HAYOT – HIKMAT, ILM – UMRIM MAZMUNI

– DEYDI PROFESSOR DILOROM YORMATOVA

Biror yurtning ayolini bilmoqchi bo‘lsangiz, o‘chog‘idagi qo‘rini ko‘ring, – deydi xalqimiz. Chunki, ayolni avvalo oiladagi tutumi bilan baholashadi. Samarqandliklarda aziz mehmonning oyog‘i ostiga qo‘y so‘yib, qaynatma sho‘rva pishirish an’anasi bor. Yana shunisi e’tiborga molikki go‘shtning eng shirin joyini aziz mehmonga qo‘yishadi.

Professor Dilorom opa Yormatova ota-bobolarimiz urf-odatlariga monand yashayotgan ayollardan biri. Necha marta mehmondorchilikka chorlagan bo‘lsa, dasturxonida qishloqcha sho‘rva, laganlar to‘la go‘sht hamisha bo‘ladi. “Toshkentda tursak ham samarqandcha sho‘rva qildim. Totib ko‘ring” deya mulozamat qiladi. Ona qishlog‘iga borsa, Samarqand nonidan albatta do‘stlariga ilinadi. “Non yopganda buvilarim qishloqning keksalariga yoki o‘ziga biror hunarni o‘rgatgan ustozlariga olib chiqardi. Bu udum insonni qadrlash bilan birga go‘zal ezgu-tilaklarni ham o‘zida ifoda etadi. Issiq nondan berilgan sadaqa el-yurtga kelayotgan balo-qazoni qaytaradi, oilani ko‘zu suqdan asraydi” deya o‘ziga xos falsafa bilan mushohada qiladi va ajdodlarning urf-odatlariga sadoqat bilan yashaydi.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida yoshlarga “Ekologiya” fanidan saboq beradi. U qishloq xo‘jaligi sohasining fidoyisi. Yurtimizda soya, zaytun, bug‘doyning yangi navlarini yetishtirish borasida katta ishlarni amalga oshirgan olimaning respublikamizning barcha viloyatlarini, qishloqlarini, dalalarini piyoda kezgan, desak, xato bo‘lmaydi. O‘tgan yillar ichida yuzlab yoshlarni fan olamiga yetakladi, ularning ilmiy izlanishlariga ko‘maklashib, ustoz maqomiga erishdi. Biroq, u o‘zining ustozi oldida hamon shogird. Garchi, ustozi boqiy olamga ketgan bo‘lsa-da…

Ayollar davrasida ustozlar haqida gap ketdi. Ba’zilar aspirantlarning rahbarlari ko‘p narsalarni talab qilishi haqida gapirishdi. Dilorom opa eshitib turadi-da, “Guruchning ichida ham kurmagi” bor, barcha ustoz ham bir xil emas deya, o‘z ustozi haqida so‘zlab berdi: – Otam maktab partasidan oliygohga yo‘llagan ustozim bo‘lsa, ustozim qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Gorelov Yevgeniy Potapovich fan olamiga olib keldi. Nomzodlik ilmiy ishimizni boshlagan paytimizda bir sumka narsa ko‘tarib borganimni eslayman. Sumkani oldimda ochdi. Ichidan ikkitagina nonni oldi-da, boshqasini qaytarib berdi va shunday dedi: “Nondan ulug‘ narsa yo‘q, mayli uni olaman. Boshqasini olib ketib bolalaringga yedir. Bolalaring rizqini menga olib kelishing noto‘g‘ri. Ikkinchi marta buni takrorlama”.

Yana o‘qing:  DARDGA E’TIBORSIZ BO‘LMANG

U kishidan dala kezishni, dehqonlar bilan samimiy suhbatlashib, fanni amaliyot bilan bog‘lashni o‘rgandim. O‘zi rus millatiga mansub bo‘lsa-da, o‘zbek maktabida o‘qigan o‘zbekning do‘ppisini sevib kiyib yuradigan olim edi. Men ularning rahbarligida fan nomzodi unvonini oldim. Yana ularning maslahati, ko‘magi bilan fan doktori bo‘ldim. Biz ustoz bilan o‘tgan yillarda ota-boladek bo‘lib ketdik. U kishining so‘zlari, maslahatlari xalq hikmatlarini eslatardi. Ustozim hayotdan o‘tib ketgan bo‘lsa ham uning o‘gitlari hamon yo‘llarimni, yoritib turadi. Mana ulardan ba’zilari:

– Yon-atrofingdagi odamlardan yaxshi fazilatlarni izla! Afsuski, ularning yomon tomonlarini sendan boshqa aytuvchilar ham bor.

– Hayot juda qisqa ekanligini unutma. Uning omonatligini his qil. Toki uni senga omonatga bergan Olloh elchisini yuborganida o‘tgan umringdan afsuslanma.

– Hayotingda ilohiy deb hisoblagan va muqaddas sanagan narsalaring bo‘lsin. Yaqinlaringni ziyoratiga borishdan vaqtingni ayama.

