Chaqaloqlar nega qayt qiladi?
Uning sabablari ko‘p
Go‘daklarda yoki bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda tez-tez uchraydigan, onalarning xavotiriga sabab bo‘ladigan holatlardan biri bu – qusish. Ularda bu salbiy holatning sabablari juda ko‘p. Shulardan biri pilorospazmdir.
Pilorospazm – me’daning pilor (sfinkter), ya’ni me’dadan o‘n ikki barmoq ichakka o‘tish qismining spazmi (qisqarishi). Buning natijasida ovqatning o‘n ikki barmoq ichakka tushishi qiyinlashadi. Pilor me’daning eng tor qismida joylashgan mushakli “uzuk”, ya’ni me’da bilan o‘n ikki barmoq ichak o‘rtasidagi “darvozabon”dir. U tinmay bir me’yorda ishlab – qisqarib turadi. Ovqat me’daga tushganda, u siqiladi. Me’da devori mushaklarining qisqarishi ovqatni hazm tizimining keyingi qismiga – o‘n ikki barmoq ichakka surilishiga (o‘tishiga) imkon beradi. Agar “darvozabonning “ishi buzilsa, u tartibsiz qisqara boshlaydi. Natijada ovqatning o‘n ikki barmoq tomonga surilishi buziladi va me’dada ushlanib qolishi kuzatiladi. Chaqaloqlarda pilorospazmning aniq sababi noma’lum, ammo quyidagi salbiy omillar xastalikni keltirib chiqaradi:
Tug‘ma va genetik moyillik, markaziy asab tizimining to‘liq yetilmaganligi va tug‘uruqdagi jarohatlar va bu jarayonda gipoksiya (kislorod yetishmovchiligi), go‘dakning chala tug‘ilishi, gormonal o‘zgarishlar, tug‘uruqqacha hazm tizimi shakllanishining tugallanmaganligi hamda yana shu kabi salbiy holatlar.
Xastalikni qanday aniqlash mumkin?
Ko‘pincha xastalikning klinik belgilari chaqaloq tug‘ilgan zahoti aniqlanadi. Kamdan-kam hollarda bir necha oydan keyin ham aniqlanishi mumkin. Bunda onalar bolaning ko‘p qusishidan, qornining dam bo‘lishi, og‘rishi, ichining kam kelishidan xavotirga tushadilar.
Kasallikning asosiy belgilari:
Go‘dak har ovqatlangandan (emgandan) so‘ng uning ikki qoshiqdan ortiq miqdorda yoki favvoradek qusishi kuzatiladi. Chaqaloq vaznining oshmasligi hamda uyqusining buzilishi, tez-tez yig‘lab bezovtalanishi va bola rangining oqarishi ham xastalikka shubha uyg‘otadi. Bemor chaqaloqda peshob ajralishining kamayishi uning qornida og‘riq paydo bo‘lib, oqibatda dam bo‘lishi ham shifokorda ushbu dardga gumon uyg‘otadi.
Pilorospazm ko‘krak yoshidagi bolalarda ikki xil shaklda kechishi mumkin:
Xastalikning kompensatsiyalangan shakli – me’da pilorik qismining sfinkteri toraygan. Ammo kichraygan teshik orqali ovqat o‘n ikki barmoq ichakka tushadi.
Uning dekompensatsiyalangan shakli – pilorik mushaklar to‘liq yopilgan bo‘ladi. Ovqat o‘n ikki barmoq ichakka tushmaydi. Bunda turib qolgan ovqat hisobiga bijg‘ish jarayoni boshlanadi. Kasallikning ushbu shakli kompleks davolashni talab etadi.
Chaqaloqlarda qusishning tez-tez takrorlanishi besabab kuzatilmaydi. Shuning uchun bemor go‘dakni albatta shifokor ko‘rigidan o‘tkazish kerak. Shifokor qusishning sababini aniqlab, shunga yarasha zarur bo‘lgan muolajani qo‘llaydi. Qusish bolada boshqa jiddiy asoratlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Feruza GAFAROVA,
tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor