Oliy ta’limdagi o‘zgarishlar malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro talablarga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ta’lim tizimi sifatini yanada yaxshilash va malakali kadrlar tayyorlashda yangicha dastur va tajribalardan foydalanilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, bundan tashqari, xorijiy fuqarolarni suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflar ma’qullangani ajoyib yangilik bo‘ldi. Bu imkoniyat o‘qiyotganlar va ilmiy izlanuvchilar uchun vaqt nuqtai nazaridan bir pog‘ona oldinga siljish degani. Shuningdek, yurtimizda tahsil olishni xohlovchi fuqarolarga ham yanada qulaylik yaratilganidan dalolat.
Endilikda xorij tajribasini milliy ta’lim tizimiga keng jalb etgan holda har bir jarayonga yangicha yondashish an’anasi ham muhim masalaga aylanib bormoqda. Bu borada ta’limning barcha jabhalari qamrab olingan bo‘lib, jamoatchilik nazorati va xavfsizlik masalalari ham alohida e’tiborga olingan. Ayni shu masalada O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan ham salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, bunda prokuror nazorati tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, soha doirasida samarali faoliyat olib boradi.
Prokuror nazorati – bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida o‘rnatilgan tartibga rioya qilish, mamlakat hududida amaldagi qonunchilikka muvofiq qonunbuzarliklarni bartaraf etish, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish, prokuratura va uning qonunda belgilangan huquqiy ta’sir choralarini qonun bilan o‘rnatilgan tartibda bajarish vakolatini amalga oshirish uchun davlat hokimiyatining maxsus vakolatli organidir.
Zero, qonun ustuvor bo‘lgan joyda tinchlik hukumron bo‘ladi, tinchlik bor joyda xalq farovon yashaydi.
Elyorjon XO‘JAMOV,
mustaqil tadqiqotchi