Hozir Samarqandga borsam, ustoz qabrini tez-tez ziyorat qilaman. O‘tgan oylar ichidagi yangiliklarni aytaman. Xuddi tirikligida meni eshitayotgandek gapiraman. Ovoz chiqarib so‘zlaganimda u kishi meni avvalgidek eshitib, maslahat beradigandek tuyulaveradi. Aslida butun dardimni gapirib turib, shu yerda qat’iy xulosaga kelaman. Bu ustozning ruhiy madadimikan, yoki mening mulohazalarimmikan? Buni o‘zim ham bilmayman. Lekin, u yerdan dardlarim to‘kilib, maslahatlashayotgan mavzuda biror qarorga kelib, ruhim yengil tortib chiqishim aniq.

Ana shunday paytda ustozimning o‘giti yodimga keldi. Tez-tez o‘tganlarni ziyorat qilib turish kerak ekan. Shunda odam bu dunyo o‘tkinchiligini anglaydi. Oyog‘i ostiga qarab yurishga o‘rganadi.

Dilorom opa donishmandlarga monand falsafiy mushohada qiladi. Bu albatta, xalqimiz udumlariga ishonib, an’analarini ulug‘lab, ustozlarni e’zozlab yashab kelayotgan turmush tarzidandir.

Qut-barakali oila yetakchisi Dilorom opaning bir kelin-qizi, ikki kuyov-o‘g‘li bor. Nevaralarini sanashga qo‘rqadi.

Olimaning omadi va yutuqlari izlanishlarini pirovard natijada elga foydasi tegishini ko‘zlashidadir. Yana sog‘lom avlod tarbiyalashda xalqona udumlarni avaylab-asrab kelayotganligida deb hisoblaymiz. Dilorom opa yoshlarga o‘rgatadi: – Bodom kamyob, chunkni u juda foydali. U ozuqa bo‘lish bilan birga, shifobaxsh, har kuni 15 donadan yegan kishining ko‘rish quvvati oshadi, xotira yaxshilanadi. Ayniqsa, achchiq bodom yog‘i buyrak va qovuqdagi tiqilmalarni tozalaydi. Bodom mag‘zining qand bilan aralashtirilgani darmonsizlik, nafas siqishi, bosh aylanishi va yo‘talga davo sifatida ishlatiladi.

Yana o‘qing:  QANDAY MUTOLAA QILAMIZ

Dilorom opa yangi tug‘ilgan chaqaloq nevarasini, shogirdlarining farzandlarini qo‘lga olgandan keyin “Elga bug‘doydek baraka, soya va zaytundek meva bergaysan” deya alqab, tanglayini ko‘taradi. Chunki, bir umr zaytun va soya o‘simliklarini mahalliylashtirish va ulardan olinadigan shifobaxsh ne’matlar haqida izlandi “Zaytun tarkibida odam organizmi uchun zarur bo‘lgan 102 xil modda bor. Uning yog‘i me’da ichak kasalliklariga, yurak faoliyatini yaxshilashga, odam tanasidagi xolesterinni kamaytirishga yordam beradi. Uning bargi damlamasi bodomcha bezi, nafas yo‘llari kasalligiga foyda qiladi. Mevasi iste’mol qilinsa, turli xil shamollashlar hamda bod kasalligining oldini oladi, – deb tavsiya qiladi.

Umri davomida Dilorom opa o‘nlab, yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi. Biroq, ustozimdek yoshlarga ustozlik qila oldimmi deya o‘ziga savol beradi. Va ustozidek namunali hayot kechirishga intiladi. Qizi — Husnobod Xushvaqtova ham ona izidan borib, ilmu fanga mehr qo‘ydi. Bugungi kunda iqtisod fanlari nomzodi bo‘lib, Dilorom opa bilan yonma yon faoliyat yurityapti. Husnobod volidasini ham onam ham ustozim deb alqaydi. O‘z kasbi haqida to‘lib-toshib gapiradi. Men yosh olimaning so‘zlarini tinglar ekanman, ezgulik avvalo onalarning qalbida, vujudida kurtaklaydi. So‘ngra avlodlarga ko‘chadi, degim keladi.

Dilorom opa adabiyot sohasida ham qalam tebratadi. U “Aylanayin ishq” asarida ayol haqida shunday deydi: “Seni eng buyuk so‘z tuzuvchilar minglab yillar davomida tuproqqa tenglashtirib keldilar. Tuproq kabi xokisor deb ta’rif ayladilar. Ayol kel senday ulug‘ni, senday muhtaramani Quyoshga tenglashtiray. Sen borliq tabiatga jon ato etuvchi Quyoshning bir bo‘lagisan. Dunyoni abadiylik sari yetaklovchi, go‘zallashtiruvchi, ayol, ko‘zlaringdagi kulgu bilan yaxshiliklarga undaysan.

Bu satrlar olimaning o‘ziga ham tarifu tavsifdek. Uning fe’li tuproqdek xokisor, intilishlari, ezguliklari quyoshdek yuksak! O‘z ustozini yaxshiliklar bilan eslagan Dilorom opani ustozlar kuni bilan qutlaymiz.

Ra’no ZARIPOVA,

Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: