Beg‘ubor chizgilarda aks etgan tinchlik
Yaqinda Fotosuratlar uyida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorlikda “Har bir bolaga mehr, e’tibor!” shiori ostida “Yer kurrasida tinchlik” an’anaviy rasmlar tanlovi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etib, 3 ta yosh kategoriyasi bo‘yicha 9 nafar g‘olib aniqlandi. Ishtirokchilar o‘z ijod namunalarida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi haqidagi tushuncha va tasavvurlarini o‘ziga xos tarzda tasvirlashdi.
Tadbir so‘nggida tashkilotchilar tomonidan barcha g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muhabbat RAJABOVA,
“Eng chiroyli tinchlik tasviri” nominatsiyasi g‘olibi:
– Bu tanlov men kabi yoshlarning tasavvur olamini yana bir karra boyitdi. Chizgan suratlarimda insoniyat uchun eng qimmatbaho narsa – millatlararo totuvlik, yer kurrasida tinchlik va oilalar quvonchi aks etgan. Tanlov sabab ko‘plab tengdoshlarim bilan fikr almashdim va o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerakligini angladim.
Shohimardon ShAMSHYeTOV,
“Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasi g‘olibi:
– Yer kurrasidagi barcha bolalar biz kabi tinch-osoyishta va baxtiyor yashashini xohlayman. Hech qachon hech kimni o‘z ota-onasidan judo qilmasin. Bu yerda barcha viloyatlardan kelgan yosh rassomlar va mashhur ustozlarimiz bilan miriqib suhbatlashdik. Kelajakda yetuk rassom bo‘lishni maqsad qilganman.
Sanixan UTEMURATOVA,
Nukus shahridagi 30-MTM tarbiyachisi:
– “Yer kurrasida tinchlik” rasmlar ko‘rik-tanlovi bolalarning ijod dunyosiga qadam qo‘yishlari uchun qaysidir ma’noda zamin yaratadi. Yosh iqtidor egalarining beg‘ubor chizgilarini kuzatar ekanmiz, ularning har biri alohida dunyo ekanligiga amin bo‘ldik.
Sulaymon HAYDAROV