Ahmad ibn al-Hasandan, Keshga borsangiz Abd ibn Humayd Keshiydan, Samarqandga borsangiz Abdulloh ibn Abdurahmondan va Shoshga borsangiz Abdulloh ibn Abu Arobadan hadis o‘rganingizlar”, dedilar.

Mazkur manbada nomi keltirilgan kishilarning barchasi yetuk muhaddislar silsilasiga oiddir. Bu qayd muhaddislarning hadis ilmida tengi yo‘q ekanini e’tirof etish bilan birga, aynan manbada zikr qilingan makonlar o‘sha davrdagi ilm-ma’rifat markaziga aylanganiga manbaviy asos bo‘ladi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, islom dinining asosiy manbalaridan sanalgan hadis ilmi va muhaddislar hayotini tarix va manbashunoslik nuqtai nazaridan chuqur o‘rganish muhim vazifalardan biridir. Shu ma’noda joriy yilning iyun oyida Shahrisabzda “Kesh – buyuk allomalar yurti” mavzusida o‘tkazilishi mo‘ljallangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani bu borada muhim qadam bo‘ladi, desak adashmaymiz.

 

Shukurillo UMAROV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori o‘rinbosari

Yana o‘qing:  HAYOT – HIKMAT, ILM – UMRIM MAZMUNI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: