Chet tilini o‘rganishga bo‘lgan yuksak e’tibor

xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda

Xalqimizda til bilgan – el biladi, degan naql bor. Haqiqatan ham, til bilgan kishi aslo kam bo‘lmaydi. U yurt kezadi, dunyoni taniydi, jahon xalqlari madaniyati, adabiyoti va yangiliklaridan tez va aniq xabardor bo‘ladi. Demak, farzandlarimizning xorijiy tillarni bilishini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol o‘zlashtirishi, zamonaviy kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bugun yoshlarimiz ana shunday ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Xususan, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yuz minglab o‘g‘il-qizlarimiz muayyan mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish bilan birga chet tillarini ham puxta o‘rganmoqdalar.

Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilimli, zukko yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ko‘lamda ilm olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishda dasturilamal bo‘lmoqda.

Ushbu Qaror mamlakatimizda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, xorijiy tillarni puxta biladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratmoqda.

Zero, bugun dunyoga yuz tutayotgan diyorimizning har bir farzandi yetuk salohiyat, yuksak bilim egasi bo‘lib tarbiyalanmog‘i davr talabidir.

O‘RGANISH, O‘QITISH, BAHOLASH

Bu yil nafaqat dars soatlari, balki o‘quv darsliklari ham ko‘paytirilmoqda. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshrilmoqda. Jumladan, «Chet tilini bilishning umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘qitish va baholash» (CEFR) talablariga tayangan holda chet tillari bo‘yicha yangi Davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi qarori bilan tasdiqlandi.

Mazkur qaror asosida chet tillarini 1-sinfdan boshlab bos­qichma-bosqich o‘qitish bo‘yicha yangi o‘quv reja ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 1-4-sinflarda haftasiga 2 soatdan chet tili fani kiritiladi. Davlat ta’lim standartlari asosida 1-9-sinflar uchun ingliz, nemis va fransuz tillaridan o‘quv dasturlari yaratildi hamda vazirlikning joriy yil 14 maydagi 163-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlandi.

Yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida 1-sinflar uchun ingliz tilidan («Kid's english»), nemis tilidan («Deutsch macht spab») va fransuz tilidan («Hirondelle») darslik majmualari yaratildi. Majmualar o‘quvchi kitobi, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma va multimediali ilovalar (DVD-disk)dan iborat.

Shuningdek, shu yili 15 apreldan, 15 mayga qadar 1-sinf uchun yaratilgan darslik majmualari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda belgilangan tayanch maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkazilib, takliflar hamda xalqaro ekspertlar fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilib nashr­ga tavsiya etildi.

Yana o‘qing:  Orasta qizlar – farishta qizlar

Chet tillaridan 1-sinflar uchun darsliklar majmualarini chop etish bo‘yicha nashr rejasi ishlab chiqildi. Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 4 iyuldagi farmoyishi asosida 1-sinfga keladigan o‘quvchilardan 497 ming 244 nafariga (94%) ingliz tili, 18 ming 757 nafariga (3,5%) nemis tili, 12 ming 971 nafariga (2,4%) fransuz tili darsligi chop etiladi. Farmoyishga muvofiq 2-4-sinflar va 5-9-sinflar uchun yaratiladigan adabiyotlar muddatlari belgilab olindi.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 maydagi qaroriga asosan «2013-2016 yillarda ta’lim muassasalarining chet tillari kabinetlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan jihozlashni (qo‘shimcha jihozlashni) jadallashtirish Dasturi» tasdiqlanib, tender savdolariga e’lonlar berildi. Mazkur dasturga asosan 2013 yilda 2457 ta boshlang‘ich sinflarni zamonaviy kompyuterlar, 17 ming 222 ta boshlang‘ich sinflarni DVD-magnitol to‘plami va o‘quv-ko‘rgazmali qurollari, shuningdek, 200 ta maktabni interfaol elektron doskasi bilan ta’minlash belgilangan. 2013-2016 yillarda 17 ming 222 ta boshlang‘ich (1-4-sinf) sinflar va 8 ming 735 ta yuqori (5-9-sinf) sinflar tegishli jihozlar bilan ta’minlanadi.

CHET TILI O‘QITUVCHILARIGA EHTIYOJ QANDAY?

Faoliyat qanchalik kengaysa, malakali kadrlarga shunchalik ehtiyoj ortaveradi. Shu ma’noda xalq ta’limi tizimida ham o‘quvchilarga chet tillarining chuqur o‘rgatilishi uchun ko‘pgina mahoratli, bilimli va tajribali pedagoglar kerak bo‘ladi. Bu borada tizimda muayyan ishlar bajarilayotganini alohida qayd etish lozim. Misol uchun, Britaniya Kengashi, Fransiya va Germaniya elchixonalari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda respublikaning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablaridan 160 nafar ingliz tili, 45 nafar nemis tili, 40 nafar fransuz tili trener-o‘qituvchilari saralab olindi hamda oliy ta’lim muassasalarida malakasi oshirilib, maxsus sertifikatlar berildi.

Hozirgacha ushbu trener-o‘qituvchilar yordamida hududiy malaka oshirish institutlarida chet tili o‘qituvchilari malaka oshirish kurslaridan o‘tkazilmoqda. Joriy yil aprel oyida 3 ming 188 nafar, may oyida 3 ming 940 nafar, iyun oyida 3 ming 637 nafar ingliz tili, iyun oyida 857 nafar nemis tili va 492 nafar fransuz tili o‘qituvchilari, iyul oyida esa 4 ming 251 nafar ingliz tili, 1 ming 251 nafar nemis tili va 824 nafar fransuz tili o‘qituvchilari malaka oshirish kurslaridan o‘tishdi.

2013-2014 o‘quv yilida chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj tahlil etilib, (3 ming 970 stavka) ehtiyojni amaldagi o‘qituvchilarning pedagogik yuklamalarini 1,5 stavkagacha oshirish, bosh­qa chet tili o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga kelishi hisobidan qoplash choralari ko‘rildi.

Vazirlikning 2013 yil 12 iyuldagi «Ingliz tili o‘qituvchisi mutaxassisligiga kasbiy qayta tayyorlash uchun da’vogar o‘qituvchilarni saralashni tashkil etish to‘g‘risida»gi 236-sonli buyrug‘iga ko‘ra, joriy yilning 17-20 iyul kunlari barcha hududlardan ingliz tili o‘qituvchiligiga qayta tayyorlash istagini bildirgan talabgorlardan A.Avloniy nomidagi xalq ta’lim xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish maslahat instituti tomonidan «Ingliz tili o‘qituvchisi» mutaxassisligiga kasbiy qayta tayyorlov kurs­lariga «ON-LINE» rejimida saralash testlari o‘tkazildi.

Yana o‘qing:  Xafaqon bilan og‘rigan bemor, ob-havo “injiqliklari”ga bee’tibor bo‘lmang!

Natijada, 241 nafar ingliz tilini yuqori darajada biladigan pedagoglar aniqlanib, saralab olindi. Saralangan 241 nafar o‘qituvchi ingliz tiliga qayta o‘qitilishi orqali tizimdagi ingliz tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojning ma’lum qismini qoplaydi. Shuning­dek, saralash testlaridan o‘tolmagan o‘qituvchilar bilan ham tayyorgarlik ishlari davom etadi.

Prezidentimizning joriy yil 11 iyundagi «2013-2014 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga qabuli to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda Davlat komissiyasiga uzoq tumanlar va qishloq aholi punktlarida chet tillar o‘qituvchilari ixtisosligi bo‘yicha yetishmaydigan kadrlarni tayyorlash uchun oliy ta’lim muassasalariga kvota doirasida maqsadli qabulni amalga oshirish vakolatini berish masalasi o‘z aksini topdi.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 9 apreldagi qarori bilan chet tili o‘qituvchilarining oylik tarif stavkalariga qishloq joylardagi ta’lim muassasalarida 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz miqdorida qo‘shimchalar to‘lashni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Davlatimiz rahbarining shu yil 23 maydagi «O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bazaviy ta’lim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilandi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan Xalq ta’limi vazirligining 2013 yil 27 maydagi 187-sonli buyrug‘i qabul qilinib, joylarga ijro uchun yuborildi. Mazkur buyruqning ijrosi yuzasidan barcha hududlarda qarorning mazmun-mohiyatini har bir ta’lim muassasalariga yetkazish bo‘yicha hududiy seminarlar tashkil etildi.

YANGI TELEKANALDA YANGI TELEDASTURLAR

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 30 maydagi qaroriga asosan «Yoshlar» teleradiokanalida «Bolajon» respublika bolalar raqamli telekanali tashkil etilgan edi. Aytish joizki, ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi va «Bolajon» telekanali o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Bolajonlarga mo‘ljallangan ushbu telekanalda ayni paytda yosh avlod kamoloti yo‘lidagi turli xil ezgu g‘oyalarni targ‘ib etuvchi, yoshlarni bilim o‘rganishga, ayniqsa, chet tiliga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadidagi yangi ko‘rsatuv va teledasturlar, multfilm va badiiy filmlar namoyish etilmoqda.

Jumladan, «Tabiatga sayohat», «Ingliz tili saboqlari», «Sirli o‘rmoncha», «Bravo english», «Katta tanaffus», «Quvnoq alifbo» «ABC-kids» kabi ko‘rsatuvlar bugun bolajonlarning sevimli dasturiga aylangan. Bundan tashqari ushbu telekanalda yosh o‘g‘il-qizlarning chet tili bo‘yicha bilimlarini boyi­tish maqsadida har kuni turli multfilm va badiiy filmlar berib borilmoqda.

Yana o‘qing:  Xushxabar, yangiliklar (2014/20)

OROMGOHLARDA CHET TILI TO‘GARAKLARI

Prezidentimizning «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida yosh o‘g‘il-qizlarning nafaqat ta’lim muassasalarida, balki yozgi dam olish oromgohlarida ham chet tili bo‘yicha bilimi va saviyasi boyi­tilmoqda.

Xususan, ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan 729 ta kunduzgi oromgohlarda chet tili bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 210 ta statsionar oromgohlarda chet tili to‘garaklarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasalaridan 212 nafar talabalar jalb etildi.

Bu yerda bolajonlar uchun turli ko‘ngilochar o‘yinlar orqali chet tili darslarini olib borishlari amalga oshirilmoqda. Haftasiga 2-3 martadan tashkil etilayotgan ushbu chet tili to‘garaklari o‘quvchilarning maktabda o‘rgangan saboqlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratmoqda.

HAMKORLIK ALOQALARI

Hamkorlikda hikmat ko‘p. Chunonchi, kishi hamkorlik aloqalari orqali bilmaganini o‘rganadi, bilganini o‘rgatadi. Xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi esa chet el tajribalarini o‘rganish va o‘zimizgi joriy etishda muhim ahamiyatga ega.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham tizimni yanada rivojlantirish maqsadida Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda eksperiment tariqasida A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilib, unga 123 nafar tinglovchi jalb etilgan.

Shuningdek, Toshkent shahridagi Vestminster xalqaro universiteti bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi 73-sonli maktabda va Xorazm viloyati, Urganch shahridagi 630 o‘ringa mo‘ljallangan yangidan qurilishi rejalashtirilayotgan maktab binosida ingliz tili chuqur o‘qitiladigan xal­qaro maktablarni tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ta’lim maskanlarining Londondagi Vestminster universiteti, Britaniya kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ta’sischilari bo‘ladi. Ta’lim O‘zbekiston Davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etilib, 1-4-sinflarda ta’lim ona tilida olib boriladi hamda ingliz tilini intensiv o‘rganishga qaratiladi, 5-9-sinflarda aniq fanlar hamda informatika ingliz tilida o‘qitilishi rejalashtirilmoqda.

XULOSA O‘RNIDA

Muxtasar qilib aytganda, ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarga chet tilini o‘rgatish va ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish yo‘lida bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bolalarimizning kelajagini o‘ylab ularning har tomonlama bilimli bo‘lishi, chet tillarini mukammal egallashi va jahonda o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli islohotlar, albatta, o‘zining yuksak natijasini bermasdan qolmaydi. Bu borada Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ta’kidlagan «Biz xalqimizning dunyo­da hech kimdan kam bo‘lmasligi, farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shub­hasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi» degan purma’no fikrlarini eslashning o‘zi kifoyadir.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: