Bolalar taqdiriga panja orasidan qarab bo‘lmaydi, ammo Oqqo‘rg‘ondagi maktab-internatida bunga yo‘l qo‘yildi
Ko‘ngli yarim, nogironligi bor shaxslarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda ana shunday insonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy xizmat va moddiy yordamni kengaytirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Afsuski, ba’zi hollarda bu ezgu sa’y-harakatlar o‘z nafsining quli bo‘lgan, bu yo‘lda hatto, imonini ham sotishga tayyor kimsalar tufayli o‘z manziliga yetib bormay qolmoqda. Bunday kimsalar ayniqsa, imkoniyati cheklangan, ko‘ngli yarim bolalarning rizqini qiyishdek, gunoh ishga qo‘l urayotgani ayanchlidir.
Yaqinda ana shunday kimsalarning bir guruhi ustidan Toshkent viloyat prokuraturasi jinoiy ish ochdi. Muxbirimiz Toshkent viloyati prokuraturasi xodimlari ko‘magida mazkur mavzuni yoritishga harakat qildi.
Prokuratura xodimlari tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyati o‘rganilganda bu yerda qo‘pol ravishda qonun buzilishi holatlari sodir etilgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, maktab-internat mutasaddilari uzoq yillar davomida ko‘zbo‘yamachilik qilib, ta’lim-tarbiya muassasasidagi haqiqiy ahvol haqida yuqori tashkilotlarga noto‘g‘ri ma’lumot berib kelgan.
Xususan, tekshirish vaqtida maktab-internatida sanitariya-gigiyena qoidalariga deyarli rioya qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Masalan, maktabgacha ta’lim guruhlari uchun alohida turar joy tashkil etilmagani, u yerda yashovchi bolalarga yuvinish uchun sharoit yaratilmagani, hattoki, ta’lim muassasasining 33 nafar xodimi tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan holda faoliyat ko‘rsatib kelgani muassasa rahbarlari mas’uliyatni mutlaqo unutib qo‘yganidan dalolat beradi.
Achinarlisi, ko‘p yillardan buyon maktab-internatning o‘quvchilar turar joyi binosida mavjud hojatxona nosoz holda bo‘lib, bolalar undan sanitariya-gigiyena talablariga zid ravishda foydalanib kelayotgani hamda zararsizlantiruvchi eritmalar ta’minoti yo‘qligi natijasida bir qancha tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalingani ma’lum bo‘ldi. Ustiga-ustak ushbu xastaliklarni erta aniqlash va uning oldini olish choralari ko‘rilmagan. Bundan tashqari muassasada ta’lim-tarbiya ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilishi oqibatida noma’lum shaxslar tomonidan muassasaning 16 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilari g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilingan.
Albatta, bu Toshkent viloyati prokuraturasi o‘rganishlari asosida ijtimoiy tarmoqlarga sizib chiqib, keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan axborotlardir.
Biz mazkur holatni batafsil o‘rganish maqsadida maktab-internatiga bordik. Muassasaga kirishda qo‘riqlash xizmati xodimining “jonkuyarligi” bizni hayratga soldi. “Nega kelding, maqsading nima?” kabi savollar berish o‘rniga salomimizga alik ham olmay, telefondan bosh ko‘tarmadi. Bolalar taqdiriga befarqlik, ishga mas’uliyatsizlik qabulxonaning o‘zidayoq namoyon bo‘ldi.
Biz borgan vaqt kun peshindan oqqan, bu paytda bolalar dam olishayotgan ekan. Shu sabab ular hordiq chiqarayotgan xonalarga kirishni rejalashtirdik. Bino ostonasidan hatlarkanmiz, noxush hid dimog‘imizga urildi. Ikki daqiqada nafas olish qiyinlashdi. Endi bu joyda yashayotganlarning ahvolini tasavvur qilavering.
Afsuski, muassasa rahbarini uchratishning imkoni bo‘lmadi. Shu sabab yotoqxona tarbiyachisi yordamida yon-atrofni ko‘zdan kechirarkanmiz bolalarning xonasiga kirib, u yerdagi sharoitni ko‘rib, yoqa ushladik. Sim karavotga yupqa ko‘rpacha to‘shalgan, eshiklar ta’mirtalab, kiyim javonlarining eshigi ham yo‘q. Deraza romlari o‘z xizmatini allaqachon o‘tab bo‘lgan, yana bir qishga dosh bermasligi aniq. Xona devorlari bir ahvolda. Ming afsuski, bunday xarobazorda ko‘ngli o‘ksik, e’tiborga muhtoj bolajonlar yashaydi!
Qishloqda yashovchilar bolalikdagi dala shiyponlarini eslasalar kerak. Bu yerda ham deyarli shunday manzaraning guvohi bo‘ldik. Tushlikka tutundan qoraygan cho‘yan qozonda ovqat pishirilayotganini ko‘rdik. Eng yomoni, bolalarning ovqatiga hasharotlar ham sherik bo‘ladi. Chunki oshpazlar sanitariya qoidalariga amal qilmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Qolaversa, ozuqa ham yetarli emas. Xarid qog‘ozida yozilgan mahsulotlarning ko‘pi amalda ko‘rinmaydi… Ular qayoqqa ketgan – bu yog‘i endi bizga ham qorong‘i. Norasidalarning rizqini kim “tuya” qilyapti? O‘zganing luqmasini bamaylixotir yeyish mumkinmi?..
Yuvinish xonasi va hojatxonani ham ko‘zdan kechirdik. Bu yerdagi holat ham o‘ta achinarli. Tarbiyachilar bilan suhbatlashganimizda ular oddiy xodim ekanini, rahbarlar ishiga aralashmasligini aytishdi. Nazarimizda, ular tozalik vositalari olib kelinsa foydalanishadi, o‘zlari so‘rab olishga esa jur’ati yetmaydi.
Ana endi masalaning ikkinchi tomoniga o‘tsak. Tartib-intizom yo‘qligi sabab 16 yoshli tarbiyalanuvchi I. Sokolov bir yarim oydan buyon darsga qatnashmagan, uning bedarakligi haqida hatto, huquqni muhofaza qilish organlariga ham xabar berilmagan. Tarbiyachilarning aytishicha, noma’lum kimsalar o‘spirin yigitlarni tez-tez qandaydir ishlarga jalb etib, muassasadan olib ketisharkan. O‘smir yoshidagi qizlar o‘rtasida axloqsizlik, homilador bo‘lib qolish holatlari ham aniqlangan. Bularning barchasiga rahbariyat negadir beparvolik bilan qaragani kishini taajjublantiradi. Qisqasini aytganda ta’lim muassasasidagi ahvol talabga javob bermaydi.
Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan maktab-internat mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud-tergov ishlari yakunlangach, sudning yakuniy xulosasi e’lon qilinadi. Shundan so‘ng, ko‘p narsaga oydinlik kiritiladi, albatta. Biz esa jarayonni kuzatamiz va mavzuga yana qaytamiz.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri
Toshkent viloyati prokuraturasi manbaalaridan foydalanildi.