Islombek – qit’a chempioni

Ko'cha ko'yda yurganimizda odamlarning o'zaro suhbatida «Ha, bular mustaqillikning bolalarida, ular ko'p narsaga qodir», degan so'zlarni eshitib qolamiz.

Darhaqiqat, istiqlolimizning epkinidan bah­ramand bo'lib ulg'ayayotgan yoshlarimiz o'zlariga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib dunyoga yurtimiz nomini yanada mashhur bo'lishiga o'z hissalarini qo'shib kelmoqda. San'at va sport sohasida, umuman ko'plab soha­larda o'z iqtidorlarini namoyon etib, O'zbekiston kelajagi buyuk davlat ekanini butun dunyoga yana bir bor eslatib qo'yishmoqda.

Islombek Sindorov ham ana shunday yoshlarimizdan biri bo'lib, sport olamida kam uchraydigan g'alabani tarix sahifalariga muhrlab qo'ydi. U Eronda 18 yoshgacha bo'lgan o'g'il-qizlar o'rtasida o'tkazilgan shaxmat musobaqasida bir yo'la uchta oltin medalni qo'lga kiritdi.

Bunday yutuqqa har kimning ham havasi keladi. Zafarlar ortidagi mashg'ulotlarni onasi Hafizaxon shunday hikoya qiladi:

– O'g'illarim bolaligidan tug'ilgan kunlarni tezda eslab qolardi. To'rt yoshida karra jadvalini yod bilardi, – ona faxr bilan so'zida davom etdi. – Islombek Sergeli tumanidagi 305-maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalandi. Tarbiyachilari ham uning zehni o'tkirligini ko'p bora takrorlashgan. Akasi ikkisini shaxmat to'garagiga berdik.

– Islombek o'ziga xos iste'dodi bilan ajralib turadi, – deydi yosh chempionimizning shaxmat bo'yicha ustozi Sabohat Zayniddinova. – Birinchi o'yinini to'rt yarim yoshida o'ynadi, besh yoshida tuman bolalar bog'chalari o'rtasida o'tkazilgan musobaqada birinchi o'rinni oldi. O'tgan yili dekabrda Dehli shahrida bo'lib o'tgan maktab o'quvchilari o'rtasidagi musobaqada esa ikkinchi o'rinni oldi.

– Men Hindistonda Devshoxga yengilgandim. Ustozim bilan ko'p tayyorlandim, – deydi I.Sindorov. – Eronda u bilan uchrashaman deb o'ylagandim, musobaqada ishtirok etmadi.

Ha, Islombek qit'a birinchiligida uch yo'nalish – rapid va blits turnirlari hamda klassik shaxmat bo'yicha g'olib chiqib, uchta oltin medalni qo'lga kiritdi. U 21 partiya o'yin o'tkazib, yigirmatasida g'olib bo'ldi va o'ziga xos rekord natija o'rnatdi.

– Shaxmatning ushbu uch yo'nalishini tengdoshlaringizga qanday tushuntirib berasiz? – deya kichik chempionga yuzlandik. U o'yinlar vaqt bilan farqlanadi, dedi bolalarcha beg'uborlik bilan. Osiyo chempionatida Islombekning akasi 8 yoshli Javohir ham ishtirok etib, kumush medal bilan taqdirlandi.

– O'g'illarimning yutug'i quvonchim, – deydi chem­pion­larning otasi Sanjarbek. – Bu mam­lakatimizda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarning mevasi, albatta. Farzandlarim shu yurtga munosib bo'lib kamol topishi uchun hamisha izlanishda. Ularni ko'p kuzataman: Javohir har bir donani o'ylab, fikrlab o'ynaydi. Islombek esa o'ziga ishonch, hujumkorlik bilan dona suradi. Kichik o'g'lim Humoyun ham shaxmatga begona emas.

Яна ўқинг:  Обод диёрда қадримиз баланд

Ha, iste'dodli farzand ota-onaning, el-u yurtning faxri. Qit'aning yigirmaga yaqin davlatidan 270 nafar shaxmatchi qatnashgan chempionatda Islombekning o'yinlarini mutaxassislar yuqori baholashdi. Uning o'zi esa bu ishonchni oqlash uchun yana qizg'in mashg'ulotlarga kirishgan. Islombek dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo'lib o'tadigan jahon chempio­natiga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Umidli shaxmatchilardan yangi va betakror g'alabalarni kutib qolamiz.

Dilfuza SHOMALIKOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: