Hayoti filmlarida aks etgan rejissyor

Urush yillari. Taqdir taqozosi bilan yosh Shuhratning oilasi Qo‘qondan Qashqadaryoning Muborak tumaniga ko‘chib keladi. Buni qarangki, bolakay 11 yoshida otasidan yetim qoladi. Shu kundan boshlab, u tirikchilik vajida podachilik qiladi, bozorda arava tortadi.

Kunlarning birida sovxozga frontdan bir eshelon yaradorlar keladi. Shuhrat ularga sut, qatiq tashiy boshlaydi. Bir kuni hamshira ayol uni to‘xtatib, yaradorlarning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida pyesa qo‘yilayotganini, erkaklar yo‘qligi sabab Shuhratdan yarador askar obrazini o‘ynab berishni iltimos qiladi. Bir necha kunlik tayyorgarlikdan so‘ng pyesa tomoshabinlarga namoyish etiladi. Shuhrat o‘z roliga shunchalik berilib ketadiki, yarador askarlardan biri alam ustida uning boshiga qo‘ltiq tayog‘i bilan tushiradi. Chunki hali sog‘ayib, uyga qaytish umidida yurgan askar uning ijrosidan qattiq iztirobga tushgan edi…

Ushbu voqea buyuk rejissyor Shuhrat Abbosov hayotidan bir parcha bo‘lib, bu keyinchalik uning mashhur “Katta urushdagi kichik odam” filmida o‘z ifodasini topgan. Qolaversa, rejissyor ushbu xotirani san’at yo‘lini tanlashiga turtki bo‘lgan voqea sifatida ham yodga oladi.

Moskvada o‘qib yurgan kezlari Shuhrat Abbosov amerikalik yozuvchi Uilyam Saroyanning asari asosida “Filippinlik va mast” nomli filmni suratga oladi. Ko‘p o‘tmay, Moskvaga tashrif buyurgan yozuvchi ushbu filmni tomosha qiladi va “Izvestiya” gazetasi orqali o‘sha vaqtda Toshkentda ishlab yurgan Shuhrat Abbosovga ochiq xat yo‘llaydi. Xatning mazmuni esa quyidagicha edi:

“Hurmatli janob Abbosov, siz bugun ushbu qisqa filmingiz bilan mening Gollivuddagi do‘stlarimning so‘qir ko‘zlarini ochib berdingiz. Uilyam Saroyan asarlari kinomatografiyaga mos ekanligini isbotladingiz”.

Mana shu jumlalardan Shuhrat Abbosov ijodining ilk yillaridayoq, omma e’tiboriga tushganini anglash mumkin.

Shuningdek, taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov ham “Turkiston xalqlarining madaniy tarixida muhim o‘rin tutgan kino san’ati XX asrning ikkinchi yarmidagina to‘la shakllanib ulgurdi. Lekin shunga qaramay, bizda jahon kinosi darajasidagi klassiklar paydo bo‘ldi. Buning yorqin misoli sifatida o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosovni tilga olish mumkin”, – deya rejissyorning ijodini e’tirof etgan.

– Otam rahmatli o‘z kasbini jonu dilidan sevardi, – deydi uning o‘g‘li, rejissyor Nozim Abbosov. – Bir gapni doim shogirdlariga uqtirib kelgan: “rejissyorlikka o‘qitib bo‘lmaydi. Qachonki insonning o‘zi uqqan bo‘lsa, shunda undan rejissyor chiqishi mumkin. Rejissyor ijodni, ijod jarayonini sevishi kerak. Barcha qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, o‘sha jarayonga kirib kelishi kerak. Vijdonini, butun vujudini mana shu jarayonga bag‘ishlashi lozim. Yana kino san’atiga moddiy manfaatni aralashtirib bo‘lmaydi. Bunday holda u ishlagan film ko‘ngildagidek chiqmaydi”. Bu o‘gitlarni ham farzand, ham shogird sifatida hech qachon unutmayman.

Yana o‘qing:  Bola nega duduqlanadi?

O‘zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni va “Shuhrat” medali sohibi Shuhrat Abbosov suratga olgan filmlarning ko‘pchiligi o‘zbek kino san’atining oltin xazinasidan munosib o‘rin oldi, milliy kino san’atimizni jahonga tanitdi. Uning filmlari, kino qahramonlari, ularning gap-so‘zlari ongu shuurimizga shu darajada singib ketganki, inson qaysi yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar bir ko‘rishdayoq, eshitgandayoq xotirasida muhrlanadi.

Biz bugun Shuhrat Abbosovning hayot yo‘liga, ijodiga biroz bo‘lsada to‘xtalib o‘tdik, xolos.

Rejissyorning oxirati obod bo‘lsin!

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: