“Endilikda virusli xastaliklarga qarshi vaksinalar o‘zimizda ishlab chiqariladi”

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatda aholining epidemiologik xavfsizligini ta’minlash, grippga ommaviy chalinish holatlarining oldini olish, pandemik salohiyatga ega yangi yuqori patogen virusli infeksiyalarga qarshi kurashish ustuvor masala etib belgilangan. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan rejalashtirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida Respublika sanitariya va epidimiologiya markazining oliy toifali shifokori, epidimiolog Klara Rajapboyeva bilan suhbatlashdik.


– Sohadagi shart-sharoitlar va mavjud muammolar o‘rganilganda infeksiya yuqish xavfi yuqori bo‘lgan aholi toifasi haqida so‘z yurtilgan. Aytingchi, bunday toifaga kimlar kiritilgan?

 

6 yoshgacha va 65 yoshdan yuqori bo‘lgan odamlarda o‘tkir yuqumli kasalliklarga chalinish ko‘proq kuzatiladi. Sababi, ulg‘ayayotgan go‘dak organizmida immun tizimi endi rivojlanayotgani bois, u kuchli viruslarga qarshilik ko‘rsatolmaydi. Keksa yoshdagilarda esa immun tizimi pasayib ketishi oqibatida kurashuvchanlik kamayadi.

Ayrim odamlarda shunday “odat” bor-ki, o‘ziga o‘zi tabiblik qiladi. Kasallikdan holsizlanib, ahvoli tang bo‘lmaguncha shifokorga murojaat qilmaydi, o‘zi bilgancha dorilarni iste’mol qiladi. Bu esa kuchli virusga yana ham ozuqa beradi. Shuning uchun oilaviy poliklinikalarda aholining tibbiy bilimini oshirish uchun targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim. Agar bemorni so‘nggi daqiqalarda shifoxonaga olib kelib, kutilgan natijaga erishilmasa, darrov shifokorni aybdor qilishadi. Afsuski, ko‘pchilik grippning salbiy oqibati o‘limgacha olib borishini bilmaydi ham. Shuning uchun imkon qadar kuz oylarida aynan o‘tkir yuqumli kasalliklarga chalinish ehtimoli ko‘p bo‘lgan qatlam vakillari bilan emlash ishlarini olib boramiz. Bu muolajalar oilaviy poliklinikalarda davlat hisobidan amalga oshiriladi.

 

Barcha vaksinalar va virusga qarshi vositalar davlat byudjetidan olib kelinadimi?

 

Hammasi emas. Avvallari byudjet va byudjetdan tashqari ham vaksinalar olib kelinardi. Endilikda mazkur qarorda belgilanganidek, virusga qarshi vositalar o‘zimizda ishlab chiqariladi. Bu albatta sohada katta yutuq hisoblanadi. Xorijdan qimmat vositalar olib kelmasdan, aholining barcha qatlami uchun iqlimga moslashtirilgan vaksinalar o‘zimizda bo‘ladi.

 

Afsuski, homiladorlik davrida skrining tekshiruvi amalga oshirilishiga qaramay, yurtimizda nogiron bolalar tug‘ilishi tez-tez uchramoqda. Aytingchi, agar homilador ona gripp va boshqa yuqumli xastaliklar bilan og‘risa, bolada nogironlik yuzaga kelishi mumkinmi?

Yana o‘qing:  QISHLOG‘IMGA

 

Albatta, homilador ayoldagi gripp uning farzandiga ham o‘tadi. Bu esa homilaning rivojlanishida nuqsonlarni yuzaga keltiradi. “O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ham bu masalaga alohida urg‘u berilgan. Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga bu borada katta mas’uliyat yuklandi. Ayni paytda ular homiladorlarni gripp va o‘tkir yuqumli kasalliklarga qarshi emlash vaksinasini ishlab chiqishga kirishgan. Yaqin oylarda buning natijasini ko‘ramiz.

Bundan tashqari aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasida ham topshiriqlar belgilab berilgan. Undan keyin umumta’lim maktablarida ham sanitariya va epidemiologiya darslari olib boriladi. O‘sib kelayotgan yosh avlodga sohaga doir zarur tushunchalarni berib borish, kelgusida o‘zining ijobiy samarasini berishi aniq.

 

So‘nggi yillarda grippning turlari ko‘payib bormoqda. Bunga qanday tashqi omillar sabab bo‘layapti?

 

Gripp va yuqumli kasalliklarning shunday bir xususiyati borki, ular mutatsiya hosil qila oladi. Ya’ni, havoda tarqalgan parranda yoki boshqa turdagi gripp zarrachalari o‘zaro to‘qnashganda, ularning bir-biriga birikishi natijasida yangi gripp turi paydo bo‘ladi. Shu xususiyati bilan ham u xavfli hisoblanadi. Gripp va boshqa yuqumli kasalliklarni butunlay bartaraf etib bo‘lmaydi.

 

Parranda grippiga alohida to‘xtalib o‘tsangiz. So‘nggi yillarda ushbu virus dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng tarqaldi.

 

Parranda grippini tarqatuvchilar ko‘chmanchi qushlar hisoblanadi. Ularning issiq va sovuq o‘lkalarda joy almashtirib turuvchi turlari mavjud infeksiyani o‘ziga yuqtiradi va ko‘chish jarayonida to‘xtab o‘tgan hududlarida ham ushbu virusni tarqatishadi. Ma’lumotlarga qaraganda virus tashuvchi ko‘chmanchi qushlar bizning yurtimiz hududidan uchib o‘tishmas ekan. Shuning uchun ham biz parranda grippidan aziyat chekmaymiz. Uy parrandalarini yetishtirish fermalarida esa mazkur kasallikning oldini olish uchun doimiy ravishda veterinar nazorati olib boriladi.

 

Unday bo‘lsa, xorijdan kelayotgan sayyohlar ham xavfli kasalliklarni olib kelishi mumkinmi?

 

O‘rinli savol berdingiz. Biror yuqumli kasallik bilan xastalangan har qanday bemor albatta xavf tug‘diradi. Buning oldini olish uchun yurtimizda tegishli choralar ko‘rilgan.

Sayyohlarning ko‘p qismi havo yo‘llari xizmatidan foydalanadi. Samolyotdagi styuardessalar bilan maxsus darslar olib boriladi. Ular harakat vaqtida yo‘lovchilardan doimiy ravishda xabar olib turishadi. Sog‘ligida muammo bo‘layotgan yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishadi va aeroport xodimlariga bu borada xabar berishadi. Samolyot qo‘nishi bilan “Tez yordam” mashinasi bemorni tibbiy markazga olib boradi.

Bundan tashqari aeroportdagi o‘tish yo‘laklariga maxsus qurilmalar o‘rnatilgan. Ushbu moslamalar harorati ko‘tarilgan yo‘lovchini darhol aniqlab, xodimlarga xabar beradi. U yerda joylashgan tibbiyot xonasi shifokorlari mehmonni darhol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va kasalligiga qarab, bemor tegishli shifoxonaga yetkaziladi. Shu tariqa turli viruslarning tarqalish xavfi bartaraf etiladi. O‘zbekiston temir yo‘llari xizmatida ham xuddi shunday chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

 

Yana o‘qing:  KITOBLAR HAM YIG‘LAYDIMI?

Dildora MUROD qizi suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: