Oilaviy ajrimlar: “raqam”larning izidan quvish emas, aniq ishlarni amalga oshirish lozim

Jamiyatda tarozini teng tutgan – doimo haq. Bu darajaga yetish uchun esa kishidan yillab mehnat va uyqusiz tunlar talab etiladi. Ana shunday fidoyi va o‘z kasbining ustasi Gulnora Rahmonova ham odillikni ajrim qiluvchi kasbni tanladi. Ko‘p yillar oilalarning baxtli bo‘lishida o‘zining mehnatini ayamagan, Fuqarolik ishlari sudida sudyalik qilgan Gulnora Rahmonova fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.

Bugun mahallalarda sayyor sud majlislari, targ‘ibotlar o‘tkazilyapti. Biroq, menimcha, ayrim fuqarolik ishlarini omma oldida muhokama qilish kerak emas. Chunki oilaning mahalla-ko‘y bilishi kerak bo‘lmagan sirlari ham bo‘ladi. Er-xotin muammosini mahallaga chiqarib, muhokama qilish emas, balki bosiqlik bilan o‘zaro hal qilinishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Mana bir misol, poytaxtda o‘qigan bir yigit sharoiti to‘g‘ri kelmagani uchun ayolini shaharga olib kelolmagan. O‘qishi tugagach, uyga qaytib borishini, ayolidan ozgina sabr qilib turishini so‘ragan. Ammo kelin ko‘nmagan va bu gapni mahallaga chiqargan. Kelin hatto, Xalq qabulxonasigacha murojaat qilgan. Bu voqeadan yigitning oriyati kelib, “Oilamning sirini butun ommaga oshkor qilgan ayol bilan yashamayman”, deb turib oladi. Shu sabab ayrim oilaviy masalalarni sudya yopiq tarzda o‘tkazishi lozim.

 

Sudya – tarozini teng ushlashi kerak

Chamasi, o‘n besh yillar oldin yosh oilaning ajrim ishini ko‘rganman. Ayol turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish uchun da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Sabab juda arzimas – erining ishdan kech kelishi, rashk va shunga o‘xshash mayda vajlar. Ularning ikki nafar yosh bolasi bor edi. Yarashish uchun esa uch oy muddat berildi. Ammo shu vaqtdan so‘ng ishni ancha chigallashgan holda ko‘rdim. Ayol ikki bolasi bilan ota uyida, yigit esa sha’riy nikoh bilan uylanib olgan ekan. Sudga yigitning sha’riy-noqonuniy ayoli ham kelgan, tashqarida kutib turardi. Da’vo arizasi bilan chiqqan ayol “ajratasiz”, deb turib oldi. Yigitni chaqirib “Nega yarashish o‘rniga noqonuniy uylandingiz?”, degan savolimga “Xotinim meni tushunmay ketib qoldi, noiloj, shu qizga uylandim”, degan javobni berdi. Qaynona-qaynota esa “Kelinimiz yaxshi, lekin o‘g‘lim bilan kelisholmasa biz nima ham qila olardik”, deya guvohlik berishdi. Ayolning onasi ajratmaslikni iltimos qildi. Otasi bo‘lsa “Siz sudyasiz, ajratish-ajratmaslik sizning ixtiyoringiz. Qaroringiz – qonun. Ammo men qizimni ajratib olmayman. Agar ajratsangiz ham men qizimni uyga kirgizmayman”, dedi va qudasiga qarata “Bolalarimiz baxtsiz bo‘lib, nevaralarimiz tirik yetimga aylanishyapti, siz jim o‘tiraverasizmi?”, deya tanbeh berdi. Kelin esa “Kundosh bilan bir uyda yashamayman, ajratasiz”, deya o‘z gapida turib oldi.

Yana o‘qing:  Ana, “olabo‘ji” kelyapti yoxud bolalar nega qo‘rqadi?

Bunday paytda har qanday odam qaror qabul qilishga ikkilanadi. O‘shanda ichki sezgimga tayanib, ularni ajratmadim. Taxminan bir yillar o‘tib, er-xotin qo‘lida chaqalog‘i bilan oldimga kelishdi. Bilishimcha, kelinni otasi ikki farzandi bilan kuyovnikiga olib borib qo‘ygan. U esa bir oy kundoshi bilan yashashga majbur bo‘lgan va farzandlarining haqqiga xiyonat qilishdek xatodan otasi asrab qolganini tushunib yetgan. Kundosh ham bu noto‘g‘ri nikoh ekanini anglab, o‘z oilasiga qaytgan. Qarangki, otaning zakovati oilalarni, farzandlarni asrab qoldi. Jamiyatimizda ana shunday otalar ko‘paysa, oilalar orasida ajrim bo‘lmasdi.

 

Targ‘ibot nomigagina o‘tkazilmasin

Mahallalarda fuqarolarning huquqiy ongini oshirish uchun targ‘ibotlar o‘tkazilishi kerak, albatta. Ularda ko‘proq fuqarolarning huquqiy ongini oshirish uchun imzolanayotgan qarorlar, farmonlar, farmoyishlar haqida, pensiya ta’minoti, qarz-oldi berdisi kabi masalalar xususida so‘z yuritilishi lozim. Faqat hujjatda “bajarildi” degan yozuv uchun ishlamasligi kerak. Afsuski, hozirda shunday holatlar uchramoqda. Axir, Prezidentimiz bugun “raqam”larning izidan quvish emas, aniq ishlarni amalga oshirish to‘g‘risida gapirayotganida, bunday vaziyatlar yuz berayotganligini qanday baholash mumkin, bilmadim.

 

Tarbiya – hayot-mamot masalasi

Donishmandlardan biri “Agar sen biror mamlakatni kuchsizlantirmoqchi bo‘lsang, unda o‘sha joy xotin-qizlarlarning tarbiyasini izdan chiqar. Agar mamlakatingni gullab-yashnatmoqchi bo‘lsang, unda ularni tarbiya qil”, degan ekan. Bu hikmatning mag‘zida katta ma’no bor. Chunki onalar kelajakni dunyoga keltiradi. Ular ma’naviyatli, bilimli, ziyrak, mehnatkash va sabrli bo‘lishsa, oiladagi muvozanat yo‘qolmaydi. Aytmoqchimizki, jamiyatimiz benuqson bo‘lishi uchun ayollarimizga ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor.

 

Go‘zal MATYOQUBOVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: