Ezgulik ulashgan karvon Toshkentga qaytdi
Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoyalash fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartidir. Shu bois, yurtimizda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz keksalarga insonparvarlik, mehr-muruvvat yordamlarini ko‘rsatishga katta e’tibor qaratilayotir.
Joriy yilning 19-23 may kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan bu galgi “Salomatlik” poyezdi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining chekka qishloqlarida yashovchi aholiga muruvvat yordamlari va tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Xayriya aksiyasi davomida poytaxtdan kelgan tajribali shifokorlar va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hamkorligida chekka va tog‘li qishloqlarda yashayotgan ayollar, bolalar hamda keksa yoshdagi insonlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, jami 7 milliard 842 million 411 ming so‘mlik insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.
– Malakali shifokorlar tomonidan dastlab Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlarida yashovchi aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati filiali direktori Bo‘rixol Xo‘jamqulova. – Kasalligi aniqlangan bemorlarga maslahat va tavsiyalar berilib, ular shifoxonada davolanishga yo‘naltirildi. Ayrim bemor bolalar chet ellik mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazish va xorijda davolash uchun tegishli tartibda ro‘yxatga olindi.
Aksiya doirasida chekka hududlarda yashayotgan 3 ming 100ga yaqin ehtiyojmand, kam ta’minlangan oila farzandlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga dori-darmon, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachasi va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami yetkazildi. Shuningdek, shifokorlar va fond mutaxassislari keksalik va og‘ir xastalik tufayli tibbiy ko‘rikka kelolmagan bemorlar xonadonida bo‘lib, ularni ham tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi.
Sarvar IS’HOQOV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi matbuot kotibi