Urushdan kelgan ro‘mol
Shukronalar bo‘lsinki, istiqlol xalqimizga, avvalo, tinch va osuda yurt bag‘rida baxtiyor va farovon hayotga kechirishga imkon yaratdi. Albatta bu ulug‘ ne’mat o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilgani yo‘q. Bu muqaddas yo‘lda necha-necha millatparvar ota-bobolarimizning joni fido bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaga bu yil 73 yil to‘ldi. Afsuski, urushning achchiq asoratlari hali bitgani yo‘q. Chunki kimdir aka-ukasini, kimdir yorini, yana kimdir esa jondan aziz farzandini urush tufayli erta yo‘qotgan. Ular Vataniga sodiq, mard, jasur va dovyurak o‘g‘lonlar edi.
Buvimning ukasi Mardon Rahmatov bir xatida shunday yozgan ekan: “Opajon, men Volga daryosi bo‘yidan o‘tib boryapman. Daryo bo‘yida dahshatli jang bo‘lyapti. Shukurki, jangda bizlar g‘alabaga erishdik. Xudo xohlasa, dushmanni tor-mor etib, Vatanga yorug‘ yuz bilan qaytaman…”
Ushbu xat bilan birga, buvimga ukasi sochiq, ro‘mol, paypoq jo‘natgan ekan. U kishi bu sovg‘alarni yuzlariga surib, ukasini eslab yig‘lardi. Balkim kelib qolar deb, umrining oxiriga qadar ukasini sabr bilan kutdi. Lekin ular urushdan qaytmadi.
Yillar o‘tib, buvim Xotira maydoniga ziyoratga bordi. Motamsaro ona haykaliga gullar qo‘yib, urushda halok bo‘lganlar haqidagi xotira kitobida akasi va ukasining ismini ko‘rib, yig‘lab yubordi.
Bobom Abdurazzoq Salomov urushda mardlarcha jang qilib, fashist gazandalarini Berlingacha quvib borgan. Dushman bilan jangda boshidan og‘ir yaralanib, jarohat olgan. Shunday bo‘lsada, yurtiga g‘alaba bilan qaytib kelgan. Jasurligi, mardligi tufayli medallar bilan taqdirlangan. Vataniga qaytgach, besh yil umr ko‘rgan. Yurt ozodligi, tinchligi uchun jonini fido qilgan inson edi, ular.
Ikkinchi jahon urushi paytida front ortida Vatan tinchligi uchun kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilgan insonlar jasoratini ham alohida tilga olish zarur. Ular askarlarni zarur oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, kiyim-kechak bilan ta’minlab turgan. Aytmoqchimizki, qozonilgan g‘alaba xalqimiz uchun juda-juda qimmatga tushgan.
Shunday ekan bugungi tinch va osuda hayotimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab, uning qadriga yetishimiz lozim.
Manzura DAVRONOVA,
Navoiy viloyati